09:58 / 04.05.2022
17735

Yevropa ittifoqi Rossiya gazini Afrika gazi bilan almashtirmoqchi

Yevropa ittifoqi davlatlari Rossiya gazi o‘rniga Afrika davlatlaridan suyultirilgan gaz olish va ular bilan hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, AQShdan ta’minot hajmini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda.

Foto: AP

Yevropa ittifoqi Rossiya yonilg‘isini almashtirish uchun Afrika davlatlaridan suyultirilgan gaz yetkazib berish hajmini oshirish imkoniyatlarini qidirmoqda, deb xabar berdi Bloomberg 3 may, seshanba kuni hujjat loyihasiga tayanib. 

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning o‘zida Yevropa ittifoqi Ukrainadagi urush va Rossiya Yevropa ittifoqi bilan shartnomalarga bir tomonlama o‘zgartirishlar kiritishga urinayotgani sababli, Rossiyadan mahsulot ta’minotiga qaramligini kamida uchdan ikkiga qisqartirmoqchi.

Muqobil yonilg‘i import qiluvchilar qatoriga Nigeriya, Senegal va Angola kiradi, ularda «suyultirilgan tabiiy gaz sohasida foydalanilmagan katta salohiyat» mavjud. Yevropa ittifoqi ushbu davlatlar bilan yonilg‘i yetkazib berish sohasida hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda, bu boradagi kelishuv may oyi oxirigacha imzolanishi mumkin. Bu Yevropa ittifoqi kengashining mamlakatlar Rossiya gazi uchun to‘lovni rublda amalga oshirishdan bosh tortganini tasdiqlagan favqulodda yig‘ilishidan keyin ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, Yevropa ittifoqi Misr va Isroil bilan Ozarboyjondan gaz yetkazib beriluvchi «Janubiy gaz yo‘lagi»ning quvvatini ikki barobarga oshirish, yiliga 20 milliard kubometrga yetkazish bo‘yicha memorandum imzolashni rejalashtirmoqda. 

Bloomberg’ning yozishicha, hujjat loyihasi suyultirilgan gaz yetkazib berish hajmini yiliga 50 milliard kub metrgacha oshirishni va Rossiyadan tashqaridagi yetkazib beruvchilardan an’anaviy usullar bilan gaz yetkazib berishni yiliga 10 milliard kub metrga yetkazishni nazarda tutadi. 

AQSh bu borada yordam berishi kerak - kelishuvga ko‘ra Qo‘shma Shtatlar 2022 yilda 15 milliard kub metrgacha suyultirilgan gaz yetkazib berishi, undan keyin YeIga har yili 50 milliard kub metr gaz import qilishi mumkin.

Rossiya gaz uchun to‘lovni rublda talab qilganidan keyin YeIda Rossiyadan yonilg‘i qabul qilib olishni qisqartirish zarurati tobora ko‘proq muhokama qilinmoqda – Yevropa ittifoqining deyarli barcha davlati shartlarning bunday bir tomonlama o‘zgarishini nomaqbul deb hisoblagan. Bundan tashqari, aprel oyi oxirida «Gazprom» Bolgariya va Polshaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi, ushbu mamlakatlar yonilg‘i uchun to‘lovni oldindan yevroda to‘lagan edi.

Top