09:43 / 05.05.2022
10113
Anvar Asomov qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbariyatida o‘zgarish yuz berdi. Bu haqda “Nigoh” kanali xabar qilmoqda.

Foto:t.me/nigoh

Anvar Asomov qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari – Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod etildi.

Qayd etilishicha, Anvar Asomov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan vazir o‘rinbosarligidan ketgan. Biroq uning yangi ish joyi haqida ma’lumot berilmagan.

Anvar Asomov 1976 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, Toshkent davlat sharqshunoslik institutini xalqaro iqtisodiy munosabatlar mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

U o‘z ish faoliyatida Iqtisodiyot vazirligi ta’limni rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi, Bojxona qo‘mitasi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Valuta nazorati bo‘limi boshlig‘i, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lgan.

2019-2020 yillarda Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan, 2020-2021 yillarda investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari bo‘lgan. 2021 yilning aprel oyida qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari etib tayinlangan. 

Ma’lumot uchun, qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayevning hozirgi vaqtga qadar olti nafar o‘rinbosari bor edi. 

Ular:

  • vazir birinchi o‘rinbosari - Shuhrat Teshayev;
  • vazir o‘rinbosari - Anvar Asomov;
  • vazir o‘rinbosari – Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktori - Alisher To‘rayev;
  • vazir o‘rinbosari - Maqsud Ro‘zmetov;
  • vazir o‘rinbosari - Shuhrat Mirzayev;
  • vazir o‘rinbosari - Qahramon Yo‘ldoshev.
Top