14:19 / 11.05.2022
4925
“Bolam o‘z dardi ulkanligini bilmaydi” – xasta farzandi uchun orzularidan kechgan ona iztirobi

Farzandi uchun umrini, hayotini bag‘ishlash o‘zbek ayoliga xos. Muhabbat ham o‘z ilmi, qobiliyati bilan jamiyatda o‘rnini topayotgan edi. Ammo uning hayoti birdaniga o‘zgarib ketdi. Baxtli hayot orzusida turmush qurib birinchi farzandini dunyoga keltirish arafasida yurgan pallalarda birinchi farzandi Azizbek muddatidan ilgari tug‘ildi.

“O‘g‘lim muddatidan avval dunyoga keldi: 1,5 kg vazn bilan. Hali chillasi chiqmay turib qovug‘ida churra paydo bo‘ldi. Tekshiruvlarda shifokorlar qovuqda nimadir borligini aytishdi. Shundan so‘ng qovuqning yarmi olib tashlanib plastik qilindi. Chap buyrak siydik nayi olib tashlanib, boshqatdan ulandi. Bolam bir-biridan murakkab bo‘lgan beshta operatsiyani boshidan o‘tkazdi. Ahvoli shu darajaga bordiki, har qanday holat bo‘lishi mumkinligiga tayyor turishimizni aytishdi”, — deydi bemor bolakayning onasi.

Operatsiyalardan birida Azizbekning bitta buyragi olingan: hozir u bir buyrak bilan yashaydi. Kichkina jussasida bir nechta dardni ko‘tarib yurgan bemor bolakay ayni kunda Hindistonda murakkab operatsiya uchun tayyorlanmoqda.

Azizbek kichik hojatga chiqishda qiynaladi. Onasining aytishicha, bu vaqtda unda kuchli og‘riqlar bo‘ladi. 7 yoshga kirayotgan bo‘lsa-da, siydik tutishda muammolar borligi sabab haligacha bolalar tagligidan (pampers) foydalanadi: “Bolam hali yosh, shuning uchun hali dardining bunchalik jiddiy ekanligini tushunmaydi. Shuning o‘zi menga bir baxt. Aqlini tanib, yomon dardga chalinganini tushunib qolguncha davolatishga harakat qilyapman.

O‘g‘lim maktab yoshiga yetdi. Maktabga pampers bilan chiqmasligi uchun operatsiya qilinishi kerak. Bu murakkab operatsiya esa xorijda qilinadi”.

Muhabbat Azizbekning parvarishi sabab biror joyda ishlash imkoniga ega emas. Turmush o‘rtog‘i esa yillar davomida Rossiyada ishlab o‘g‘li davolanishi uchun mablag‘ to‘playdi.

Hayotini farzandiga baxshida qilib o‘z orzularidan voz kechgan ona, yillar davomida xasta o‘g‘li uchun xorijda ter to‘kayotgan ota yurtdoshlarining qo‘llovidan umidvor.

Azizbek Axunovga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0602 5128 2795 onasi Muhabbat Axunova nomida

Sberbank: 5336 6902 9593 9179 onasi Muhabbat Axunova nomida

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top