10:31 / 14.05.2022
5925
Samarqandda kasb-hunarga o‘qitish markazi bo‘lim boshlig‘i pora bilan ushlandi

U fuqarolarga pora evaziga kasb-hunarga o‘qitish markazi sertifikatini tayyorlab bermoqchi bo‘lgan.

Foto: IIB axborot xizmati

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, viloyat huquqni himoya qiluvchi organlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida o‘tkazilgan tadbirda viloyatdagi kasb-hunarga o‘qitish markazlaridan birining bo‘limi boshlig‘i jinoyat ustida qo‘lga olingan.

Kasb-hunarga o‘qitish markazi bo‘limi boshlig‘i, Past Darg‘om tumanida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan J.J. fuqarolarga ushbu markazda o‘qigani va malaka oshirgani to‘g‘risidagi sertifikatlarni rasmiylashtirib berishni va’da qilib, ulardan 5 million so‘mni pora tariqasida olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, Samarqand shahrida ro‘yxatda turuvchi, Turkiyaning Istanbul shahridagi kargo firmasi rahbari S.R. 2 ming dollar evaziga Turkiyaga kirishga qo‘yilgan taqiqni yechib berib, u yerdagi mehmonxonalarning birida ishlash vizasini rasmiylashtirib berishni va’da qilib, fuqarodan 700 dollar olayotganda ushlangan.

Qayd etilishicha, yuqorida keltirilgan holatlar bo‘yicha har ikkala shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top