06:51 / 15.06.2022
6350

«O‘zbekiston temir yo‘llari» Rossiya bilan tiklanayotgan poyezdlar harakati haqida rasman ma’lum qildi

Rossiya bilan yo‘lovchi poyezdlarning harakati qayta tiklanmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” xabar berdi.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, 2022 yil 23 iyundan boshlab 5/6-sonli «Toshkent – Samara – Toshkent» yo‘nalishida yo‘lovchi poyezdi harakatlanishi boshlanadi.

5/6-sonli «Toshkent – Samara – Toshkent» poyezdi haftaning payshanba kuni soat 19:05 da «Toshkent-Markaziy» temiryo‘l vokzalidan jo‘nab ketadi va shanba kuni soat 18:14 da Rossiyaning «Samara» temiryo‘l vokzaliga yetib boradi. 

Shuningdek, Samaradan yakshanba kuni soat 16:11 da jo‘nab ketib, «Toshkent-Markaziy» vokzaliga seshanba kuni soat 16:56 da yetib keladi.

Ma’lumot uchun, Toshkentdan Samaragacha temiryo‘l orqali bo‘lgan masofa 2271 kilometrni tashkil etadi. Poyezd 48 soat davomida harakatlanadi. 5/6-sonli «Toshkent – Samara – Toshkent» yo‘nalishida yo‘lovchi poyezdi 11 ta vagondan iborat: 3 kupe, 7 platskart va vagon-restoran.

Chipta narxi to‘g‘risidagi ma’lumotni, sotuv muddatiga qarab chegirmalarni hisobga olgan holda, www.chipta.railway.uz, www.e-ticket.railway.uz saytlari orqali bilib olish mumkin.

Top