12:50 / 21.06.2022
7657

O‘zbekiston-Ozarboyjon biznes-forumida 500 mln dollarlik bitimlar imzolandi

Toshkentda Ozarboyjon prezidentining O‘zbekistonga tashrifi arafasida Investitsiyalar vazirligi va Savdo-sanoat palatasi tomonidan Ozarboyjon Iqtisodiyot vazirligi hamda Eksport va investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi bilan hamkorlikda tashkil qilingan O‘zbekiston-Ozarboyjon biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, tadbirda vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari hamda O‘zbekiston va Ozarboyjon yirik kompaniyalarining 100 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni ochar ekan, delegatsiyalar rahbarlari ikki mamlakat hududlari orqali o‘zaro va tranzit yuk tashishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar joriy qilinishini bildirdi. Bu, o‘z navbatida, transport va logistika sohasida O‘zbekiston-Ozarboyjon hamkorligini chuqurlashtiradi.

Tadbir dasturi doirasida “B2B” va “G2B” tarzida ham panel munozaralari bo‘lib o‘tdi, unda o‘zbek va ozarboyjon biznes vakillari aniq loyiha takliflari asosida biznes hamkorlik istiqbollarini batafsil muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Forum yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 500 mln dollardan ortiq qo‘shma loyihalar va savdo shartnomalarini amalga oshirish bo‘yicha qator bitim, ikki mamlakat tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasida amaliy hamkorlik to‘g‘risida 10 ta kelishuv imzolandi.

Top