23:01 / 06.07.2022
34444
“Tolibon” harakati Termizga raketa uchirganlarni qidirayotgani ma’lum qilindi

Raketa hujumini uyushtirganlar O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida ishonchsizlik muhitini yaratishni maqsad qilgani aytilmoqda.

Foto: Internetda tarqalgan videolardan kadrlar

Afg‘oniston muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihullo Mujohidning ma’lum qilishicha, Termizga Afg‘oniston hududidan raketa hujumini uyushtirganlar do‘st O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida ishonchsizlik muhitini yaratishni maqsad qilishgan. Bu haqda Telegramdagi hukumatga yaqin “Nigoh” kanali xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, “Tolibon” harakati raketa hujumi ortida turganlarni hibsga olish va jazolash uchun qidirmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatiga snaryadlar uchirilishida foydalanilgan qo‘lbola baravar o‘t ochish reaktiv tizimi surati tarqalgan.

Eslatib o‘tamiz, 5 iyul kuni Afg‘oniston hududidan Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi «Majnuntol» mahallasida joylashgan xonadonlarga beshta reaktiv snaryadlar kelib tushgan, portlashlar yuz bermaganligi sababli insonlar nobud bo‘lmagan va vayronagarchiliklar yuz bermagandi

Hujum oqibatida 4 ta uy-joyga uncha yirik bo‘lmagan ziyon yetgan, beshinchi snaryad esa futbol maydonidan topilgan. Aniqlangan snaryadlar sapyorlik bo‘linmalari tomonidan zararsizlantirilgan.

TIV xabarida Hozirda O‘zbekistonning vakolatli organlari Afg‘oniston tomoni bilan birgalikda ushbu hodisa sabablarini aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirayotgani ma’lum qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyining ikkinchi yarmida Afg‘oniston shimolidan turib O‘zbekistonning Termiz shahri atrofidagi hududlarga snaryadlar uchirilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Top