20:03 / 07.07.2022
8683

Vengriya tashqi ishlar vaziri mamlakatdagi gazdan faqat Vengriya foydalanishini aytdi

Avvalroq Yevropa xalq partiyasi raisi Manfred Veber Rossiyadan olinadigan gazni Yevroittifoq a’zolari o‘rtasida teng taqsimlashni taklif qilgandi. 

Foto: DPA

Vengriya fuqarolarining pullariga sotib olingan gazdan faqat Vengriya foydalanadi, dedi mamlakat tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto. 

Siyyarto Yevroparlamentdagi Yevropa xalq partiyasi raisi Manfred Veberning gazni Yevroittifoq a’zolari o‘rtasida teng taqsimlash to‘g‘risidagi taklifini kommunizmga qiyosladi.

«Vengriya gaz omborlari Vengriyaning mulki bo‘lib qoladi. Vengriyalik soliq to‘lovchilarning pullariga sotib olingan va mamlakat gaz omborlarida saqlanayotgan gazdan faqat Vengriyada foydalaniladi. Veberning taklifi bizga kommunizmni eslatyapti»,— dedi u. 

Avvalroq Veber YeIning navbatdagi sammitida Rossiyadan gaz yetkazilishini muhokama qilish va gazni Yevroittifoq a’zolari o‘rtasida teng taqsimlashni taklif qilgandi. 

6 iyul kuni Peter Siyyarto Vengriya yaqin bir necha yil davomida Rossiya nefti va gazidan voz kecha olmasligini aytdi.

 

Top