11:58 / 01.08.2022
2040
Bo‘stonliqdagi intizomiy buzilishlar bilan kurashish uchun telegram-bot ishga tushirildi

“Chorvoq” TRZ direksiyasi intizomiy buzilishlarni aniqlash va ularni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida telegram-bot ishga tushirdi.

BostonliqLIVE_bot chiqindi uyumlari, daraxtlarni kesish va mumkin bo‘lmagan joyda olov yoqish kabi intizomiy buzilishlarni aniqlashga mo‘ljallangan.

Uchta tilda (o‘zbek, rus va ingliz) mavjud bo‘lgan botdan Bo‘stonliq tumanini rivojlantirish bo‘yicha takliflar berish va shikoyat yuborish uchun ham foydalanish mumkin.

Guvohlar tomonidan qoldirilgan arizalar bilan tegishli idoralar shug‘ullanadi: ekoprokuratura, IIV, ekologiya inspeksiyasi, turistik politsiya, O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi. Har bir hodisa tezkorlik bilan ko‘rib chiqiladi va hal qilinadi.

Bot orqali ariza qoldirish uchun intizomiy buzilish kategoriyasini tanlash, rasm va manzilni yuborish, vaziyatni qisqacha ta’riflash va qayta bog‘lanish uchun telefon raqamini yozib qoldirish kifoya. Aniqlangan holat yoki taklif bo‘yicha chora ko‘rilganidan keyin, ariza beruvchi bu haqida xabarnoma oladi.

“Turistik mavsum avjiga chiqqan vaqtda har qanday vaziyatga tayyor turish kerak. Umid qilamizki, bot biz tezkorlik bilan chora ko‘rishimiz mumkin bo‘lgan intizomiy buzilish holatlarini aniqlashga imkon beradi. Bizning maqsadimiz — chiqindi uyumlari yuzaga kelishi, daraxtlar kesilishi va boshqa muammolarning oldini olish uchun Bo‘stonliq tumani aholisi va mehmonlari bilan o‘zaro munosabatda bo‘lish. Ushbu botdan foydalanish oson va u bor-yo‘g‘i bir necha klikda ariza yuborish imkonini beradi”, — deydi “Chorvoq” TRZ direksiyasi rahbarining o‘rinbosari Suna Park.

Bot “Barqaror Bo‘stonliq” yo‘l xaritasini amalga oshirish doirasida ishga tushirildi.

Top