11:28 / 04.08.2022
12325

O‘zbekiston Tayvan bilan bog‘liq vaziyat tezroq bartaraf etilishiga umid bildirdi

O‘zbekiston tomoni «Yagona Xitoy» siyosatini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Tayvan atrofidagi vaziyatning rivojlanishi munosabati bilan yuzaga kelgan keskinlik tezroq bartaraf etilishiga umid bildirdi. Bu haqda Dunyo AAda tarqatilgan rasmiy bayonotda qayd etilgan.

«O‘zbekiston xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yor va tamoyillariga muvofiq, «yagona Xitoy» siyosatini, ushbu mamlakatning suverenitetini, hududiy yaxlitligini izchil qo‘llab-quvvatlaydi», deyiladi xabarda.

2 avgust kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Xitoy o‘z hududi deb hisoblaydigan Tayvanga rasmiy Pekinning ogohlantirishlariga qaramay tashrif buyurishi mintaqadagi vaziyatni keskinlashtirdi. Pelosi xonim bu tashrif Amerikaning Tayvan demokratiyasini «qo‘llab-quvvatlashda ikkilanmasligi»dan dalolat ekanini aytgan.

Xitoy bu tashrifni juda keskin qarshiladi. Xitoy tashqi ishlar vazirligi bayonotida Pelosining tashrifi Xitoy suverenitetini buzuvchi hamda Tayvan bo‘g‘ozidagi tinchlik va barqarorlikka xavf soluvchi, «yagona Xitoy» siyosatining «qo‘pol ravishda buzilishi» deb baholandi. Xitoy mudofaa vazirligi Tayvan atrofidagi olti hududda yirik harbiy mashg‘ulotlar boshlagan.

Mavzuga oid
Top