09:48 / 31.08.2022
15946

«Gazprom» «Shimoliy oqim» orqali gaz yetkazib berishni to‘xtatdi

«Gazprom» ogohlantirganidek, gaz ta’minotining to‘xtatilishi «Portovaya» KSdagi yagona ishlaydigan gaz beruvchi agregatga texnik xizmat ko‘rsatish munosabati bilan 31 avgustdan 2 sentabrgacha davom etadi.

Foto: Picture Alliance

«Shimoliy oqim» quvuri orqali Rossiyadan Germaniyaga gaz yetkazib berish 31 avgust, chorshanbaga o‘tar kechasi nol darajaga tushib ketdi. «Shimoliy oqim» orqali Rossiya gazini qabul qiluvchi Germaniyaning Nel va Opal gaz quvurlari operatorlari ma’lumotiga ko‘ra, Germaniya shimolidagi Grayfsvald shahridagi qabul punktida gaz oqimi birinchi holatda to‘liq to‘xtagan, ikkinchisida esa, Moskva vaqti bilan soat 3:00 atrofida (Toshkent vaqti bilan 5:00), bir necha baravar kamaygan. Nord Stream AG quvuri operatoriga ko‘ra, 31 avgust erta tongda ta’minot nolga tushadi.

Avvalroq, Rossiya davlat konserni «Gazprom» «Portovaya» kompression stansiyasidagi yagona ishlayotgan Trent 60 gaz berish agregati texnik xizmat ko‘rsatish va rejali profilaktika ishlari uchun 31 avgustdan 2 sentabrga qadar to‘xtatilishi haqida ogohlantirgan edi. «Gazprom»ning va’dalariga ko‘ra, Siemens mutaxassislari bilan birgalikda zarur ishlar olib boriladi va ta’mirdan so‘ng kuniga 33 million kubometr gaz yetkazib berish qayta tiklanadi, bu gaz quvuri o‘tkazish qobiliyatining taxminan 20 foizini tashkil qiladi.  

Ayni paytda, Rossiya Kanadada texnik xizmat ko‘rsatilgan va iyul oyi o‘rtalaridan beri Germaniyada bo‘lgan «Shimoliy oqim» uchun Siemens turbinasini Germaniyadan haligacha olmagan. Siemens Energy kompaniyasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Moskva hujjatlarga yopishib olishda va bema’ni talablarni qo‘yishda davom etmoqda. Uskuna Rossiyaga yuk avtomashinalarida olib o‘tilishi kerak, shuning uchun Germaniya daryolarida suvning hozirgi past darajasi, daryo transporti bilan jihozlarni yetkazib berishga to‘sqinlik qiladigan jihatlar hech qanday rol o‘ynamaydi, dedi nemis kompaniyasi vakili. 

Iyun oyida «Gazprom» «Shimoliy oqim» quvuri orqali gaz oqimini keskin kamaytirdi. Rossiya kompaniyasi buni Kanadadagi ta’mirdan so‘ng Siemens gaz turbinasi o‘z vaqtida qaytarilmagani bilan izohladi. 11 iyuldan 21 iyulgacha gaz quvurining ikkala tarmog‘i rejalashtirilgan ta’mirlash ishlari tufayli to‘xtatildi. «Shimoliy oqim» orqali iste’mol qilinadigan Rossiya gazining asosiy qismini oladigan Germaniyada yetkazib berish siyosiy sabablarga qisqargan deb hisoblanmoqda.

Top