09:16 / 09.09.2022
5733

O‘zbekistonda «Reklama to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi

O‘zbekistonda bugun, 9 sentabrdan "Reklama to‘g‘risida"gi qonun kuchga kirdi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Foto: rnbee

Qonunda asosiy tushunchalar qatoriga axloqsiz reklama, nomaqbul reklama, rag‘batlantiruvchi aksiya kabi yangi tushunchalar kiritildi.

O‘zbekistonda reklama davlat tilida tarqatilishi va reklama mazmuni boshqa tillardagi tarjimasi matni davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi kerak.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi reklama aylanishi sohasida vakolatli davlat organi hisoblanadi. 

Davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalari, bino va inshootlarga tashqi reklama va axborot obektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatishga bo‘lgan huquq yagona elektron savdo maydonchasi orqali ochiq elektron auksionlar asosida 5 yil muddatga beriladi. 

Quyidagilar taqiqlanadi:

  • ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish; 
  • ta’lim muassasalarida foydalaniladigan bosma nashrlar (darsliklar, kundaliklar, daftar va boshqalar)da tovarlarni reklama qilish;
  • narxlarni (tariflarni) chet el valutasida ko‘rsatish;
  • bolalarni ular sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda axborot mahsulotini yosh tasnifini ko‘rsatmasdan reklama qilish;
  • milliy va oilaviy an’analarga, axloq va ma’naviyat umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish;
  • energetik ichimliklar reklamasini soat 7:00 dan soat 22:00 gacha televideniye va radio orqali reklama qilish; 
  • tamaki mahsulotlarini hamda tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarini reklama qilish. 

Dori vositalarini reklama qilishda taniqli shaxslar, tibbiyot xodimlari yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlar tashqi ko‘rinishiga o‘xshash shaxslar ishtirok etishi taqiqlanadi. 

Top