Jahon | 13:01 / 12.03.2024
2902
3 daqiqa o‘qiladi

Putin «chet el agentlari» resurslarida reklamani taqiqladi

Prezident imzolagan qonun, shuningdek, OAV va internetda «chet el agentlari»ning o‘z resurslarini reklama qilishni ham taqiqlaydi. Davlat dumasi spikeri Volodin reklamani taqiqlash «chet el agentlari»ni reklama daromadi 80 foizidan mahrum qiladi, deb umid qilmoqda.

Foto: Yevgeniy Razumnyy / Vedomosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin RF fuqarolari va kompaniyalariga «chet el agentlari» resurslarida – ular veb-saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarida, bloglarida va boshqa platformalarida reklama joylashtirishni taqiqlovchi qonunni imzoladi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalarida va internetda «chet el agentlari»ning o‘z resurslarini reklama qilish taqiqlandi. Prezident imzolagan hujjat 11 mart, dushanba kuni normativ-huquqiy hujjatlar portaliga joylashtirildi.

Ilgari qonun Federatsiya kengashi va Davlat dumasi tomonidan bir ovozdan ma’qullangan. Rossiyaning «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunlarida fuqarolar uchun 50 ming rublgacha va yuridik shaxslar uchun 500 ming rublgacha jarima va jinoiy jazo - ikki yilgacha qamoq nazarda tutilgan.

«Chet el agentlari»da reklamani taqiqlovchi qonun

«Chet el agentlari»da reklamani taqiqlovchi qonun loyihasi 15 fevral kuni Davlat dumasiga kiritilgan bo‘lib, uni 395 deputat, jumladan, spiker Vyacheslav Volodin va fraksiya rahbarlari qo‘llab-quvvatlagan. Volodinning ta’kidlashicha, taqiq har qanday platformaga - ham veb-saytlarga, ham ijtimoiy tarmoqlarga taalluqli. Davlat dumasi xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Vasiliy Piskarevning ta’kidlashicha, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar reklama maqsadida «chet el agentlari» resurslariga giperhavolalar joylashtirishni taqiqlaydi. Shu bilan birga, ulardan hali ham kerakli belgilar ko‘rsatilgan holda iqtibos keltirilishi mumkin.

Vyacheslav Volodinning ta’kidlashicha, reklamani taqiqlash «chet el agentlari»ni reklama daromadi 50-80 foizidan mahrum qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap 5 milliard rubl haqida ketyapti. Uning ta’kidlashicha, qonun kuchga kirishidan oldin ham «o‘z samaradorligini ko‘rsatdi». «Ba’zilar allaqachon loyiha yopilganini e’lon qildi, boshqalari tahririyatlari xodimlarini qisqartirmoqda», deb tushuntirdi Volodin. Shuningdek, u mualliflik huquqi va turdosh huquqlar uchun «chet el agentlariga» pul to‘lashni taqiqlashni taklif qildi.

Davlat dumasi «chet el agentlari»da reklamani taqiqlashni ma’qullaganidan so‘ng, «Skaji Gordeyevoy» YouTube-kanali boshlovchisi Katerina Gordeyeva loyiha ishni to‘xtatganini e’lon qildi. Ko‘p o‘tmay Gordeyeva loyihani davom ettirish uchun mablag‘ to‘plashini bildirdi. Jurnalist Aleksey Pivovarov yangi qonun tufayli u «Redaksiya» loyihasi uchun mas’ul bo‘lgan jamoaning «katta qismi bilan xayrlashishga» majbur bo‘lganini e’lon qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid