18:36 / 09.09.2022
20617

Tojikistondagi muzliklar erib ketishining oldini olish mumkinligi ma’lum qilindi

Tojikistonlik professor Abdulhamid Qayumov suv havzalari va o‘rmonzorlar barpo etish orqali o‘rtacha haroratni 5 darajaga tushirishga muvaffaq bo‘lingan Vaxsh tajribasidan foydalanishni taklif qildi.

Tojikistondagi Fedchenko muzligi. Foto: loter.pl

Suv havzalarini barpo etish va daraxtlar o‘tqazish global isish jarayonining Pomir tog‘laridagi muzliklarga ta’sirini bartaraf etishi mumkin, deya Tojikiston fanlar akademiyasining muzliklarni o‘rganish markazi direktori, professor Abdulhamid Qayumovning so‘zlarini keltirmoqda sputnik.tj.

Tojikistonlik olim o‘rtacha haroratni Tselsiy shkalasi bo‘yicha 5 darajaga kamaytirishga muvaffaq bo‘lingan Vaxsh tumani tajribasiga e’tibor qaratishni so‘ragan.

Vaxsh daryosi vodiysi. Foto: userapi.com

«Suv ombori barpo etilayotganda 80–100 km radiusda havo harorati salqinlashadi. Masalan, Vaxsh tumani ilgari cho‘llardagidek issiq havoli hudud edi. Sovet davrida u yerlar o‘zlashtirila boshlandi, sug‘orish ishlari olib borilgach, harorat 3–5 darajaga tushdi», — degan Qayumov «Sadoi Mardum» nashriga bergan intervyusida.

Olimning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda bunday ishlar bilan ikki davlat — Italiya va Tojikiston shug‘ullanmoqda va o‘rmonzorlar barpo etib, daraxtlar o‘tqazish borasida respublikada olib borilayotgan siyosat ham shu maqsadga erishishga qaratilgan.

Pomirdagi muzliklar. Foto: id.page

Tojikistonlik professor sug‘oriladigan maydonlarni kengaytirish ham haroratni tushirishning bir usuli deb hisoblaydi.

Qanday muzliklar ko‘proq xavf soladi degan savolga professor Qayumov yuzasi bir kvadrat kilometrdan kichik bo‘lganlari global isish jarayoni oldida ojiz ekanini ta’kidlagan.

«Bunday muzliklar soni umumiy hisobda 80 foizni tashkil etadi, lekin hajm borasida 15 foiz ulushga ega. Ulardan suv manbasi bo‘lgan buloqlar, daryolar to‘yinadi. Tabiiyki, ularning yo‘q bo‘lib ketish xavfi juda yuqori», — deya xavotirini bildirgan professor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Sharqiy Pomir muzliklari Zarafshon va Varzob daryolarining yuqori oqimlariga nisbatan global isish jarayoniga ko‘proq chidamli. Sharqiy Pomirda qishda yog‘adigan qor qalinligi 1,5–2 metrga, ayrim joylarda 3 metrga yetsa, G‘arbiy Pomirda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 15–20 santimetrni tashkil etmoqda.

 Varzob daryosining yuqori oqimi. Foto: oir.mobi

Tojikistondagi muzliklarning erib bitishi butun mintaqaga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazishi mumkin. Chunki ushbu muzliklar Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy suv manbalaridan biri hisoblanadi.

Top