08:36 / 05.10.2022
3589

Ilon Mask Twitter'ni sotib olish rejasiga qaytdi

AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi Mask advokatining Twitter rahbariyatiga kompaniyani har bir aksiya uchun 54,20 dollardan sotib olish niyatida ekani haqida yuborgan xatini e’lon qildi.

Foto: Getty Images

Amerikalik milliarder Ilon Mask shu nomdagi ijtimoiy tarmoqqa egalik qiluvchi Twitter'ni 2022 yil aprelida kelishilgan shartlar asosida sotib olmoqchi. Bu 4 oktyabr, seshanba kuni AQShda birjalar va qimmatli qog‘ozlar savdosini nazorat qiluvchi AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) tomonidan chop etilgan tadbirkor advokatining Twitter rahbariyatiga yo‘llagan maktubida aytilgan.

Tesla va SpaceX asoschisi u va Twitter rahbariyati o‘rtasidagi huquqiy kelishmovchilikni tugatishni kelishuv sharti, deb atagan. Delaver shtati sudi Twitter'ning Maskka qarshi da’vosi bo‘yicha ishni ko‘rib chiqish jarayonini 17 oktyabrga belgiladi.

Twitter maktub olinganini tasdiqladi va «kompaniya ushbu bitimni yakunlash niyatida» ekanligini qo‘shimcha qildi. Twitter rasmiylarining aytishicha, sotuv Maskning aprel oyidagi har bir aksiya uchun 54,20 dollar (taxminan 54 yevro) narxida amalga oshiriladi. Shunday qilib, bitimning umumiy summasi 44 milliard dollarni tashkil qilishi kerak.

Ilon Maskning bitimni yopish niyati Amerika OAVlari tomonidan e’lon qilinganidan so‘ng, Twitter aksiyalari narxi keskin ko‘tarildi va Nyu-York fond birjasida u bilan savdo qilish ikki marta to‘xtatildi.

8 iyul kuni sayyoraning eng boy odami bo‘lgan Ilon Mask Twitter'ni sotib olish bo‘yicha kelishuvni bekor qilganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, kompaniya «birlashish shartnomasining ko‘plab qoidalarini jiddiy ravishda buzgan». Xususan, Maskning ta’kidlashicha, Twitter'dagi soxta va spamli akkauntlarning haqiqiy soni ijtimoiy tarmoq ko‘rsatgan «besh foizdan kam»dan sezilarli darajada ko‘p.

O‘shanda ommaviy axborot vositalari iqtisodiy ekspertlar amerikalik tadbirkorning Twitter'ni qo‘lga kiritish niyatlari jiddiyligiga anchadan beri shubha bilan qarashganini ta’kidladi. Kompaniyaning 28 milliard dollarga baholangan bozor qiymati Mask unga taklif qilgan 44 milliard dollardan ancha past.

12 iyul kuni Twitter Ilon Maskni aprel oyida tuzilgan xarid shartnomasi shartlarini bajarishga majburlash niyatida sudga murojaat qildi. Iyul oyi oxirida milliarder qarshi da’vo bilan chiqdi.

Mask va Twitter o‘rtasida tuzilgan xarid shartnomasi shartlariga ko‘ra, tomonlardan biri undan voz kechsa, bir milliard dollargacha jarima ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid
Top