15:52 / 27.10.2022
5355

AQSh gipertovushli qurol komponentlarini sinovdan o‘tkazdi

Virjiniya shtatidagi NASA poligonida o‘tkazilgan sinovlar vaqtida maxsus raketa uchirildi. Harbiy qo‘mondonlik parvozni muvaffaqiyatli deb baholadi.

Foto: Reuters

26 oktyabr kuni AQSh harbiylari NASA’ning Virjiniya shtatidagi parvoz poligonida gipertovushli qurol komponentlarini sinovdan o‘tkazdi. Uchirish maydonchasidan maxsus raketa uchirildi. Amerikaning CNN telekompaniyasi 27 oktyabr, payshanba kuni ma’lum qilishicha, mutaxassislar gipertovushli raketalarning tarkibiy qismlari, jumladan, issiqlikka chidamli materiallar va yuqori texnologiyali elektronika haqida ma’lumotlarni to‘plash uchun 11 xil tajriba o‘tkazdi

Sinovlarga rahbarlik qilgan strategik tizimlar dasturlari direktori vitse-admiral Jonni Vulf parvozni muvaffaqiyatli deb baholadi. Ushbu sinovlardan to‘plangan ma’lumotlar dengiz floti uchun gipertovush tizimini va armiya uchun uzoq masofali gipertovushli qurolni ishlab chiqishga yordam beradi, deb ta’kidlaydi CNN. 

Raketaning xuddi shunday sinovdan uchirilishi 27 oktyabrga belgilangan. Shu kuni gipertovushli qurollarni yaratish doirasida 13 ta qo‘shimcha tajriba o‘tkaziladi. 

Xitoy 2021 yilda muvaffaqiyatli gipertovushli parvozlarni e’lon qilganidan keyin va Rossiya Ukrainaga qarshi urushda gipertovushli raketalardan foydalana boshlaganidan so‘ng, Pentagon gipertovushli qurollarni ishlab chiqishni ustuvor vazifa sifatida belgilay boshladi. AQSh Mudofaa vazirligi joriy yilda ikki marta, mart va may oylarida gipertovushli raketalarni sinovdan o‘tkazdi. 

2021 yil oktyabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya gipertovushli qurollar yaratish bo‘yicha AQShni ortda qoldirganini aytdi. RF «Tsirkon» va «Kinjal» gipertovushli raketalari bilan qurollangan bo‘lib, ular Rossiya harbiylarining fikriga ko‘ra, 2000 kilometrdan ortiq masofadagi nishonlarni urib, dushmanning havo va raketaga qarshi mudofaa tizimlarini yengib o‘tishga qodir. 

Amerikaning gipertovushli qurollar sinovlari Rossiya o‘z strategik yadroviy kuchlarini tayyorlashi fonida o‘tkazilmoqda. Rossiya tomoni ushbu mashqlar haqida Pentagonni oldindan xabardor qilgan. Avvalgi bunday mashqlar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanishidan besh kun oldin, 19 fevral kuni bo‘lib o‘tgan edi. 

Mavzuga oid
Top