16:00 / 03.11.2022
19089

Piskent tumani prokurorining yordamchisi 1500 dollar bilan ushlandi

Prokuratura xodimi bu pul evaziga sudlanuvchiga yengil jazo tayinlanishini va’da qilgani aytilyapti. Jinoyat ishi firibgarlik moddasi bilan qo‘zg‘atilgan.

Foto: Kun.uz

Toshkent viloyatining Piskent tumani prokurori yordamchisi 1500 dollar olayotgan vaqtida ushlandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, prokuror yordamchisi sudda ko‘rilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha sudya orqali sudlanuvchiga yengil jazo tayinlanishini va’da qilib, evaziga firibgarlik yo‘li 1500 dollar olgan vaqtida ushlangan.

Tezkor tadbir 1 noyabr kuni prokuratura va DXX hamkorligida o‘tkazilgan. Ertasiga holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168- (firibgarlik) va 28, 211- (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Kecha, 2 noyabr kuni Kun.uz manbasi Piskent prokurorining yordamchisi pora bilan ushlangani, uning ustidan JKning 210-moddasi (pora olish) bilan ish ochilishi kutilayotganini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 31 sentabr kuni Toshkent viloyatiga yangi prokuror tayinlangan edi. O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Shavkatjon Rahimov viloyat prokurori sifatida ish boshladi. Toshkent viloyati prokuraturasini 3 yil boshqargan Salom Samadov avgust oyida Qashqadaryo viloyat prokurori lavozimiga o‘tkazilgandi.

Top