19:17 / 05.11.2022
21392

«Ular Markaziy Osiyoni Rossiya bosimidan xalos bo‘lishi tarafdori» - O‘zbekiston-Yevroittifoq munosabatlari haqida Kamoliddin Rabbimov bilan suhbat

Rossiya-Ukraina urushi fonida Yevropa Ittifoqi rasmiylari bir necha marotaba Markaziy Osiyoga tashrif buyurdi. Xo‘sh, Yevropa va O‘zbekistonni nimalar bog‘lab turadi va G‘arb nima xohlamoqda? Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, Yevroittifoq Markaziy Osiyoni Rossiya bosimidan xalos bo‘lishi tarafdori. Shuningdek, kollektiv g‘arb geosiyosiy qudratini yo‘qotayotgan Rossiya o‘rnini Xitoy to‘ldirishidan xavotirda, deydi siyosatshunos.

So‘nggi vaqtlarda Yevropa va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarda birmuncha jonlanish kuzatilyapti. Biz bugun ushbu mavzuni to‘laroq yoritish maqsadida siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan intervyu tashkil qildik.

– Yevropa Ittifoqi uchun O‘zbekistonning qanday ahamiyati bor? YeI davlatlari O‘zbekistonni Markaziy Osiyosiz alohida sub’yekt sifatida ko‘ra oladimi?

– Biz borgan sari globallashgan dunyoga kirib boryapmiz. Shu sababli mintaqalarning uzoqligi o‘zining ahamiyatini pasaytirib boraveradi. Uning ustiga biz bitta qit’ada joylashganmiz. O‘tgan yilgi Afg‘oniston urushi tugagunga qadar O‘zbekiston va Markaziy Osiyo ikki jihatdan ahamiyatga ega bo‘ldi. Birinchisi, global xavfsizlik, ikkinchisi, mintaqadagi geosiyosiy vaziyat. Yevropa Ittifoqi Kollektiv G‘arbning tarkibiy qismi sifatida mintaqada Rossiya va Xitoyning haddan tashqari kuchayib ketishini istamaydi. Mintaqada davlatlar suverenitetligi saqlanib qolishi tarafdori. O‘tgan yili 21 avgustda Kollektiv G‘arb Afg‘onistondan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Shu bois Kollektiv G‘arbning Afg‘onistonga va O‘zbekistonga bu nuqtai nazardan e’tibori anchagina pasaydi. Lekin dunyodagi eng katta urush possovet davlatlari orasida – Rossiya va Ukraina o‘rtasida bo‘lyapti. Bugun bu hududda yangi bir muhit shakllandi. Urushning boshlanishida possovet hududidagi davlatlarning agressiv Rossiya tomonidan yutilib ketish xavfi juda yuqori edi. Urushning dastlabki kunlarida Zelenskiyning qochib ketishi taxmin qilinib, bir nechta davlatlar hatto boshpana ham taklif qildi. Oradan 8-9 oy o‘tib, geosiyosiy ohang boshqa tomonga o‘zgardi. Shuning fonida Kollektiv G‘arb o‘zining geosiyosiy faolligini oshiryapti.

Markaziy Osiyo davlatlarining har biriga Yevropa Ittifoqi va uning davlatlari turlicha nazar bilan qarashadi. Masalan, Qozog‘iston hudud jihatdan juda ham katta davlat. Resurslarga juda ham boy. G‘arb davlatlari Qozog‘istonga geoiqtisodiy jihatdan qarashadi. Ammo Markaziy Osiyoda geosiyosiy yaxlitlik va xavfsizlik borasida O‘zbekistonga alohida e’tibor qaratishadi. Ulardagi ekspertlar O‘zbekistonsiz bu hududlarda hech bir loyiha to‘liq bo‘lmasligini e’tirof etishadi. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoning Rossiya bosimidan xalos bo‘lishi tarafdori. Hozir bu jarayon davom etmoqda. Ukraina bilan urush fonida Rossiya o‘zining 20 yil davomida mahorat bilan shakllantirib borgan geosiyosiy qudratini tezlikda yo‘qotdi. Yuzaga kelgan mana shu vakuumni Xitoy to‘ldirib turibdi. Kollektiv G‘arb va Yevroittifoq mana shu holatga biroz xavotir bilan ham qaraydi.

Xabaringiz bor, yaqinda Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel tashrif buyurdi. Uning tashrifi O‘zbekiston uchun qanchalik ahamiyatli?

– Yevropa Ittifoqida ikkita katta boshqaruv organi bor. A’zo davlatlarning prezidentlari yoki bosh vazirlarini jamlagan - Yevropa Kengashi va Yevrokomissiya, uning ijro hokimiyati hisoblanadi. Sharl Mishel Yevropa Kengashining raisi. Bu kengash butun a’zo davlatlar nomidan ish yurituvchi organ hisoblanadi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Sharl Mishel Yevropa Ittifoqidagi ikkita qudratli shaxsdan biridir. Uning har qanday tashrifi kichik tashrif bo‘lmaydi. Shu bois ham bu uchrashuvni muhim deb atagan bo‘lar edim. Lekin uning tashrifini tarixiy deb atash uchun, unda qabul qilingan qaror va ikki tomonlama erishilgan kelishuvlar taroziga solinishi kerak. Bu kabi shaxslarning O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrif buyurishi, albatta, geosiyosiy ohang yasaydi. Lekin, natijaga qanday ta’sir qiladi, o‘zgarishlar bo‘ladimi, degan savolga javob berishga hali erta.

O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqi doirasida umumiy hamkorlik muhimroqmi yoki uning rivojlangan davlatlari (Germaniya va Fransiya kabi) bilan alohida kelishuvlar afzalmi?

– Yevropa Ittifoqi bilan undagi davlatlarni bir-biridan ajratish imkonsiz deb o‘ylayman. Chunki u jamiyatda shunday tafakkur shakllangan: insoniyat globalizmga kirib boryapti, Yevropa davlatlari alohida qoladigan bo‘lsa bu parokandalik ularning va ittifoq sivilizatsiya yiqilishiga sababchi bo‘ladi, degan tafakkur judayam kuchli. Milliy davlatchilik tarafdori bo‘lgan ultra o‘nglar ham bor. Lekin qudratli siyosiy kuch emas, ayniqsa Breksitdan keyin ularning qarashlari anchagina qadrsizlandi.

Yevropa Ittifoqining asosiy organlari va ittifoqda asosiy «ob-havo»ni belgilovchi davlatlarning ikkalasini ham roli muhim. Ular bir-birini istisno etmaydi. Shu sababli O‘zbekiston Yevropa ittifoqini tashkilot sifatida ham, unga a’zo qudratli davlatlar bilan ham hamkorlikni parallel ravishda olib bormoqda.

To‘liq intervyu bilan yuqoridagi videoda tanishishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov. 

Mavzuga oid
Top