14:08 / 03.12.2022
19059
Tashqi qarz evaziga qurilgan «Birinchi rezinotexnika zavodi» Rossiyaning «Tatneft» kompaniyasiga sotildi

Qariyb 156 million dollarlik qarz mablag‘lari hisobiga qurilgan «Birinchi rezinotexnika zavodi»ning 100 foiz ulushi Rossiyaning «Tatneft» kompaniyasi ixtiyoriga o‘tadi. Ustav kapitali 658,4 mlrd so‘m bo‘lgan ushbu zavodning qanchaga sotilganligi oshkor etilmagan.

Foto: AP

Samarqand shahrida O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning 3-majlisi bo‘lib o‘tdi. Rossiya hukumati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, forum doirasida «O‘zkimyosanoat» AJ va Rossiyaning «Tatneft» kompaniyasi o‘rtasida «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJning 100 foiz ulushini sotish va sotib olish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan. Biroq kelishuv narxi oshkor etilmagan.

«Albatta, bitim qiymatini aytishmaydi, balki hatto balans qiymatiga ham yetmaydigan darajada karrasiga arzon narxda ketgani uchun, balki tekinga berilgani uchun. Va bu bilan oson qutulmaymiz. O‘zingizni shinalar importi bo‘yicha bojlarning oshirilishi yoki notarif cheklovlarning yanada kuchayishiga ruhan tayyorlayvering.

«Birinchi rezinotexnika zavodi» AJ samarasizlik namunasi o‘laroq birinchisi emas. Ungacha biz «Hyatt Regency» mehmonxonasini ko‘rdik, «O‘zagroeksportbank»ni ko‘rdik, Insulin zavodini ko‘rdik», - deya yozdi iqtisodchi Otabek Bakirov. 

2 dekabr holatiga ko‘ra, ustav kapitali 658,4 mlrd so‘m bo‘lgan «Birinchi rezinotexnika zavodi»ning 91,8 foizi «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatiga, 8,2 foizi esa «Uzkimyoimpeks» MChJga tegishli bo‘lgan. 

Ma’lumot uchun, «Birinchi rezinotexnika zavodi» yoki xalq tilida Angren shina zavodi deya ataluvchi korxonaga 2017 yilda Xitoyning «Poly Technologies» kompaniyasidan qariyb 156 million dollarlik qarz mablag‘lari jalb qilingandi. 2018 yil iyul oyidan zavodda ishlab chiqarish jarayoni boshlangan. Zavod 30 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, uni qurishdan asosiy maqsad birinchi bosqichda yengil avtomobillar uchun shinalar ishlab chiqarish bo‘lsa, ikkinchi bosqichda konveyer tasmalari va qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun shinalar ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan edi. Bu loyihaning mahalliy tashabbuskori «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi.

Umuman olganda, zavod chetdan qarz olib qurilgan, keyin yana chetdan qarz olib pandemiya davrida qo‘llab-quvvatlangan edi. Mahalliy ishlab chiqaruvchiga oson bo‘lsin deb shina importiga boj joriy qilingandi. Ammo ma’lum bo‘lishicha, korxona samarasiz ishlab kelgan.

2021 yilning aprel oyida Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirovning Hisob palatasiga tayanib bergan ma’lumotiga ko‘ra, zavod omborida «sifat talabiga javob bermaydigan» 100 mingta shina sotilmay qolgan.

«Hisob palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Eksimbankidan jalb qilingan 156,4 million dollar mablag‘ hisobiga barpo etilgan Angren shina zavodi 3 million dona shina ishlab chiqarishi va shinalar UzAuto Motors’da import o‘rnini qoplashi kerak edi.

Angren shina zavodi quvvatining 15 foizida ishlamoqda. Omborida 100 mingta shina sotilmay turibdi. Sababi, doimgidek, sifat talabiga javob bermaydi. O‘z navbatida, so‘nggi ikki yilda UzAuto Motors 60 million dollarga yaqin mablag‘ga shina import qilgan», degandi parlament quyi palatasi vitse-spikeri.

Keyinroq «O‘zkimyosanoat» kompaniyasi ushbu bayonotga izoh berib, past ko‘rsatkichlarga koronavirus pandemiyasi davrida xorijiy mamlakatlardan olib kelinadigan xomashyo va materiallarning importi cheklangani, ishlab chiqarishda to‘xtalishlar yuzaga kelgani, mahsulot sotuvi pasaygani va aylanma mablag‘larning tanqisligi yuzaga kelganini keltirib o‘tgandi.

UzAuto Motors kompaniyasi ham 2019-2020 yillarda «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJdan shinalar umuman xarid qilinmaganini, aksincha xorijdan import qilinganini tasdiqlagan.

Shuningdek, 2020 yilda korxonaga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 40 mlrd so‘m ssuda ham berilgan.

Mavzuga oid
Top