21:30 / 07.01.2023
22165

Janubiy Koreyaga ishga borishdagi korrupsiya – nega migratsiya mas’ullari qishloqlarga kirib bormagan? Sobiq vazir bilan intervyu

Kun.uz tashqi mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq muammolar haqida maqola e’lon qilgandi. Surishtiruvda ikki yil oldin davlat rahbariga taqdim etilgan, o‘zbekistonliklarni Yaponiyaga ishga borishga tayyorlaydigan maxsus markaz faoliyatiga mas’ullar tomonidan qo‘yilayotgan to‘siqlar haqida so‘z yuritilgan edi. Kun.uz ikkinchi tomonga ham mikrofon tutdi: mavzu doirasida sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov bilan suhbatlashildi. 

Shokir Sharipov:

— Men uchun ba’zi o‘zgarmas haqiqatlar bor, tepamizda Quyosh turgani kabi. O‘zim kuzatganim bois bular men uchun isbot talab qilinmaydigan haqiqat. Shulardan biri – Janubiy Koreyaga ishga borish masalasida: qishloqlarda «Koreyaga ketibdi», «Koreyadan ishlab kelibdi» mavzusi – mashhur. Shu yerda men kuzatgan narsa — qanaqadir shaxslar bor, ularga Koreyaga ketmoqchi bo‘lganlar pul olib borib beradi. Hozir ushbu raqam 15 ming dollarga chiqqan. Keyinchalik pul berganlar qayergadir olib borib, koreys tiliga o‘qitiladi va keyin Janubiy Koreyaga ishga ketadi. Buni qanday izohlaysiz?

Nozim Husanov:

Aytgan holatingiz mavjud, xabarimiz bor. Ammo bu – bozor talabi. Har bir fuqaro daromad topish istagida. Fuqarolarimizning bir qismi xorijga, jumladan, Janubiy Koreyaga borib, yaxshi daromad olayotganiga o‘zimiz ham guvoh bo‘lganmiz. Shuning uchun ham, yuqori talab bo‘lganidan, siz aytayotgan qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlik sub’yektlari deymizmi, uddaburonlar shunday bir o‘quv markazlari tashkil qilganini biz ham eshitganmiz. O‘tgan yil iyun oyida, Koreya hukumati bilan o‘zaro kelishuvga asosan Koreyaning Inson resurslari markazi tomonidan imtihonlar tashkil qildik. Bir oy oldin imtihon kunlarini, online ariza bilan murojaat qilishni, ro‘yxatdan o‘tishni va imtihonda qatnashish imkoniyatini barchaga ochiq-oydin e’lon qildik. Va 15,5 ming fuqaro online portalimizga ariza bilan murojaat qilib, ro‘yxatdan o‘tishdi. Imtihon bir necha kun bo‘lib o‘tdi. Yakunda 13 mingga yaqin fuqaro kelib, imtihonda qatnashdi. Bu fuqarolarimiz orasida ushbu yo‘nalishga qiziqish ko‘pligidan dalolat beradi

Shokir Sharipov:

— Qishloqlarda kimlardir pul olib o‘qityapti va mening kuzatishim bo‘yicha, aynan shu orqali Koreyaga ketishyapti. Qishloqda odamlar faqatgina o‘sha bitta yo‘l bilan, ya’ni kimlargadir katta pul berib ketishyapti.

Nozim Husanov:

“Aynan shular ketishyapti” degan fikringizga qo‘shilmayman. Xabaringiz bor, Janubiy Koreya davlatiga mehnat muhojirligiga borish faoliyati 2007 yillardan boshlangan. Bu yo‘nalishda aynan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi Tashqi mehnat migratsiya agentligi shug‘ullanadi. Buni hamma biladi, bir-ikki yillik loyiha emas. Lekin yuqorida aytganingizdek, o‘sha fuqarolar orasida qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlarimiz “aynan bizga kelib o‘qisang, biz senga ta’minlaymiz”, degan yolg‘on xabarlarni tarqatish holatlari ham bor. Bunday holatlar hududiy vakolatxonalarimiz xodimlari tomonidan aniqlanib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etib boriladi. Shu bilan birgalikda bunday holatlarning oldini olish maqsadida OAVda to‘xtovsiz e’lonlar berib boramiz.

Shokir Sharipov:

Aytmoqchisizki, o‘sha qo‘shtirnoq ichidagi biznes bilan shug‘ullanayotganlarning korrupsion aloqalari yo‘q.

Nozim Husanov:

Yo‘q, bugungi kunda buni aniq ayta olaman. Chunki oxirgi ikki yilda biz maksimum harakat qildik va Janubiy Koreyaga ishga jo‘natish jarayonida inson faktori minimumga tushdi. Oldinlari fuqaro markazga kelib ariza yozardi. Hozir hammasini online qilganmiz: online portalga ariza beradi, o‘zining anketasini to‘ldiradi, SMS orqali kod oladi, imtihon kuni fuqarolik pasporti bilan keladi va unga alohida ID kalit beriladi. Imtihon natijalarini esa online portalning o‘zidan kuzatib turishi mumkin bo‘ladi. Imtihondan o‘tgandan so‘ng to‘ldiradigan anketa formalari bor, uni ham fuqaro xohlasa o‘zi mustaqil to‘ldirishi yoki agentlikka kelib, mutaxassisdan yordam olishi mumkin. Ushbu anketa saytga joylanganidan keyin imtihondan o‘tgan fuqarolarning alohida bazasiga kiritiladi. Mazkur SPAS baza Janubiy Koreya hukumati bilan qilgan kelishuvimizda bor. Koreyadagi ish beruvchilar ushbu bazadan o‘ziga mos nomzodlarni izlaydi: yoshiga, mutaxassisligiga, tajribasiga, imtihon ballariga qaraydi. Shu tariqa ishchini tanlaydi va lozim topgan taqdirda online suhbat tashkil qilishi mumkin. Suhbatlardan keyin esa fuqaroga shartnomani, mehnat qilish huquqini beruvchi chaqiruv qog‘ozini beradi.  

Shokir Sharipov:

Nega qishloqlarda odamlar faqatgina men aytayotgan shaxslarga pul berib, Janubiy Koreyaga ketishga imkon topyapti? Nega bu borada tushuntirish ishlari olib borilmaydi? Ularda “shu odamga pul bersam, keta olaman”, degan qat’iy fikr shakllangan. Nega vazirlik bo‘limlari mahallalarga kirib, ketishning ortiqcha chiqimsiz va qonuniy yo‘lini targ‘ib qilmaydi?

Nozim Husanov:

Deylik, sizga kiyim kerak. Magazinga yoki bozorga borib sotib olasiz, to‘g‘rimi? Sizga kimdir olib kelib, “mana senga kiyim” deb tavsiya qilishini poylab o‘tirmaysiz. Men fuqaroman, niyatim Koreyaga borish, hatto maktab bolasi ham Koreyaga ketish uchun tegishli idora borligini biladi. Telefon hammaning qo‘lida bor, barcha ma’lumotlar chiqadi. Tashqi mehnat migratsiya agentligining, vazirlikning saytiga kirib ko‘rsangiz, bir oyda bir necha marotaba mana shunday ma’lumotlar chiqarib boramiz. Kechirasiz-ku, har bir fuqaroga eshigini taqillatib, “siz Koreyaga bormoqchimisiz, manaviga qarang”, deyishga kuch yetmaydi. Albatta, harakatlar bor. OAVni ham jalb qilgan holda ko‘proq harakat qilishimiz kerak bu borada.

Suhbat davomida O‘zbekistonning Janubiy Koreya mehnat bozoridagi potensiali, Yaponiyaga ishga borishga tayyorlaydigan maxsus markaz faoliyatiga qo‘yilayotgan to‘siqlar, amalga oshirilayotgan ishlar va harakatlar haqida so‘z boradi. Suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Shokir Sharipov suhbatlashdi.

Top