07:48 / 17.01.2023
3829

Dniproga raketa hujumi qurbonlari soni 40 nafarga yetdi

Kamida 40 kishi halok bo‘ldi, 75 kishi yaralandi, Rossiya raketasi tufayli vayron bo‘lgan uyning yana 30 nafar fuqarosi taqdiri noma’lum, deydi Ukraina rasmiylari.

Foto: AFP

Dniprodagi ko‘p qavatli turar joy binosiga Rossiya raketasining urilgani oqibatida halok bo‘lganlar soni 40 kishiga yetdi. Bu haqda 16 yanvar, dushanba kuni Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lum qildi. Dushanba kuni soat 13:00 holatiga ko‘ra, 40 kishi halok bo‘ldi, ulardan 3 nafari bolalar, 75 kishi, jumladan, 14 nafar bolalar yaralandi.

Turar joy binosi vayronalarini tozalash ishlari davom etmoqda. Qutqaruvchilar bino vayronalari ostidan 39 kishini tirik olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi, deb xabar berdi idora Telegram'da. Uyning yana 30 ga yaqin fuqarosining taqdiri hozircha noma’lum. Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, binoda 72 ta xonadon vayron bo‘lgan, 236 tasi shikastlangan.

Rossiyaning Dniproga raketa hujumi 14 yanvar kuni amalga oshirildi. Shu kuni Ukraina hududi bo‘ylab turli o‘nlab raketalar uchirildi. Ukraina xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Dniproga zarba berish uchun rus qo‘shinlari Sovet Ittifoqida aviatashuvchi dengiz guruhlarini yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan X-22 raketasidan foydalangan. "SBU" ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasida bunday raketalarni faqat 52-og‘ir bombardimonchi aviatsiya polki uchirishga qodir. Maxsus xizmat Dniproga raketa hujumida ishtirok etgan rossiyalik harbiylarning shaxsini aniqladi.

Tergovning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, unda bir necha o‘nlab rossiyaliklar, jumladan 52-og‘ir bombardimonchi aviatsiya polki (33310-harbiy qism) komandiri, polkovnik Timoshin Oleg Yevgenevich, ushbu polkning aviatsiya otryadi komandiri, mayor Ivanenko Aleksey Sergeyevich, aviatsiya guruhi aviatsiya eskadrilyasi shtab boshlig‘i Dmitriy Golenkov, 52-aviatsiya polkining shturmanlari Denis Grigorev va Dinar Nazirov, shuningdek, polkning aviatsiya qurollari bo‘yicha muhandisi Yevgeniy Potseluyev bor.

Yevropa Ittifoqiga raislik qiluvchi Shvetsiya Rossiyaning Dniproga raketa hujumini harbiy jinoyat deb atadi. «Ushbu dahshatli hujum natijasida begunoh tinch aholi, jumladan, bolalar halok bo‘ldi va yaralandi. Shuning uchun men aniq aytaman: tinch aholiga qasddan hujum qilish harbiy jinoyat hisoblanadi. Urush jinoyatlari uchun mas’ullar javobgarlikka tortiladi», - dedi Shvetsiya bosh vaziri Ulf-Yalmar Kristersson Stokholmda Yevropa Ittifoqi kengashi prezidenti Sharl Mishel bilan qo‘shma matbuot anjumanida. Uning ta’kidlashicha, YeI va Shvetsiya Ukrainani zarur bo‘lgan vaqtgacha keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlashda davom etadi va Ukrainaning g‘alabasi «Yevropa uchun ekzistensial masala» hisoblanadi.

Yevroparlament raisi Roberta Metsola rossiyaliklarning Dniprodagi turar joy binosiga raketa hujumini qotillik deb atadi. «Rossiyaning Ukrainaga pala-partish hujumlari davom etmoqda: turar joy binolari ularning nishoniga aylanganini, ayollar va bolalar qanday o‘ldirilganini ko‘rdik. Dniprodan kadrlar ularni ko‘rgan, buni boshidan o‘tkazgan barchaning xotirasida abadiy qoladi», dedi u.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top