Yevropaning Matra BAE Dynamics Aerospatiale (MBDA) konserniga tegişli TAURUS raketa işlab çiqaruvçisining Germaniyadagi şu’ba korxonasi rahbari Tomas Gotşild buyurtmalar yöqligi sababli ularni işlab çiqariş töxtatilganini ma’lum qildi. U bilan suhbat 30 mart, şanba kuni Augsburger Allgemeine gazetasida çop etilgan. 

Gotşildning sözlariga köra, mudofaa sanoati buyurtmalarsiz mahsulot işlab çiqarişga haqli emas va TAURUS uçun buyurtmalar bölmagan. Şu bilan birga, u Ukraina sotib olmoqçi bölgan raketalarni işlab çiqarişni qayta tiklaş uçun biroz vaqt ketişi haqida ogohlantirdi. 

«Agar işlab çiqariş töxtatilsa, TAURUS bilan bölgani kabi, bu bizning sanoatimiz uçun muammoga aylanadi, - deb tuşuntiradi u. – Çunki asosan kiçik va örta korxonalar bölgan yetkazib beruvçilarimiz bunday hollarda işlab çiqarişni töxtatib qöyadi. Ular işlab çiqariş liniyalarini moliyaviy jihatdan uşlab turişga qodir emas. Şuning uçun, agar biz TAURUS uçun yangi buyurtma olsak, yetkazib beruvçilarimiz birinçi navbatda qayta tiklanişi va, masalan, özini zarur xomaşyo bilan ta’minlaşi kerak».

«Mudofaa sanoati möjizalar yarata olmaydi: biz bugun buyurtma olib, ertaga yetkazib berişimiz imkonsiz, - deydi menejyer. - Şuning uçun ham siyosatçilar bilan muhokama qilganda, biz har doim buyurtmalar qançalik rejalaştirişga boğliq ekanini ta’kidlaymiz. Mudofaa sanoati kelajakda, şu jumladan, qisqa muddatda imkoniyatlarni taqdim eta olişi uçun uzoq muddatli buyurtmalarga muhtoj». 

Şols Ukrainaga TAURUS yetkazib berilişini rad etişda davom etmoqda 

Germaniya federal kansleri Olaf Şols esa Ukrainaga TAURUS raketalarini yetkazib beriş imkoniyatini rad etişda davom etyapti. U buni Germaniya Rossiya va Ukraina örtasidagi «uruşning kuçayişiga yöl qöymaslik» hamda Rossiya va NATO örtasidagi uruşning oldini olişga harakat qilayotgani bilan izohlaydi. 

Muxolifatdagi Xristian-demokratik ittifoq (XDI) raisi Fridrix Mers, öz navbatida, TAURUS’ni Ukrainaga jönatişni faol qöllab-quvvatlayapti. Uning sözlariga köra, raketalar Ukrainaga «Rossiya armiyasi ta’minot liniyalarini jiddiy ravişda buzişga» yordam beradi. 

Germaniya bundestagi hukmron koalitsiyadagi partiyalarning köpçilik ovozi bilan sönggi oylarda Ukrainaga TAURUS raketalari berilişiga ikki marta qarşi çiqdi. Şu bilan birga, nemislarning yarmidan köpi (61 foiz) TAURUS’ning Ukrainaga yetkazib berilişiga qarşi, faqat 29 foizi buni yoqlamoqda. Bu - ARD telekanali va Die Welt gazetasi buyurtmasi bilan Infratest dimap instituti tomonidan ötkazilgan Deutschlandtrend vakillik sörovi ma’lumotlari. Ular 7 mart kuni ommaga e’lon qilindi.