15:06 / 23.01.2023
36064

“Vor v zakone” – “Qonundagi o‘g‘ri” kim?

Bu atama O‘zbekistonda ham ancha mashhur. Ko‘chalardagi suhbatda ko‘pchilik tushunib-tushunmay buzgan holda “Vorzakon” so‘zini qo‘llaydi va bu bilan jinoyat olamining korchalonlarini anglatmoqchi bo‘ladi. Aslida sobiq ittifoq hududida uzoq yillardan beri qo‘llanib kelinayotgan bu tushuncha ma’nosi ancha keng.

Avvalo atamaning kelib chiqishiga to‘xtalamiz: “Qonundagi o‘g‘rilar” (“Vory v zakone” yoki “zakonniki”) bu jinoyat olamining eng nufuzli qatlami bo‘lib, ular o‘z qonunlariga, ya’ni o‘g‘rilar qonuniga har qanday holatda ham og‘ishmay amal qiladigan odamlarni anglatadi. Ya’ni bu yerda jamiyat tomonidan qo‘llanadigan qonunlar bilan adashtirmaslik lozim. Bunday toifa davlatning har qanday strukturalari, ayniqsa, huquqni muhofaza qilish organlari bilan aloqalarni tan olmaydi, odatda oila qurmaydi, boylik to‘plamaydi va o‘z faoliyatini maxfiy olib boradi.

Umuman, bu toifa o‘g‘rilarning taxminan bir asrlik qonunlari yillar davomida o‘zgarib, takomillashib borgan. Ularning ayrimlari, an’anaviylari quyidagilardir:

  • O‘g‘rilik g‘oyalariga sadoqat va qo‘llab-quvvatlash;
  • Organ xodimlarining har qanday buyrug‘ini bajarmaslik, tergovlarda hech qachon ko‘rsatma bermaslik, aybni tan olmaslik;
  • Siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanmaslik, harbiy tuzilmalarga qo‘shilmaslik;
  • Panjara ortida o‘g‘rilar qonuni va mustahkam nazoratni o‘rnata bilish, ziddiyatlar, urushlarning oldini olish;
  • O‘g‘rilar “obshchag”i, ya’ni o‘ziga xos umumiy g‘aznani muntazam to‘ldirib borish va yig‘imlarni ham, xarajatlarni ham oqilona bajarish;
  • Ota-onaga, ayniqsa, onaga hurmat;
  • Yoshlarni “to‘g‘ri hayot”ga o‘rgatish;
  • Ayollarni zo‘rlamaslik, zo‘rlaganlarga shafqat qilmaslik, shu bilan birga biror ayol bilan davomli munosabat o‘rnatmaslik;
  • Zarurat bo‘lmasa, kelgusida bu zaruratni isbotlay olmasa odam o‘ldirmaslik;
  • Isbotsiz ayblov e’lon qilmaslik, har qanday haqoratlardan cheklanish;
  • Nafaqat ozodlikda, balki qamoqda ham jamiyatga foyda keltiruvchi ishlar bilan shug‘ullanmaslik. Ya’ni shunchaki ishlamaslik;
  • O‘zinikilar, ya’ni o‘g‘rilarnikini o‘g‘irlamaslik.

Qonundagi o‘g‘rilarning eng nufuzli va sanoqlilari toj kiyishdek o‘ziga xos sharafga munosib ko‘rilgan va ularning so‘zlari hamda hukmlari bu doirada o‘ziga xos qonun darajasida qabul qilingan.

Qonundagi o‘g‘rilarning shakllanish tarixi 1930 yillarga, Rossiya bo‘ylab sochilib ketgan katorgalar/qamoqxonalarga borib taqaladi. O‘sha yillarda davlat tomonidan olib borilgan keng qamrovli jamoalashtirish hamda majburiy mehnatga jalb qilish jinoyat olami vakillarini birlashishga, o‘zaro hamjihatlikka majbur qiladi. Bunday to‘dalarning shakllanishi samaradorlikni oshirish, himoya kabi afzalliklarga ega bo‘lgan. Shu bilan birga har qanday jamoa ma’lum qonun-qoidalar asosida yashashga majbur edi. Aynan mana shu vaziyatda qonundagi o‘g‘rilar yoki o‘g‘rilar qonuni ishlay boshladi.

Qonundagi o‘g‘rilar ikkinchi jahon urushi davrida o‘ziga xos sinovdan o‘tishgan. O‘sha yillari ularning ko‘pchiligi davlatning chorlovi bilan vatan himoyasi deya urushga otlanishadi. O‘g‘rilar kodeksiga ko‘ra davlatning har qanday tuzilmalariga qo‘shilmaslik, ayniqsa, uning qurollaridan foydalanib, harbiy harakatlarda ishtirok etmaslik talab qilinardi. Urush paytida esa mana shu o‘rinda ziddiyat paydo bo‘ladi va jinoyat olami ikki guruhga bo‘linib ketadi.

Urushdan omon qaytganlar o‘z odatlariga ko‘ra darhol jinoyatga qo‘l uradilar va panjara ortiga ravona bo‘ladilar. U yerda esa frontga bormagan va o‘zicha o‘g‘rilar qonunlariga og‘ishmay amal qilganlar bor edi. Bir-birini xoin sifatida qabul qiladigan ikki tomon o‘rtasida ayovsiz janglar ketadi va juda ko‘p o‘g‘rilar bir-birini qirib yuborishadi.

O‘tgan asrning oltmishinchi yillariga kelibgina bu urushlar bosilib, tojdor o‘g‘rilarning haqiqiy boshqaruvi davri keladi va ular ulkan to‘dalar tuzib, barcha serdaromad sohalarni nazorat qila boshladilar.

Qonundagi o‘g‘rilar keyinchalik “Mafiya” nomi bilan ham atala boshlandi va saksoninchi yillarga kelib, uyushgan jinoyatchilik sobiq ittifoqning har bir nuqtasida quloch yozdi. Bu davrda davlat mutlaq falaj holatga kelib qolgan, daromad keltiruvchi har qanday yo‘nalish mafiya nazoratiga o‘tib ketgandi. Ittifoqning tarqalishi bu jarayonlarni yanada tezlashtirdi va har bir respublika, har bir shaharning o‘z “ega”lari paydo bo‘la boshladi. Yirik shaharlarda esa o‘nlab jinoiy to‘dalar bo‘ridek izg‘ib yurishardi.

O‘sha yillarda o‘g‘rilar qonuni ham qator o‘zgarishlarga uchray boshladi yoki uni o‘zgartirishni, o‘z nazdida takomillashtirishni istaydiganlar soni ko‘payib ketdi. Yana jinoyat olamining korchalonlari, an’analarga sodiq eski o‘g‘rilar va zamona ne’matlaridan foydalanishni, hashamat ichra yashashni istaydigan yangilar orasida ayovsiz kurashlar boshlandi. Chunki bu paytga kelib tojdor o‘g‘rilar soni keskin ko‘payib ketgan, ma’lum mablag‘ evaziga jinoyat olamida nom qozonmagan, hatto biror marta qamalmaganlarga ham toj kiydirish urfga kirgandi. Eski o‘g‘rilar ularni tan olmas, “apelsin”lar deb atashardi.

Shu tarzda Rossiyaning o‘zida statistika bo‘yicha o‘g‘rilar soni shiddat bilan osha boshlaydi: 1993 yilda – 1200 nafar, 1995 yilda – 1420, 1998 yilda – 1560 nafar qonundagi o‘g‘ri, turli usullarda toj kiygan jinoyatchi borligi hisoblab chiqilgan. Ammo 2000-yillardan boshlab ular soni kamaya boshladi va umuman, davlatlar vaziyatni nazoratga ola bilishdi.

Ma’lumki O‘zbekiston sobiq ittifoqning uyushgan jinoyatni birinchilardan bo‘lib jilovlay olgan davlatlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda bundan 30 yil muqaddam, 1992-1993-yillardayoq yirik jinoyatchilar yo‘qotildi. Faqat o‘ziga xos tilda “o‘zini bosib olganlar”gagina shafqat qilindi.

Ammo Rossiya, Gruziya, Ozarboyjon, Armaniston kabi davlatlar qonundagi o‘g‘rilarni “yetishtirib berishda” uzoq yillar faol bo‘lib turishdi. Ularning aksariyati bora-bora Rossiyada qo‘nim topishdi, ayrimlari xorijga, Yevropa va Turkiyaga ko‘chib o‘tgan holda o‘z faoliyatlarini davom ettirishdi. Hozirgi kunga kelib barcha tomonidan tan olinadigan va jinoyat olamining har qanday jabhasiga so‘zini o‘tkaza oladigan qonundagi o‘g‘rilar 10-15 kishi ekani aytiladi.

Qonundagi o‘g‘rilarning juda sanoqlilarigina keksa yoshgacha yashab qolishadi va o‘z ajallari bilan o‘lishadi.

O‘zaro urushlar, hukumat bilan ziddiyatlar natijasida yaqin tarixda u dunyoga ravona bo‘lgan quyidagi tojdor o‘g‘rilar ko‘pchilikning yodida qolgan:

Otari Kvantrishvili – Otarik

Rossiyada sportchilar partiyasiga asos solish orqali siyosatga ham aralashgan jinoyatchi. Yunon-rum kurashi bo‘yicha sport ustasi. 1994 yilda Moskvada otib o‘ldirib ketilgan;

Sergey Timofeyev – Silvestr

Novgorodda tug‘ilgan bolakay juda aqlli yigit bo‘lib yetishadi. Ammo Moskvani zabt etish orzusi uni jinoyat olamiga yetaklaydi. Ma’lum muddat sport murabbiyi bo‘lib ishlagan Mixaylov sportchilarni jinoyat olamiga jalb qilib, Orexovo mafiyasini tuzadi. Kelishgan qaddi-qomati uchun uni Stallonega qiyoslab, Silvestr laqabini berishadi. 1994 yilda, 39 yoshida otib ketiladi;

Andranik Arutyunyan – Ando Xromoy

Armaniston mafiyasining yirik vakillaridan biri. U shafqatsizligi va boshqa o‘g‘rilar bilan ko‘p ziddiyatga borishi bilan tilga tushgandi. Uzoq vaqt Rossiyada faoliyat olib borgan, shu yerda qamalgan va ozod bo‘lishi bilan badarg‘a qilingan. 2019 yilda do‘stlari bilan narda o‘ynab o‘tirgan paytida killer tomonidan otib tashlangan. Boshqa o‘limlardan farqli jihati, bu qotillik videoga tushib qolgan.

Aslan Usoyan – Ded Hasan

Kavkaz jinoiy guruhlarining o‘ziga xos lideri, tojdor o‘g‘rilar orasida eng keksalaridan biri. Shunday bo‘lsa-da, u ham dushman o‘qidan o‘lgan. 19 yoshida ilk bor sudlangan Aslan keyinchalik ham bir necha marta qamaladi. 1980 yillarga kelib bir necha to‘dani nazorat qilgan. Uning hatto alohida killerlar guruhi ham bo‘lgan. 2013 yilda, 76 yoshida otib tashlangan;

Vyacheslav Ivankov – Yaponchik

U sirk artisti sifatida shuhrat qozonishi mumkin edi. Ma’lum muddat sirkda ishlaydi ham. Ammo tryuklardan birini bajarishda yiqilib tushadi va jarohati tufayli san’at bilan xayrlashadi. 25 yoshida o‘g‘rilik tufayli qamaladi va shundan keyin butunlay jinoyat olamiga sho‘ng‘ib ketadi. Ko‘zlari qisiqligi tufayli unga Yaponchik laqabi beriladi va possovet jinoyat olamining eng obro‘li odamiga aylanadi.

1992 yilda AQShga ko‘chib o‘tgan Yaponchik darhol FQB nazariga tushadi va ko‘p o‘tmay tovlamachilik uchun qamaladi. Oradan 10 yil o‘tib u Rossiyaga qaytadi va yana o‘z faoliyatini davom ettiradi. 2009 yilda, 69 yoshida otib tashlangan. 

Abror Zohidov

Top