O‘zbekiston | 13:02 / 04.12.2023
7287
3 daqiqa o‘qiladi

Noqonuniy oltin qazib olganlar 8 yilgacha qamalishi mumkin

Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz qazib olganlik uchun javobgarlik choralari kiritilishi kutilmoqda.

Foto: Kun.uz

Yer va yer osti boyliklarni asrab qolish va muhofaza qilishdagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Qonun loyihasida keltirilishicha, Jinoyat kodeksi 1961-modda bilan to‘ldiriladi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 702-moddasi esa yangi tahrirda bayon etiladi.   

Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan 1961-moddaga ko‘ra, foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz qazib olish, xuddi shuningdek, oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olish, (bundan yer osti suvlari hamda daryolar o‘zanlarida joylashgan foydali qazilmalar mustasno) shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Agar o‘sha harakatlar ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda, shuningdek, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar juda ko‘p miqdorda, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 702-moddasining yangi tahririga ko‘ra esa, foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz qazib olish, xuddi shuningdek, oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olish (bundan yer osti suvlari hamda daryolar o‘zanlarida joylashgan foydali qazilmalar mustasno) ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli bo‘lgan ashyoni yoki ma’muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.  

Oldinroq Oliy Majlis Senatida yer qa’ri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olish bilan bog‘liq jarayonlar muhokama etilgan hamda so‘nggi 3 yilda qariyb 30 nafar fuqaro oltin qazib olish jarayonida halok bo‘lgani aytilgandi.

Mavzuga oid