Jahon | 19:06 / 31.01.2023
21402
3 daqiqa o‘qiladi

Sanksiya ostidagi tovarlar O‘zbekiston orqali Rossiyaga yetkazilayotgan bo‘lishi mumkin – Euromonitor

Belarus, Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston Yevropa Ittifoqining sanksiya ostidagi tovarlarini Rossiyaga yetkazib berayotgan bo‘lishi mumkin.

2022 yil martidan noyabrigacha Yevropa Ittifoqidan Rossiyaga tovarlar eksporti 2021 yilning shu davriga nisbatan 47 foizga (36,3 milliard yevrogacha) kamaydi.

Shu bilan birga, Rossiyaga qo‘shni bo‘lgan MDH davlatlariga (Belarus, Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga) Yevropa tovarlarini yetkazib berish 48 foizga oshgan (20,3 milliard yevrogacha).

Bu haqda Euromonitor International ma’lumotlarni o‘rganish bo‘limi rahbari Vaydotas Zemlis-Balevichus tadqiqotiga tayanib, RBK yozmoqda.

Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqidan ba’zi tovarlarni Rossiyaga yetkazib berishga cheklov o‘rnatilganidan keyin, tovarlar eksporti 71 foizga kamaygan. Biroq, aynan shu tovarlarni Rossiyaga qo‘shni bo‘lgan olti davlatga eksport qilish 95 foizga oshgan.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqidan Belarus, Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga noyabr oyida sanksiyalangan tovarlar yetkazib berish taxminan 1,5 milliard yevroni tashkil etgan bo‘lsa, bir yil avval oylik hajmi atigi 500 million yevroni tashkil qilgan.

Zemlis-Balevichyus tovarlarning salmoqli qismi Rossiyaga yo‘naltirilayotgani ehtimolini tan olib, sanksiyalar ish bermayotganini ta’kidlamoqda.

Qayd qilinishicha, Shvetsiya va Maltadan tashqari Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlari Rossiyaning qo‘shnilariga tovar eksporti hajmini ko‘paytirgan. Ular orasida Kipr, Lyuksemburg, Estoniya, Litva va Ruminiya eng ko‘p miqdorda (100-350 foizga) eksportni oshirgan.

Shuningdek, mutaxassis alohida tovarlar bo‘yicha «sanksiya anomaliyalari» borligini aniqlagan. Masalan, 2021 yilda Chexiyadan Qozog‘istonga birorta smartfon yetkazib berilmagan bo‘lsa, 2022 yilda 164 million yevrolik smartfon yetkazilgan. Gretsiyadan Gruziyaga aviakerosin eksporti deyarli noldan 75,5 million yevroga, Chexiyadan Qozog‘istonga noutbuklar eksporti 280 foizga o‘sgan.

Yevropa Ittifoqining sanksiya rejimi «ikkilamchi sanksiyalar»ni qo‘llashni nazarda tutmaydi. Biroq, 2022 yil oktyabr oyida Yevropa hukumatlari rossiyaliklarga sanksiyalarni chetlab o‘tishda (shu jumladan, YeI mamlakatlaridan taqiqlangan tovarlarni olishda) yordam beruvchi uchinchi mamlakatlarga qarshi sanksiyalarni qo‘llash qoidasini birinchi marta joriy qilgan edi.

«Renessans Kapitala» kompaniyasining bosh iqtisodchisi Sofiya Donets Rossiya va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi to‘lov balansi statistikasi o‘zaro tovar almashinuvi miqdori oshganini ko‘rsatayotganini tan oladi.

«Biroq, MDH davlatlari sanksiyalar rejimini buzmayapti va ikkilamchi sanksiyalar ehtimoli past. Shunchaki, logistika va biznes-aloqalar qayta tashkil etilmoqda. Rossiyalik tadbirkorlar o‘z biznesini boshqa davlatlarga ko‘chirmoqda», dedi u.

Mavzuga oid