09:53 / 28.03.2023
11618

Amnesty: Rossiya millionlab ukrainaliklarni asosiy huquqlaridan mahrum qildi

Amnesty International tashkiloti dunyoda inson huquqlari ahvoliga oid yangi hisobotini e’lon qildi. DW Rossiya va Ukraina bo‘yicha xulosalarni ko‘rib chiqdi.

Foto: NYT

28 mart, seshanba kuni Amnesty International inson huquqlari tashkiloti 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan dunyoda inson huquqlari ahvoli haqidagi hisobotini e’lon qildi. Hisobot 156 davlatni qamrab oladi. Huquq himoyachilari 2022 yil xalqaro inqirozlarning iqtisodiy va ekologik oqibatlari hamda yashash narxining keskin oshishi tufayli dunyoning eng qashshoq odamlari zimmasiga nomutanosib yuk tushdi, degan umumiy xulosaga kelishdi. Ijobiy o‘zgarishlar bo‘lsa-da, asosiy huquqlarni, ayniqsa ayollar va bolalarni hurmat qilish bo‘yicha umumiy vaziyat deyarli o‘zgarmadi, deydi Amnesty. Lekin, 2022 yil yangi qurolli mojarolar yili bo‘ldi, deb yozadi huquq himoyachilari. DW Ukraina va Rossiyaga bag‘ishlangan hisobot sahifalarini o‘rganib chiqdi.

O‘tgan yili Rossiya uchun asosiy voqea Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinning boshlanishi bo‘lganligi ajablanarli emas, bu Rossiyaning o‘zida inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni keskin yomonlashtirdi. O‘tgan yilgi voqealarni qisqacha tavsiflab, AI huquq himoyachilari bu borada Rossiyaning 15 mart kuni Yevropa Kengashi tarkibidan chiqishi, so‘ngra Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHeS) qarorlarini bajarishdan bosh tortganini ta’kidladi. Amnesty bir qator qonunlarning qat’iylashtirilganligini va Rossiya rahbariyatining yo‘nalishi bilan kelishmovchilikning har qanday ko‘rinishiga qarshi kuch ishlatishning ancha qattiqroq va shafqatsiz amaliyotini eslatdi.

Rossiyada fuqarolik jamiyatiga bosim 2022 yilda yangi darajaga ko‘tarildi, deya xulosa qildi AI huquq himoyachilari. Shu munosabat bilan ular «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunning yanada qat’iylashtirilgani va «chet el agentlari» ro‘yxatiga tobora ko‘p rossiyaliklar kiritilganini eslatishdi. AI hisobotida koloniyada to‘rt yillik muddatga hukm qilingan «Otkrytaya Rossiya» jamoat tashkiloti sobiq rahbari Andrey Pivovarovning ta’qib qilinishi, siyosatchi Ilya Yashinning Ukrainaning Bucha shahrida rus armiyasining jinoyatlari haqida xabar bergani uchun sakkiz yilga qamalishi, shuningdek, Kreml siyosatiga qarshi chiqqan ekolog va faol Arshak Makichyanning Rossiya fuqaroligidan mahrum etilishi eslatib o‘tilgan.

AI hisobotida aytilishicha, qiynoqlar va shafqatsiz munosabatning boshqa shakllari bugungi kunda Rossiyadagi penitensiar tizimining «ajralmas qismidir». Shu munosabat bilan Amnesty huquq faollari rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyning taqdirini eslab, uning JIZOda «g‘ayriinsoniy» va «tahqirlovchi» sharoitda o‘tkazgan 90 kunini, siyosatchi boshqa huquqlardan, jumladan, oilaviy tashriflar, to‘g‘ri tibbiy yordam ko‘rsatish huquqlaridan mahrum etilganini esga oldi. AI adolatsiz sud jarayonlarini shunga o‘xshash amaliyot deb atab, 22 yilga qamalgan jurnalist Ivan Safronov ishini misol sifatida keltirgan.

Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha, huquq himoyachilari Rossiya armiyasi harbiy tajovuzkorligining turli oqibatlari, birinchi navbatda, fuqarolik obektlariga hujumlar va boshqa jinoyatlar, masalan, tinch aholiga nisbatan qiynoqlar va jinsiy zo‘ravonliklarni inson huquqlarining asosiy muammosi sifatida tilga olgan. Hisobotda tinch aholi jabr ko‘rgan fojiali epizodlar, masalan, Zaporijjyada humanitar karvonga qilingan hujum yoki Kiyev yaqinida - Buchada sudsiz qatl qilish holatlari tanlab olingan.

Huquq himoyachilari, shuningdek, Ukrainaga bag‘ishlangan bobda Rossiya rasmiylari tomonidan ukrainaliklarni «filtrlash» deb atalgan narsalarni tasvirlab, qiynoqlar, o‘lim tahdidlari, oilalarni ajratish va bolalarni ota-onalaridan olib qo‘yish borasida dalillarga tayangan. Bularning barchasi Rossiya armiyasi tomonidan harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi boshqa jinoyatlar sodir etilganidan dalolat beradi, deya eslatadi hisobot mualliflari. Hisobotda inson huquqlari faollari Rossiya tomonining harbiy jinoyatlar uchun javobgarlikni Ukraina zimmasiga yuklashga urinishlarini ham esga olgan - masalan, Mariupoldagi teatr vayron qilingani voqeasi. Bunda, Rossiya samolyotlari o‘sha paytda yuzlab tinch aholi vakillari yashiringan teatrga zarba bergani haqida ishonchli dalillar bor, deyiladi hisobotda.

Alohida bob harbiy asirlarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lish va qatl qilish holatlariga bag‘ishlangan. Hisobotda, xususan, kamida 53 nafar ukrainalik harbiy asirning hayotiga zomin bo‘lgan Olenivkadagi koloniyaga qilingan hujum tasvirlangan – fojiani tergov qilish bilan BMT maxsus komissiyasi shug‘ullangan, biroq keyinchalik u tarqatib yuborilgan. Huquq himoyachilari hisobotda ukrainalik harbiy asirlarning qirg‘in qilinishi bilan bog‘liq boshqa holatlarni, shuningdek, ukrainalik harbiylar tomonidan taslim bo‘lgan o‘n nafar rus askarining qatl etilganini ham eslatib o‘tdi.

4 avgust kuni AI «Ukraina urushi taktikasi tinch aholiga xavf tug‘diradi» nomli hisobotni chop etdi. Unda huquq himoyachilari Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalari o‘z texnikalari joyini bir necha bor o‘zgartirgani va turar joylar, maktablar va kasalxonalar hududidagi pozitsiyalardan o‘q uzgani, tinch aholi uchun xavf tug‘dirganini ta’kidlagan. Hisobotning o‘zi, uning usullari va xulosalari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan keskin tanqidga uchradi. U Amnesty International tashkilotini «terrorchi davlatni amnistiya qilish va javobgarlikni tajovuzkordan jabrlanuvchiga o‘tkazishga» urinishda aybladi. Shuningdek, AI'ning Ukrainadagi vakolatxonasi direktori Oksana Pokalchuk hisobot e’lon qilinganidan keyin ishdan bo‘shadi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top