Jahon | 07:21 / 11.07.2023
17560
7 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishiga rozilik berdi

Vilnyusda o‘tayotgan NATO sammitiga yo‘l olgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqarada turib Turkiya Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmas ekan, Shvetsiyaning NATO a’zosi bo‘lishiga rozilik bildirmasligini ta’kidlagan. Biroq, NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Turkiya Shvetsiyaning alyans a’zosi bo‘lishiga nihoyat rozilik bildirganini ta’kidlagan.

NATO sammitiga yo‘l olar ekan, Istanbuldagi Otaturk aeroportida qilgan chiqishida Erdo‘g‘an Tursiya doim alyansning «ochiq eshiklar» siyosatini qo‘llab-quvvatlashi, Shvetsiyaning NATOga a’zolik masalasi ushbu mamlakatning terrorizm ko‘rinishlariga qarshi kurashishiga bog‘liqligini ta’kidlagan.

«[NATO] sammitida yana ittifoqdosh davlatlarni yana Turkiyaga sanksiyalar va cheklovlar joriy etish pozitsiyasidan voz kechishga chaqiraman», — deya uning so‘zlarini keltirmoqda «Anado‘lu» agentligi

Erdo‘g‘an NATO sammitiga yo‘l olish oldidan Otaturk aeroportida chiqish qildi. Foto: CNN

So‘zi boshida shunday deb turgan Erdo‘g‘an kutilmaganda Shvetsiyaning NATOga a’zoligini Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishiga bog‘lagan

Turkiya yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, avvaliga Yevropa Ittifoqi «Turkiyaga eshiklarini ochishi kerak», shundan so‘nggina Turkiya Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizasini tasdiqlaydi.

Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi borasidagi muzokaralar 2005 yilda — Erdo‘g‘anning birinchi muddatida boshlangan edi. Shundan so‘ng rasmiy Anqara va Bryussel o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashib, yillarki muzlatib qo‘yilgan. Vilnyusda o‘tadigan NATO sammitiga jo‘nab ketish oldidan Erdo‘g‘an kutilmaganda bu masalaga qaytgan.

Erdo‘g‘an NATO maydonlarida Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel bilan ham uchrashishga ulgurdi. Foto: Daily Sabah

«Men Turkiyani Yevropa Ittifoqi eshiklari oldida 50 yildan buyon sarg‘ayishga majbur qilayotgan davlatlarga yuzlanmoqchiman. Avval Turkiyaning Yevropa Ittifoqi tomon yo‘lini oching, shundan so‘ng biz xuddi Finlandiyaga ruxsat berganimiz kabi, Shvetsiyaning ham yo‘lini ochamiz», — degan Erdo‘g‘an.

Bu chiqishlardan so‘ng NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Turkiyaning YeI a’zosi bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashi, lekin bu ancha vaqtni oladigan alohida masala ekanini ta’kidlagan. Shvetsiya esa allaqachon NATOga a’zo bo‘lish uchun barcha shartlarni bajargan.

Stoltenberg Shvetsiyaning alyansga a’zo bo‘lish masalasi Vilnyusda hal bo‘lishidan umid qilayotganini bildirgan.

NATO bosh kotibi Stoltenberg Shvetsiyaning alyansga a’zo bo‘lish masalasi Vilnyusda hal bo‘lishidan umid qilayotganini bildirgan. Foto: Associated Press

Erdo‘g‘an Ukrainadagi urush tez orada yakuniga yetishiga ishonayotganini ta’kidlab, AQShning F-16 harbiy uchoqlarini yetkazib berishni paysalga solayotganini aytib o‘tgan.

«Biz tez orada yakunlanadigan harbiy mojaro adolatli va mustahkam tinchlik bilan yakunlanishi va Ukrainaning NATO a’zo bo‘lishi jarayonini soddalashtirishga yordam berishiga ishonamiz.

F-16 uchoqlari masalasida amerikaliklar bu masalani AQSh Kongressi hal qilishi kerak, deyishmoqda. Parlament bizda ham bor. Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish masalasida parlamentimizning ham roziligi kerak.

F-16 uchoqlarini xarid qilish masalasi Shvetsiyadan bo‘lakcha mavzu. Men bu haqda Baydenga aytganman. Ularda biz F-35 uchun to‘lab qo‘ygan pullar turibdi. Lekin haligacha uchoqlarni olmadik», — degan Erdo‘g‘an.

Vilnyus shahriga yetib kelgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an sanksiyalar borasida chiqish qilgan. Ta’kidlash joizki, sammit kun tartibidan Ukrainadagi urush, shuningdek, alyans duch kelayotgan tahdidlar muhokamasi o‘rin olgan.

Sammit doirasida Turkiya yetakchisining bir qator davlatlar rahbarlari, jumladan, AQSh prezidenti Jo Bayden bilan ikki tomonlama uchrashuvlari rejalashtirilgan.

AQSh prezidenti Jo Bayden ham NATO sammitida qatnashish uchun Vilnyus shahriga yetib keldi. Foto: Associated Press

Turkiya yetakchisi, Vilnyusda jumladan, shunday degan:

«Madridda o‘tgan avvalgi sammitda alyansning mudofaa rejalarini yangilab, uni mana shu sammitda tasdiqlashni kelishib olgan edik.

Men Turkiyaga sanksiyalar va cheklovlar joriy etayotgan ittifoqdosh davlatlarni bu adolatsizlikdan tezda voz kechishga chaqiraman.

Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish jarayoning ketishi uch tomonlama kelishuvda aks etgan masalalarning bajarilishiga bog‘liq», — degan Erdo‘g‘an.

Mana shunday otashin chiqishlardan so‘ng Vilnyusdan kelayotgan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Erdo‘g‘an Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish uchun bergan arizasiga to‘sqinlik qilmaslikka rozi bo‘lgan.

Erdo‘g‘an Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi arizasiga to‘sqinlik qilmaslikka rozi bo‘lgan. Foto: Daily Sabah

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberning so‘zlariga ko‘ra, o‘zi va Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson bilan bo‘lib o‘tgan uch tomonlama uchrashuvda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an «Shvetsiyaning NATO a’zosi bo‘lib kirishini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi bayonnomani parlamentga imkon qadar tezroq yetkazish, deputatlar uni ma’qullashlari uchun parlament bilan hamkorlik qilish»ga rozilik bergan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg va Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson Vilnyusda uch tomonlama muzokara o‘tkazishdi. Foto: agenzianova.com

«Men Turkiyaning YeI a’zosi bo‘lish borasidagi ambitsiyalarini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman, lekin bir vaqtning o‘zida biz Madridda nimalarga kelishganimizni yoddan chiqarmaslik muhim. Shvetsiya alyans a’zo bo‘lish uchun amalga oshirishi lozim bo‘lgan shartlarning konkret ro‘yxati tuzilgan edi», — degan Stoltenberg, Shvetsiya barcha zarur talablarni bajarganiga urg‘u berar ekan.

AQSh prezidenti Erdo‘g‘anning Shvetsiya arizasini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorini olqishlagan.

«Men bosh vazir Kristersson va Shvetsiyani NATO bo‘yicha 32-ittifoqdoshimiz sifatida qutlash imkoniyatini intizorlik bilan kutmoqdaman», — deyiladi Oq uy rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda. Bayden shuningdek, Yyens Stoltenbergga «bukilmas yetakchiligi» uchun tashakkur bildirgan.

Turkiya parlamenti Shvetsiya arizasini kuzgi sessiyasida ma’qullashi kutilmoqda.

Mavzuga oid