«O‘quvchining tug‘ilgan kuni bo‘lmagan» – Qashqadaryodagi maktab qizlari bilan nimalar bo‘lyapti?
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’uli maktab o‘quvchisi bilan bog‘liq videoda tug‘ilgan kun nishonlanmaganini ta’kidladi. Biroq u buning unashtiruv marosimi ekanini tasdiqlamadi. Hokim Murodjon Azimov esa Koson tumanida katta yig‘ilish o‘tkazib, bunday holatlar o‘rganilishi, mas’ullarga choralar ko‘rilishini bildirgan.
Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidagi 68-maktabning 7-sinf o‘quvchisi unashtirilayotgani aytilgan video ijtimoiy tarmoqlarda rezonans keltirib chiqardi.
Holat jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lgach Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova vaziyatni o‘rgangani bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, qizchaning ota-onasi videodagi holat aslida farzandining tug‘ilgan kuni munosabati bilan o‘tkazilgan marosim ekani to‘g‘risida tushuntirish bergan. So‘ng qizning ota-onasi ayolni turmushga chiqishiga majburlash uchun jinoiy javobgarlik mavjud ekani to‘g‘risida ogohlantirilgan.
Qayd etilishicha, bu hududda qizlarning unashtiruv marosimini erta o‘tkazish urf-odatlari qisman bo‘lsa-da saqlanib kelmoqda, shuni inobatga olib, holat yuzasidan Bolalar ombudsmani o‘z nazoratini davom ettirishini aytgan.
«Jumladan, bu oilada bolaning jismonan va ma’nan sog‘lom muhitda parvarish qilinishi, uning ta’lim olish hamda kelgusida o‘z hayoti bilan bog‘liq qarorlarni qabul qilish huquqi ta’minlanishi kuzatib boriladi.
Bolalar ombudsmani qizlarni erta turmushga berish holatlariga mutlaqo murosasiz bo‘lib, shunday fikrda bo‘lgan ota-onalarni nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish uchun qonunan javobgarlik belgilangani haqida ogohlantiradi», – deyiladi xabarda.
Bu bo‘yicha Qashqadaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ombudsmanga tayanib, videodagi unashtiruv holati o‘z tasdig‘ini topmagani bo‘yicha munosabat bildirgan.
«Holat Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida bo‘lib, mas’ullar tomonidan joyiga borib o‘rganish o‘tkazilganda, qizchaning ota-onasi videodagi holat aslida farzandining tug‘ilgan kuni munosabati bilan o‘tkazilgan marosim ekanligi to‘g‘risida tushuntirish berdi», — deyiladi tashkilotning dastlabki munosabatida.
MMTB: «O‘quvchining tug‘ilgan kuni bo‘lmagan»
Holat yuzasidan Kun.uz muxbiri Qashqadaryo viloyati MMTB bilan bog‘landi. Boshqarma axborot xizmati rahbari Javohir Rustamovning ma’lum qilishicha, o‘quvchining uyida bo‘lib o‘tgan tadbirni baholash boshqarma vakolatiga kirmaydi.
«Qizning tug‘ilgan kuni 22 mayda, endi bu oilaviy tadbirni qanday mazmunda o‘tkazgani menga qorong‘i. Boshqarmaning pozitsiyasi shunday, bitta shu xabar asoslantiradi. Boshqa ma’lumotda nima degan, nima qo‘ygan, bizning mas’ullar o‘rganmaydiyam, o‘rganishga majburiyati ham yo‘q. Ammo bu jarayondagi holat bo‘yicha shaxsiy fikrim, haqiqatan o‘quvchining tug‘ilgan kuni bo‘lmagan», – deydi u.
Kun.uz so‘rovidan so‘ng vazirlik rasmiylari e’lon qilgan yana bir rasmiy munosabatda yuqoridagi izoh inkor etilib, unda qizning may oyida tug‘ilgani ma’lum qilingan va mutasaddilar lavhadagi jarayon yuzasidan soha mas’ullaridan izoh berishni talab qilgan.
«Ko‘kdala tumanidagi 68-maktabning 8»a»-sinf o‘quvchisi Q.D. hozirda majburiy ta’limga asosan ushbu maktabdagi o‘quv jarayonida ishtirok etmoqda. Qashqadaryo MMTB erta nikoh jarayonlarini keskin qoralashini va bu borada hududlarda tashviqot jarayonlari o‘tkazilayotganini ma’lum qiladi», – deyiladi xabarda.
Yana bir o‘quvchi qiz unashtirildimi?
Tarmoqlarda bir videoning muhokamalari tugamasidan yana boshqalari rezonanslarga sabab bo‘la boshladi. Xususan, 21 dekabr kuni tarqalgan videoda yosh qiz ayollar to‘la xonaga olib kirilib, quloqlariga zirak taqilganini ko‘rish mumkin.
Qashqadaryo MMTBga ko‘ra, videodagi qiz hali voyaga yetmagan, Ko‘kdala tumani 68-maktabning 8«b»-sinf o‘quvchisi ekani aniqlangan. Ammo holat aynan unashtiruv yoki boshqa tadbir ekani bo‘yicha aniq ma’lumot mavjud emas.
Kun.uz buni surishtirish uchun qiz yashaydigan «To‘qmor» MFY raisi, IIB xodimi bilan bog‘landi, ammo javob ololmadi. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi vakiliga aloqaga chiqishning iloji bo‘lmadi.
Telegram-kanallarda aylanayotgan yana bir videoda esa Samarqandda 7 yoshli qizaloqni ham «belgili» qilishayotgani haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, bu holat Urgut tumanida bo‘lgan, u yerda qizlarni yosh unashtirib erga berish odatga aylangani aytilmoqda.
Mas’ullar va ota-onalar javobgarlikka tortiladi
Qashqadaryodagi holatlar tarmoqlarni junbishga keltirib, ko‘plab tanqidlarga uchragach, 21 dekabr kuni viloyat hokimi Murodjon Azimov ishtirokida Koson tumanida erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish borasida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.
Manbalarga ko‘ra, unda vaqtli turmushga oid yana 8 ta holat aniqlangan va bir qancha mas’ullar ishdan bo‘shatilgan. Ammo viloyat matbuot kotibi Ahror Sodiqov buni rad etib, o‘rganish ishlari endi boshlanishini, bir qancha mutasaddilarga qonun doirasida chora ko‘rilishi haqida gap ketganini ma’lum qildi.
Rasmiy munosabatda ham holatlarni bartaraf etish uchun erta oila qurgan shaxslar, shuningdek, bunga yo‘l qo‘ygan ota-onalar, ta’lim va diniy muassasa xodimlari javobgarlikka tortilishi qayd etilgan.
Qizlarni yosh turmushga berish
Kun.uzʼning hududlardagi manbalariga ko‘ra, ba’zi hududlarda qizlarning erta turmush qilishi yoki unashtirilishi an’anaga aylangan. Juda vaqtli qilingan oilalardagi bosimlar, muammolar sabab esa kelinchaklarning o‘z joniga qasd qilishi ham ortgani gapirilmoqda.
«Bir oy ichida 3 nafar yosh kelinchak o‘z joniga qasd qildi. [Ular yashaydigan mahalla har xil bo‘lishi mumkin, lekin bir joyda, Dashtobod qishlog‘idan. 2 nafardan bolasi bor yosh kelinchaklar o‘z joniga qasd qildi, prokuratura esa «samoubiystvo» deb [ishni] yopib yuboryapti, buni hech kim tekshirmayapti.
Kimdir uni majburlagandir, o‘z o‘zidan 2 nafar bolasi bor ayol o‘zini osib yubormaydi. Hatto, bizda o‘zidan o‘zi osmagan degan ma’lumotlar ham bor, qandaydir oilaviy bosimlar bor deyilgan», – deydi u.
Eslatib o‘tamiz, Oila kodeksining 15-moddasiga ko‘ra, nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh deb belgilangan. Uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.
Jinoyat kodeksining 125 prim 1-moddasida nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Bunday qilmish BHMning 20 baravaridan 150 baravarigacha jarima yoki 400 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin. Ammo qonun hujjatlarida voyaga yetmagan shaxsning unashtiruviga oid hech qanday javobgarlik belgilanmagan.
Tavsiya etamiz
Muddat qo‘yuvchi Tramp: buning oxiri bormi?
Jahon | 22:09 / 24.04.2025
Toshkentda avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun onlayn ariza berish mumkin bo‘ldi
O‘zbekiston | 20:34 / 24.04.2025
Stomatologiya poliklinikalari xususiylashtiriladi
O‘zbekiston | 10:56 / 24.04.2025
Bojxonadagi cheklovlar: fuqaro bojni to‘lay olmasa, nima bo‘ladi?
O‘zbekiston | 22:43 / 23.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Ispaniya kubogi. "Barselona" 116-daqiqada "Real"ga gol urib, musobaqa g‘olibi bo‘ldi
Sport | 03:45
-
Kamayadigan bojsiz limit, sotiladigan zavodlar va Lavrovning nolishi - hafta dayjesti
O‘zbekiston | 23:15 / 26.04.2025
-
2024 yilning eng ochiq va eng yopiq davlat tashkilotlari ma’lum qilindi
O‘zbekiston | 21:57 / 26.04.2025
-
Dafn marosimi va urush
Jahon | 21:30 / 26.04.2025
Mavzuga oid

19:37 / 23.04.2025
Qashqadaryoda 14 yoshli o‘smir boshqaruvidagi Gentra YTHga uchradi. Qurbonlar bor

16:04 / 26.03.2025
Shahrisabz aeroporti faoliyatini tikladi

23:40 / 14.03.2025
Qashqadaryoda bosqinchilik bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi

16:41 / 14.03.2025