Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Onaxon va otaxon hajga boramiz deb yig‘ib qo‘ygan mablag‘ni qishloqqa toza ichimlik suvi olib kelishga sarfladi
Foto: O‘zA
Buvayda tumanilik Mamarasul ota Kamolov va uning ayoli Munavvarxon aya hajga boramiz deb 45 million so‘m pul yig‘ib qo‘ygandi. Shu mablag‘ni qishloqqa toza ichimlik suv olib kelishga sarfladi.
Bugun Farg‘ona viloyati, Buvayda tumanining Beshterak qishlog‘i, O‘rtaqishloq mahallasida istiqomat qiluvchi Mamarasul ota Kamolovning xonadoni saxovat bog‘iga aylandi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Hovliga kirib borarkansiz, sarxil uzumlarni, serhosil bodomzorlarni ko‘rib kuzni alqaysiz. So‘rida qo‘r to‘kib o‘tirgan xonadon egalariga hojilik mabrur bo‘lsin, saxovatpesha degan ulug‘ maqom muborak, deya salomlashasiz. Ikkisi xuddi safardan qaytgan hojilar kabi duoga qo‘llarini ochadi, deb yozadi O‘zA.
«Ko‘ngliga tugib qo‘ygan niyatini hammadan sir tutib kelgan ekan, ikkovlon hajga boramiz deb 45 million so‘m pul yig‘ib qo‘ygandik. Bir kuni o‘g‘lim Foziljonga muddaosini aytdi. O‘g‘lim, shu mablag‘ni qishloqqa toza ichimlik suvi olib kelishga sarflaymiz, meni ezgu ishdan qaytarmanglar, dedi. Men ham joni dilim bilan rozi bo‘ldim. O‘g‘lim ham ota amri vojib, deb ishga kirishdi», - deydi Munavvarxon aya.
Darhaqiqat, O‘rtaqishloq mahallasi aholisi necha yillardan buyon toza ichimlik suvi muammosi bilan yashardi. Mang‘it qishlog‘idan 1,5 kilometr masofadan tortilgan suv quvurlari allaqachon yaroqsiz holga kelgan, hududdagi 26-umumta'lim maktabi, 7-maktabgacha ta'lim muassasasi ichimlik suvi bilan to‘liq ta'minlanmagan edi. To‘g‘ri, bir necha bor suv minorasi yoniga quvur kavlash reja-loyihasi mutasaddilar tomonidan ishlab chiqilgan, biroq ayrim sabablarga ko‘ra loyiha amalga oshirilmay kelinardi. Otaning tashabbusi va saxovati bilan 270 metrlik quduq qazilib suv chiqarildi. Natijada 2 ming 300 dan ortiq aholi toza ichimlik suvidan bahramand bo‘ldi.
– Shunday kunlarda mahallaning hamjihatligiga qoyil qolmay iloj yo‘q, – deydi mahalla maslahatchisi Mohiraxon Tojiboyeva. – Keksa-yu yosh to‘planishib hasharga chiqishdi. Onaxonlar, oila sohiblarining minnatdorchilik izhorlarini eshitib oramizda yaxshi odamlar ko‘pligidan faxrlanib ketasan.
26-umumta'lim maktabi direktori Xursanoy Ma'murova va o‘qituvchi-murabbiylar suv keltirgan elda aziz bo‘lishi, suvni isrof qilmasdan tejab-tergab foydalanish zarurligini o‘quvchi-yoshlarga ta'kidlab, saxiy insonlarga rahmatlar aytishmoqda.
Mamarasul ota va Munavvarxon aya farzandlarini el koriga yaraydigan insonlar qilib tarbiyaladi. Uch qizi o‘qituvchi, kenjasi E'tiborxon xalq ta'limi a'lochisi. Foziljon tadbirkor. 12 nevara, bitta evara ularning umr davomchilari.
Mavzuga oid
20:10 / 27.11.2025
“Zovurni yopmoqchi bo‘lib daraxtlarga qiron keltirishdi” – Buvayda tumanidagi daraxtkushlik tafsiloti
19:00 / 15.05.2024
Tojikistonda hojilarni tantanali kutib olish, hashamatli tadbirlar o‘tkazish taqiqlandi
18:45 / 26.06.2023
54 yil ichida Makkaga 100 millionga yaqin ziyoratchi tashrif buyurdi
09:07 / 04.06.2023