O‘zbekiston | 18:30 / 19.01.2018
64314
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonlik shifokorlar Aqto‘bedagi fojiadan omon qolganlar holati haqida ma'lumot berdi

Foto: BNews.kz

Qozog‘istonning Aqto‘be shahriga Irg‘iz tumanidagi dahshatli yo‘l-transport hodisasidan omon qolganlar olib kelingan. BNews.kz muxbiri ularni qabul qilib olgan shifokorlarning fikrlarini keltirdi.

«Jabrlanuvchilarning barchasi - 5 kishi shifoxonaga olib kelindi. Ularning ikki nafarida birinchi darajali kuyish holati qayd etilgan. Yana 3 kishi is gazidan zaharlangan. Ularga kerakli tibbiy yordamlar ko‘rsatildi», deya Aqto‘be oblasti sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Aset Kaliyevning so‘zlarini keltirgan nashr.

Travmotologlardan keyin jabrlanuvchilarni Tibbiyot institutidan kelgan psixologlar guruhi kirib ko‘rgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, 25 va 35 yoshdagi ikki jabrlanuvchi psixologik karaxt ahvolda.

«Ularning holati turlicha. Ba'zilari hali atrofni yaxshi anglamayapti. Bu psixologik shok holati. Ayniqsa, yo‘l transport hodisasi oqibatida qarindoshlari halok bo‘lgan yigit og‘ir ahvolda», degan psixolog.

Jurnalistlar ichkariga qo‘yilmagan. Jabrlanuvchilar joylashtirilgan shifoxona yaxshi qo‘riqlanmoqda.

Foto: BNews.kz
Foto: BNews.kz

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid