Qonunchilik palatasi majlislari hamda ayrim sud majlislari jonli efirda uzatiladi
Prezident farmonida Jo‘qorg‘i Kenges va mahalliy kengashlar majlislari ham jonli uzatilishi nazarda tutilmoqda.
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta'minlash bo‘yicha farmonda MTRK va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar bilan birgalikda 2021 yil 1 dekabrdan boshlab quyidagi tadbirlarni telekanallar, shuningdek, internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishini ta'minlash vazifasi yuklangan:
- Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari (yopiq majlislar bundan mustasno);
- taraflar roziligi bilan fuqarolar huquq va erkinliklari hamda jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi, aholi sog‘lig‘ini saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi, shu jumladan, davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ishlar, shuningdek, ayrim oilaviy nizolarga oid fuqarolik ishlari bo‘yicha sud majlislari (yopiq sud majlislari bundan mustasno).
Ma'lumot uchun, bungacha Oliy Majlis Senatining yalpi majlislari jonli efirda uzatilib kelayotgan, biroq Qonunchilik palatasi, Jo‘qorg‘i Kenges hamda mahalliy kengashlar majlislarining ochiqligi ta'minlanmagan edi.
Shuningdek, farmon bilan Oliy Majlis palatalariga o‘z rasmiy veb-saytlarida quyidagi ma'lumotlarni joylashtirish tavsiya etilgan:
- parlament nazorati obektlarining hisobotlarini eshitish natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarorlar;
- Qonunchilik palatasida deputatning har bir qonun (qaror) loyihasini qabul qilish yoki rad etishdagi, senatorning har bir qonunni (qarorni) ma'qullash yoki rad etishdagi ishtiroki to‘g‘risidagi ma'lumotlar;
- Oliy Majlis Senati a'zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, saylov okruglari hamda ularning elektron pochta manzillari haqidagi ma'lumotlar.
Bundan tashqari, prezident farmoni bilan Ochiq ma'lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma'lumotlar ro‘yxati ham tasdiqlangan bo‘lib, Aksilkorrupsiya agentligi direktori Akmal Burhonov Kun.uz’ga bergan intervyusida bu haqda batafsil to‘xtalgan edi.
Mavzuga oid
16:50 / 03.12.2024
Sudyalar Oliy kengashi tarkibi Senat tomonidan saylanishi mumkin
16:10 / 03.12.2024
Qaysi deputat qanday ovoz bergani ochiq bo‘lishi kerak - Bobur Bekmurodov
14:13 / 21.11.2024
Akmal Saidov Shavkat Mirziyoyevga: “Yangi O‘zbekiston parlamentining me’mori kim deyishsa, sizni aytardim”
17:59 / 20.11.2024