19:39 / 07.10.2017
128965

Bankirning beparvoligi tufayli yosh bolakay vafot etdi

Hayot bitta to‘lqinda jim oqib keluvchi daryo emas, unda biz turli sinov va mashaqqatlarga, yaxshi va xursandchilik onlariga duch kelamiz. Faqat atrofdagi kishilar, yaqinlarimizning daldasi, to‘g‘ri yo‘l-yo‘riqlari bilan inson yorug‘ hayotga yana qadam qo‘ya boshlaydi.

Musibatli kunlarda ehtiyojing boshqa kimsalar qo‘lida qolib ketishi achinarli holat bo‘lsa kerak. Ana shunday og‘ir damlardan birida Otayeva Maqsuda farzandi Suxrobbekni davolatish uchun zarur bo‘layotgan dori-darmonlarni sotib olish uchun chet el valyutasiga muhtoj bo‘ldi. Boisi, 2007 yilda tug‘ilgan Soliyev Suxrobga ko‘z saratoni kasalligi tashxisi qo‘yilgan bo‘lib, u bir muddat muolajalar olib kelayotgan edi. O‘tgan yili Hindistonda o‘tkazilgan davolash amaliyotlaridan so‘ng, bemorning ahvoli ancha yaxshilandi. Shunga qaramay, muntazam dori-darmonlarni qabul qilib turish, kelgusida Suxrobning ikkinchi marta davolanish uchun Hindistonga borishi talab qilingan. Har oy taxminan 500 AQSh dollari qiymatidagi dorilar, bundan tashqari O‘zbekistonda tanqis bo‘lgan darmonlarni o‘g‘liga yetkazib berish uchun oila a'zolarining hech kimga og‘irligi tushmadi. Yaqin qarindoshlar va jonkuyarlarning ko‘magi bilan muolajaning davriyligi to‘xtatib qo‘yilmadi. Ammo...

Vaziyat shuni taqozo etardiki, Maqsuda 2017 yil boshida Xorazm viloyatidagi bir nechta bank filiallariga chet el valyutasini sotib olish uchun murojaat qila boshladi. Avvaliga, «Milliy Bank» TIF Xorazm viloyat filialiga, so‘ngra «Ipoteka» ATB hududiy filialiga murojaat qilgan bemorning onasi amaliy natijaga erisha olmaydi. Uzoq muddatlik sarsongarchilik, qog‘ozbozlik bosqichlarini boshdan kechirgach, iyun oyining o‘rtalarida, ya'ni 14-15 iyun kunlari bemorning otasiga Ipoteka bank filiali rahbari yordam qilishga qaror qiladi. Dastavval, barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, so‘ngra, Otayevlar oilasidan 8.100.000 so‘m naqd pul qabul qilib olingan. «Ertaga keling», deb buyruq berishganda, ota-ona biroz yengil nafas oldi. Endilikda Suxrobning dori-darmoni uchun mablag‘ olsa bas.

Mazkur bankning mas'ul xodimi kelgusi kuni binoga kirib kelgan ota-onaga pul tushganini ma'lum qilgach, Maqsuda bank plastik kartochkasini o‘zining opasiga berib yubordi. Balki shu joyga yetib kelganda, o‘quvchida shubha uyg‘onishi mumkin, ammo dorilarning faqat xorijdan keltirilishini, ularning esa Hindistonga yana ketish uchun hujjatlarni tayyorlashga taraddudlanayotganini hisobga olsak, barcha harakatlar mantiqqa to‘g‘ri keladi. Biroq, «Pul tushdi», deyilganidan qariyb ikki oy o‘tsa ham, konvertatsiyadan darak yo‘q. Bu holatga tushunmagan ota-ona bankka qayta murojaat qilganda, xodim «biz faqat so‘m plastik kartochkaga pul tushdi, deb ma'lumot berganmiz», deya «anglashmovchilikka» izoh berdi.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz muxbiri Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, bank xodimi hamda rahbari Ortiqov Rashid bilan suhbatlashdi. Uning aytishicha, bemorning otasi jismoniy shaxsga xorijiy valyutani sotib olganligini tasdiqlovchi belgilangan shakldagi ma'lumotnomaga imzo qo‘ymagani uchun konvertatsiya jarayoni to‘xtab qolgan. Tabiiy savol paydo bo‘ladi: nahotki, bank o‘z mijoziga ushbu oddiy qoidani eslatishga qodir emas? Nahot, ikki daqiqa vaqt ajratib, «biz jarayonni davom ettira olmayapmiz, chunki imzo chekmabsiz» deb telefon qo‘ng‘irog‘i orqali ogohlantirib qo‘yishning imkoni bo‘lmasa? Xodim esa lom-mim demay, jim turardi. 

Foto: KUN.UZ

Otayeva Maqsuda 19 avgustda qayta murojaat qilganda «plastik kartochkani ko‘rsating, uni boshqa shaxsga berib yuborishga haqli emas edingiz», deya yana bir bor jarayon ortga surildi. Balki, qonunosti hujjatlarda bank plastik kartochkasini uchinchi shaxsga berish mumkin emas kabi iddaolar ko‘rsatilgandir, ammo bu vaziyatning murakkabligini hisobga olinsa, xodimning plastik kartochkani ko‘rsatishni talab qilishi nechog‘lik qonuniy? Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan Ipoteka bank Xorazm viloyati filiali boshlig‘i Ortiqov Rashid ham ushbu vaziyatga ham jo‘yali izoh berolmadi.

Achinarli jihati shundan iboratki, bank huzuriga mijoz sifatida tashrif buyurgan bemorning otasi barcha to‘lovlarni amalga oshirgan, 2000 AQSh dollarini xarid qilish uchun talab etilgan mablag‘ni bankka topshirganiga qaramay, «madad puli berilmayapti, hozircha limit yo‘q», degan vajlar bilan qo‘yni puch yong‘oqqa to‘ldirildi. Kun.uz  muxbiri «shuncha payt oralig‘ida bank «madad puli yo limit yo‘q» kabi vajlar bilan mijozlarga umuman xizmat ko‘rsatmadimi» deb savol berganida, bank vakillari jimgina «xizmat ko‘rsatilgan», deb qo‘ya qoldi.

Maqsuda bemor bolasini ko‘tarib, «Milliy Bank» TIF Xorazm viloyatiga kirib kelib, rahbar barchasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganda ham vaziyat o‘zgarmadi. Mazkur bank bor-yo‘gi 500 AQSh dollari taqdim eta olishini ma'lum qildi. Bunday vaziyat 16 iyundan to 6 sentabrgacha davom etib, erkin konvertatsiya amaliyoti joriy etilgach, yangilangan xorijiy valyutani sotish kursi bo‘yicha bank xizmati taklif etildi. Suxrobning umrini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan dori-darmonlar aynan shu pulga qarab qolganini bank xodimi qayerdan ham anglardi?!

PS: Men Xorazmga tashrif buyurganda, Suxrobbek uchun xayriya aksiyasini uyushtirishni niyat qilgandim, lekin xonadonga kirib kelishim bilan uning onasi ko‘zida yosh bilan meni kutib oldi. So‘ng, bir so‘z ayta olmay, Suxrob yotgan xonaga olib kirdi. «Sanoqli kunlar qoldi, deydi shifokorlar. Endi kech! Sizga rahmat», deyishga qurbi yetgan onaning ko‘zlariga boqib, nima deyishni ham bilmay qoldim. Toshkentga yetib kelib, shu o‘ylar bilan uyqu yotishimdan avval, xabar keldi: «Suxrobbek vafot etdi».

Tahririyatdan: Kun.uz marhumning yaqinlari va Otayevlar oilasiga hamdardlik bildiradi.

Alisher Ro‘zioxunov

Top