Xitoyda sun'iy orollar yaratishga mo‘ljallangan Osiyodagi eng yirik kema suvga tushirildi
Xitoyning Shanghai Zhenhua Heavy Industry kompaniyasi sun'iy orollar yaratishga mo‘ljallangan Osiyodagi eng katta kemani suvga tushirdi. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, kemaning suvga tushirilishi marosimi Tszyansu viloyatida o‘tgan.
Muhandislarning aytishlaricha, bu kema Xitoyning bahsli hududlar borasidagi salohiyatini oshiradi. "Tyankun" deb nomlangan kema qurilishi 2016 yilda boshlangan. Kema 2018 yil iyunida qurib bitkazilishi rejalashtirilgan.
Muhandislar kemani “orollar yaratuvchi sehrgar” deb atashmoqda. Kema yomon ob-havo sharoitida ham sohil, kanal va meliorativ ishlarni amalga oshira oladi.
Uzunligi 140 metr keladigan suzuvchi nasosning suv sig‘imdorligi 17 ming tonnani tashkil qiladi. U bir soat ichida 35 metr chuqurlikdan 6 ming kub metrgacha loy va qumni torta oladi. Kema yuqori darajada avtomatlashtirilgani tufayli katta unumdorlik ta'minlanadi. Bundan tashqari, kema dunyodagi eng yaxshi kesuvchi qurilmalardan biri bilan jihozlangan. Unda to‘rtta pichoq bo‘lib, ular turli dengiz jinslari, jumladan toshni maydalay oladi.
Qum, loy va maydalangan marjonqoya suvdan chiqarilgach, ularni kuchli transport tizimi evaziga kemadan 15 km uzoqlikkacha tashish mumkin. Olingan jinslar quruqlikning yangi maydonlarini shakllantirishda qo‘llanishi mumkin.
Avval bu turdagi eng kuchli kema xitoylik va germaniyalik muhandislar tomondan qurilgan "Tyantszin" kemasi hisoblangan. U bir soat ichida suv tubidan 4,5 ming kub metr jinslarni torta olgan.
Xitoy 2013 yil oxiridan beri Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli suv hududlarida sun'iy orollar yaratish bo‘yicha yirik ko‘lamli ishlar olib bormoqda. Bu esa Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi bir nechta davlatlarni xavotirga solmoqda va ular tomondan tanqid qilinmoqda.
Mavzuga oid
10:30
Rossiya yuk kemasining O‘rta Yer dengizidagi halokati. Hozirgacha nimalar ma’lum?
23:04 / 24.12.2024
Xitoy qutb suvlarida suzishga qodir dunyodagi eng yirik yuk tashuvchi kemani sinovdan o‘tkazdi
15:03 / 10.12.2024
Xitoy koronavirus Uhan laboratoriyasida yaratilganini rad etdi
15:02 / 10.12.2024