Jamiyat | 19:57 / 23.03.2017
75355
19 daqiqa o‘qiladi

Blogerlar ovozi. Yugurdakka aylangan o‘qituvchi

Keyingi kunlarda internetning o‘zbek kontentida o‘qituvchilar bilan bog‘liq holatlar keng muhokama qilindi. O‘zbek blogerlari shu mavzuda blogpostlar yozishdi. Xususan, Sanjar Said o‘qituvchilarni o‘z holiga qo‘yishga chaqirdi, Alp Arslon taxallusli bloger o‘qituvchilar millatga eng kerakli odamlar ekanini eslatdi, Diyor Imomo‘jayev esa hamshiralar va o‘qituvchilar bugungi kunda qanday darajaga tushirilganini bayon etdi.

Sanjar Said. O‘qituvchini o‘z holiga qo‘yamizmi?!

Darvoza taqillab qoldi. Chiqsam ikki kishi velosipedini devorga suyab, chiqishimni kutayotgan ekan. Biri maktab direktori, ikkinchisi o‘qituvchi. Prezident virtual qabulxonasiga murojaatim bo‘yicha kelishibdi. Tuman markazidan markaziy shifoxonaga borish yo‘lida oqova suv chiqib ketishi uchun chuqur qilib qazilgan ariq bo‘yicha shikoyat yozgandim. Amal-taqal qilib quvur ko‘mib to‘g‘irlashgan bo‘lib, orqasidan shikoyatim bo‘yicha e'tiroz yo‘qmi, bo‘lsa ariza, bo‘lmasa dalolatnoma yozib kelinglar, deb o‘qituvchilarni jo‘natishibdi.

“Ertalab virtual qabulxonaga shikoyat tushgan, tez yetib keling, deyishsa borguncha bo‘larim bo‘ldi, — deydi direktor. – Shahardagi hamma maktabni direktorini chaqirtirishibdi, tuman bo‘yicha shikoyatlarni o‘rganish uchun bo‘lib berishdi, haliyam bizga uchtasi tushdi, mashinasi borlarga 18talab shikoyat ajratildi…”

O‘zimni yomon ko‘rib ketdim. Bechora o‘qituvchilarni ovora qilganimdan vijdonim qiynalayapti. Boshqa shikoyat yozmayman, deb qat'iy ont ichdimu ammo pedagoglar holidan achinish hissidan xalos bo‘lolmayapman.

Qiziq, ular bolalarga dars o‘tishga ham vaqt ajrata olayaptimi? O‘quvchilarning o‘zlashtirishi nima uchun tushib ketgan, deb savol berib, pedagoglar nomiga har turli malomatlarni aytayotganimizda ularning vakolatiga kirmaydigan ishlarga o‘ralashib qolganini hisobga olayapmizmi? Menimcha yo‘q! Faqat ayblayapmiz, haqorat qilishgacha borayapmiz. Shu ishimiz insofdanmi?! Qayoqqa qarab ketayapmiz?! O‘zbekistonda o‘qituvchi qilmagan ish, bosh suqmagan soha qoldimikan? Tekin mardikor, mo‘min-qobil o‘qituvchini eshak qilib minib, ishga borib-kelish qoldi shekilli!

 

Alp Arslon. O‘qituvchilar, millatga eng kerakli odamlar

Men aqlimni taniganimdan keyin ozgina bo‘lsa-da Sobiq Ittifoq davrini ham ko‘rib qolgan insonlardan biriman. Kim o‘sha davrni maqtasa maqtayversin, ammo men uchun o‘sha tuzum ham, o‘sha davlat ham manfur bir tuzum, manfur bir davlat bo‘lib qolaveradi. Xudo taqdir qilsa o‘sha tuzumning, o‘sha davlatning jirkanch siyosatini hali nabiralarimga ertakday qilib hikoya qilib berishim bor.

Esimda, endi mustaqil bo‘lganimizda katta minbarlarda davlatimiz rahbarlari xam, OAV ham tinmay o‘sha manfur tuzumni yomonladilar. Qo‘shilib men ham yomonladim. O‘shanda biz haq edik. Tuzum anchayin jirkanch bo‘lgan. 

Ayniqsa bizga milliy ozchilik millatlarini o‘zini, o‘zligini anglashlariga qattiq qarshilik ko‘rsatgan. Va shu yo‘lda maorif sohasini doim o‘lda-jo‘lda ushlagan. Ya'ni, reja bo‘yicha aholini savodxonligi 100 foizga yetkazilgan, ammo mayda millatlarning ilm bilan qattiqroq shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratib berilmagan. 

Hozir bu gaplarimni o‘qib qaysidir bir «aqlli»ning kallasiga «o‘shanda bizda ilm uchun hamma sharoitlar bo‘lgan» degan fikr ham kelayotgandir. To‘g‘ri, balki shunday bo‘lgandir, ammo men bu yerda asosan maktab ta'limini, maktablardagi sharoitlarni nazarda tutib yozayapman. 

Endi aniqroq gaplarga o‘tsam. SSSR o‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab to tarqalib yo‘qlik qa'riga yo‘q bo‘lib ketguncha «AQShni quvib o‘tamiz» degan axmoqona shiorni dastak qilib ushlab olib, shu yo‘lda kosmosni o‘zlashtirish bahonasida hisobsiz mablag‘ni behudaga sarflab yuboravergan. Ammo, boshqa milliy respublikalarni bilmadim-u bizning O‘zbekistonimizda aynan maktab ta'limini rivojlantirish, maktabdagi sharoitlarni yaxshilash uchun hech ish qilmagan. 

Endi, hozirgi kunda bitta raketani uchirish uchun milliard dollar atrofidagi mablag‘ sarflanayotganini ochiq yozishayapti. Ba'zilar maqtayotgan o‘sha manfur tuzum esa bir yil 365 kun bo‘lsa har yili 365ta raketani turli maqsadlar uchun koinotga uchiravergan. Ammo yosh avlod uchun, bolalar uchun zamonaviy maktablarni qurib bermagan. 

Isboti - tumanimizdagi men bilgan va ko‘rgan maktablarimning aksariyati o‘tgan asrning 60-80 yillarida hashar yo‘li bilan paxsadan tiklangan maktablar edi. Tumanimizda ikki qavatli qilib, zamonaviy loyiha asosida qurilgan maktablar ham bor edi. Ammo ular barmoq bilan sanarli edi. Nafaqat tumanimizda, balki butun respublikamizdagi aksariyat maktablar shu yo‘l bilan tiklangan edi. Ha, kunora millardlab rublni sarflab «Amerikadan o‘tamiz» deb kosmosga raketa uchira oladigan davlat bolalarga zamonaviy maktablarni qurib berishda negadir «mablag‘ topa olmas» edi. 

Ana o‘sha paxsadan hashar yo‘li bilan tiklangan maktablar mustaqilligimizdan keyin 2005-2009 yillarda batamom buzib tashlanib zamonaviy qilib pishiq g‘ishtdan tiklandi. 

Xo‘sh, Sovet Ittifoqi deb nomlangan va ba'zilar hanuzgacha «zo‘r davrlar edi» deb og‘zidan bol tomib maqtaydigan davlatda zamonaviy qilib maktab qurish uchun pul yo‘q edimi yoki pishiq g‘isht topilmas edimi? Hammasi bor edi. Shunchaki Kremlda o‘tirgan janoblar o‘zbekning yoki tojikning yoki qirg‘izning bolasiga unday zamonaviy maktablarni ravo ko‘rishmasdi xolos. 

Yoki yana bir dolzarb masala bu o‘tgan asrning 50-60 yillaridan boshlab ana shu «Ulug‘ davlat»da «paxta kampaniyasi»ga zo‘r berilib o‘qituvchi va o‘quvchilarni o‘qish boshlangan sentabr oyidan qariyb yangi yilgacha paxta dalalariga haydab qo‘yish edi. 

Bunda ham maqsad bizga o‘xshagan millatlarning savodi chiqsin, ammo haminqadar bo‘lib yuraversin niyatida edi. Ya'ni savodxonlik 100 foiz bormi, bor. Bolalar maktabga chiqayaptimi, chiqayapti. Bo‘ldi, shuning o‘zi yetarli. Savodxonlik undan oshirilsa bu millatlar o‘zini taniydi, o‘zligini taniydi. Undan keyin esa mustaqillik xohlab qolishi mumkin. Shu uchun ham bu millatlar savodini uch bahoga yarasha chiqarsin-u dexqonning bolasi dalaga chiqsin, cho‘ponning bolasi esa suruvga. Ha sho‘rolarning siyosati shu edi. 

Yuqorida ham aytdim mustaqillikning ilk yillarida mana shu yuqorida men yozgan holat rosa ko‘p tanqid qilindi, ammo…

Ammo o‘qituvchiga, o‘quvchiga munosabat o‘zgarmadi. 

To‘g‘ri, zamonaviy maktablar qurildi. Ammo ming afsuslar bo‘lsinki hanuzgacha o‘qituvchilarga o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan ko‘plab yumushlar buyurilayapti. 

Hali metallom rejasini topshirishadi, hali makalatura yig‘ish deganday. Kuzda esa navbati bilan paxtaga borish kerak. Esimda 3-4 yil oldin o‘qituvchilar hatto namunali uy-joy qurilishiga hasharga ham bordilar. 

Umuman olganda biz o‘sha Sovet Ittifoqi deb atalmish tuzumning hamma narsasidan voz kechdik. Faqatgina mana shu og‘riqli muammo bo‘lmish o‘qituvchilarga munosabatdan boshqa. 

Hamon sho‘rlik o‘qituvchilar o‘zlariga tegishli bo‘lmagan xizmatlarda yurishibdi. 

2016 yilning sentabr oyidan vaqtinchalik Prezident lavozimiga tayinlanganlaridan boshlab, keyinchalik xalq tomonidan Prezident etib saylanganlaridan keyin Prezidentimiz Shavkat Miromonovich  Mirziyoyev hamma sohalarda katta-katta islohotlarni boshlab yubordilar. Endi ana shu islohotlarning bir shamoli Xalq Ta'limi Vazirligi va uning viloyat, tuman bo‘limlariga ham yetib kelishi kerak va o‘qituvchilar o‘zlariga tegishli bo‘lmagan turli «xizmatlar»dan batamom ozod qilinishlari kerak. Bunda albatta mahalliy hokimliklarning roli ham bor. Chunki ayrim xizmatlar o‘qituvchilar gardaniga ular tomonidan ham yuklanmoqda. 

Bundan buyog‘iga o‘qituvchi o‘z vazifasini bajarishi lozim. 

Umid qilamiz, yaqin vaqtlarda hukumatimiz va Prezidentimiz bu og‘riqli muammoga ham e'tibor qaratadilar va o‘qituvchilarning gardaniga ilinayotgan turli «xizmatlar» ularning gardanidan olib tashlanadi. 

Zero bu millatga o‘qituvchilar hammadan ko‘ra ko‘proq kerakdirlar. 


Diyor Imomxo‘jayev. SOS

Onam hamshira bo‘lib ishlaydi. Shifoxonasida hurmat qilishadi. Qo‘li yengil bo‘lgani uchun uning ishga qaytishini kutib ta'til vaqti o‘tishini kutadigan bemorlari borligini bilaman.

Meni katta qilgan rahmatli buvim esa o‘qituvchi edi. Boshlang‘ich sinflarga dars bergan, menga alifboni o‘rgatgan ayol. Keyinroq unga umuman aloqasi yo‘q boshqa maktabda o‘qiy boshlaganimda buvim haqida faqat yaxshi gaplar eshitganman.

Ular topadigan pul o‘zidan ortmaydi. 600-700 ming oylik yo‘lkirasi, tushligi va boshqa xarajatlari uchun ketib qoladi. Ishlashidan maqsadi tirikchilik emas, shunchaki bo‘sh o‘tirgisi kelmaydi. Odamlarga nafi tegishini, zamondan ortda qolib ketmaslikni istab, ishiga oshiqadi. Biz shunisiga shukr qilamiz. Ishi bilan ovunib yursa, yaxshi ish bilan mashg‘ul bo‘lsa, eng muhimi salomat yursa shuning o‘zi baxt.

Bugun ular kabilarga oson emas. Masalan onam soat 7da uydan chiqib ketishi kerak. Qish kunlari bu vaqtda quyoshdan asar ham bo‘lmaydi. Bemorlariga bir qarasa, qaraganligi to‘g‘risida ikki bet narsa yozadi, qayd etib borishi kerak hammasini. Palatalari uchun ajratadigan vaqtidan jurnal to‘ldirish uchun ketadigan vaqti uch marta ko‘proq bo‘lsa ajablanmayman. Negadir rivojlangan mamlakatlarda unday emas. Bemorning shaxsiy varaqasini kompyuterga kirgazib boradigan butunlay boshqa shtat bo‘lishi kerak, adashmasam.

Onam uyga kelganidan keyin prezident kitoblarini, shunga o‘xshash boshqa qo‘llanmalarni o‘qib chiqishi kerak. Sog‘liqni saqlash vazirligi kategoriya uchun imtihon olib turadi. Bulardan tashqari turli kasalliklar va shunga o‘xshash masalalarni soat 11-12gacha varaqlab chiqadi. Vaholanki tonggi soat 7da uydan chiqib ketishi kerak.

Bitta savoliga ko‘zim tushib qolgandi, chaqaloqni necha gradusli suvda cho‘miltirish kerak. Variantlar 33, 34, 35, 32. Taxminan shunaqa edi. Onam uch o‘g‘ilni kasal qilmay, sog‘lom qilib katta qilgan. Sovuq yoki issiq suvda cho‘miltirish mumkin emasligini yaxshi biladi, lekin bir-biriga juda yaqin graduslarda masalan adashib ketishi mumkin-da. Bu-ku mayli, o‘zini sohasi deylik (aslida u tug‘ruqxonada ishlamaydi va yosh bolalarga qaramaydi). Shoshilinch vaqtda, bemorning ahvoli og‘irlashib qolganida prezident asarlarida yozilgan mavzu yordam bermaydi, menimcha. Universitetda o‘qish davomida o‘sha kitoblarni mutolaa qilganmiz ko‘pchiligimiz, ilojini topsa hamma o‘qishi kerak bo‘lgan kitob deb bilaman. Biroq hamma narsani murakkablashtirishdan nima naf, tushunmayman. Uning o‘rniga doktorlar uchun asqatadigan amaliy darslar, nazariy bilimlarni egallash imkoniyati berilsa, ong keragidan ko‘p informatsiyani qabul qilavermasa hayot nisbatan osonroqmikin, deb o‘ylayman. O‘sha beqiyos kitoblar boshqa soha vakillari uchun juda asqatadi, tavsiya qilaman. Biroq uning yozilishi shundayki, qaysidir soha vakillari majburiy o‘qishdan mazmuniga yetib bora olmasligi mumkin.

Balki qaysidir hamshirani imtihondan yiqitish ham kerakdir. Har yili minglab kadrlar kollej va litseylardan yetishib chiqadi, ularni ish bilan ta'minlash lozim. Bizda ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratib, qaydlar uchun alohida shtat ochib, hamshiraning e'tiborini esa ko‘proq bemorga qaratish erish tuyular balki. Shu hamshira shoshilmasdan, keksa odamlarga iliq munosabatda bo‘lsa, holidan ko‘proq xabar olsa bu bemorga ham ijobiy ta'sir qiladi degan fikrim bor, yana ham ularning o‘zlari bilguvchi.

Haftada olti kun ishlaydi hamshira ham, o‘qituvchi ham. Ba'zida yakshanba kuni shanbalik uchun chaqirib turishadi. Olti kun ishlagani yetmaganidek, yettinchi kun ko‘cha-ko‘yni tozalaydi. Bu yaxshi ish, xayrli ish. Aynan shuning uchun ajratilgan shtatlar ulgurmasa kerak. Yoki tozalik uchun alohida mablag‘ ajratish qiyindir. Paxta mavsumida kelganida hamshira ham, o‘qituvchi ham unga jalb qilinadi. Buni ularning hammasi biladi.

O‘qituvchida yozuv-chizuv yanada ko‘proq. Har bir bola uchun javob berishi kerak. Uyda 2 bolani eplash qiyin, u esa har soatida 40 bolani ushlab o‘tirishi kerak. Orasidan qaysi biridir o‘zlashtira olmasa, o‘qituvchi aybdor bo‘ladi. Rivojlangan mamlakatlar sinfxonalarini tan olaman, kinolardagi kartinalar orqali bilaman. Ko‘pi bilan 20 o‘quvchi o‘tiradi sinfxonada, undan ko‘p emas.

Oyim yozilgan ishlarni uyiga olib kelib tekshirardi biz ovqatlanib o‘tirganimizda. Ishida ulgurolmay qolganlari bo‘lgan albatta. Unda ham shanbalik, yakshanbalik degan narsalar bor. Yetmaganiga har bir bolasining ortidan uyiga borib keladi. Necha kundadir bir maktabni qo‘riqlaydi (bir to‘da bezorilar kelib qolsa kak raz ish beradi-da). Xullas, men bilmagan yana qancha tomoni bor.

Biz esa o‘qituvchilarni, shifokorlarni ketib qolgan joyidan ortga qaytarmoqchimiz. Bilmadim bu qanchalik amalga oshadi, chunki ular so‘nggi chora sifatida chetdan ish topgan. Hammasi valyutada oylik oladi, paxta termaydi, shanbalik qilmaydi, tonnalab narsa yozmaydi. Ishi o‘ziga yoqadi, qulaylik bor, buyruqvozlikdan yiroqda.

Masalan ular nega ketib qolgandi degan savolni berishimiz mumkinmi? Oyligi kammidi? Bankdan-ku valyuta ololmaydi, ko‘cha kursiga chaqqanida oyligi qanchani tashkil qilmoqda, borib kelishi, yeb-yechishiga yetmoqdami deb savol berib ko‘rsak bo‘larmikin? Men bir narsaga ishonaman, O‘zbekistonda odam ochidan o‘lmaydi. Xudoning nazari tushgan, to‘kin-sochinlik bor joydamiz, shukr. Hech bo‘lmaganda qo‘shni 1 kosa ovqat chiqarishi mumkin. Yuqorida ham aytdim, onam ham, buvim boyib ketish uchun ishlamaydi deb. Ularning juda ko‘plab hamkasblarida ham balki shundaydir. Topayotgan puli kuniga yarab turibdi, shukr. Bunga mayli e'tiroz yo‘q. Ortiqcha narsalarchi? Nega ularning yumushini yengillashtirish haqida o‘ylab ko‘rmaymiz?

Men imtihonlarga qarshi emasman. Biroq unda saviya va mantiq bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Dunyoning jamiki muammosini hamshiraning miyasiga suqib kirgazish men uchun tushunarsiz ideologiya. Terrorchilar, tinchlik, siyosiy vaziyat, istiqlol va shular qatoridagi masalalarni odamlarimiz TV yoki matbuot orqali ham bilib bormoqda. Ular ham yaxshini yomondan ajrata oladi. Maktab o‘quvchilari, oliy o‘quv yurti talabalari o‘rganishi, tushunishi kerak bo‘lgan narsalar, demoqchiman-da. Juda bo‘lmaganda oyda bir yaxshi roliklar, prezentatsiyalar bilan shu hamshiralarni boxabar qilish, ularning bilimini oshirish mumkin, qo‘liga bir tom kitob berib, 1 oydan keyin imtihon demasdan.

Onam o‘sha imtihondan o‘tib oldi, xayolingiz boshqa joyga ketmasin. Lekin qiynalib ketdi, chidab, ishlab yuribdi. Buni o‘zim ko‘rib turibman. O‘qituvchilar esa bolalarning butini yirtib tashlaydigan holatga kelishni boshladi, ko‘ryapsiz. Bu aslida ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq. Hamma narsani birgina buyruq bilan hal qilish qiyin. Chetga chiqib ketgan o‘sha aqlli insonlarning katta qismi mana shunday holatdan aziyat chekkandi. Tushuntirmoqchi, asoslab bermoqchi bo‘lgan. Biroq buyruqni so‘zsiz bajarishga o‘rgangan va kamida o‘sha olimdagi bilimga ega bo‘lmagan kishilar bunga yo‘l bermagan. Vatanni tashlab ketish esa so‘nggi chora, bu ularga ham oson emasdi.

O‘zgarishlarga oshiqayotganimizdan xursandman. Bularning bari hayotimiz yaxshilanishi uchun ekaniga ishonaman. Shu ishga bel bog‘lagan odamlardan oddiy mehnatkashlar ahvolini tushunishni iltimos qilaman. DAN xodimi to‘xtatib beradigan gul, shifoxona yoki maktabga keladigan sovg‘alardan ko‘ra ko‘proq, shu ishchilarning ishini yengillashtirish shod qilsa kerak ularni. E'tibor bering, odamlar topayotgan pulidan emas, ish tizimidan, mexanizmidan nolishni boshladi. Bitta odam birdagina 4-5ga bo‘lina olmaydi. Ishi sifatli bo‘lishi uchun u o‘z sohasi va muammolari haqida izlanishi kerak ko‘proq, ortiqchasi ortiqcha, fikrimcha.

Mavzuga oid