23:30 / 10.01.2018
74106

Aliment to‘lashga majbur shaxsdan xorijga chiqish cheklovi olib tashlanadi

O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi O‘RQ-459-son Qonuni imzolandi.

Qonun bilan aliment olish huquqiga ega shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta'minlaydigan bir qator o‘zgartirishlar kiritildi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligining Telegram mesenjyeridagi «Huquqiy axborot» kanali — @huquqiyaxborot

Endilikda:

Mehnat kodeksining 164-moddasida aliment to‘lashga majbur bo‘lgan shaxsga bir vaqtning ahloq tuzatish ishlari tariqasidagi jinoiy jazo qo‘llanilayotgan bo‘lsa, xodimning oylik ish haqidan ushlab qolishning cheklangan miqdori 50 foizdan 70 foizga o‘zgartirildi.

Oila kodeksining 99-moddasidagi har bir bola uchun aliment miqdori qonunchilikda belgilangan eng kam ish haqi miqdorining 75 foizdan (ilgari 1/3 qism) kam bo‘lmagan miqdorda belgilandi (oshirildi).

Mazkur qoida har bir bolaga to‘g‘ri keladigan aliment miqdori juda ham past darajada bo‘lganligi sababli kiritildi.

Oila kodeksining 140-moddasi bola voyaga yetguniga qadar muddatga aliment to‘lovlarini, xususan ko‘char va ko‘chmas mol-mulk yoki boshqa qimmatli narsalar berish orqali oldindan to‘lash imkoniyatini nazarda tutadigan qoidalar bilan to‘ldirildi.

Mazkur qo‘shimcha aliment to‘lashning turli metodlarini ta'minlash uchun kiritildi.

«Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunning 42-1-moddasi aliment to‘lashga majbur shaxs tomonidan alimentni oldindan to‘lash yoki garov shartnomasi tuzish holatlarida, ushbu shaxsga respublikadan chiqishga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashni nazarda tutgan qoidalar bilan to‘ldirildi.

Mazkur qoida voyaga yetmagan bolaning qonuniy huquqlarini buzmagan holda aliment to‘lashga majbur shaxsdan xorijga chiqish cheklovlarini olib tashlash imkonini beradi.

Mavzuga oid
Top