Toshkentda aksariyat maktablardagi sinflarda o‘quvchilar soni belgilangan normativdan yuqori
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan navbatdagi “Hukumat soati”ga “Umumiy o‘rta ta'lim maktablari binolarini saqlash, sinfxonalari, darsliklar va laboratoriya jihozlari bilan ta'minlash holatini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi masala kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur masala bo‘yicha deputatlarga axborot berish va ularning savollariga atroflicha javob qaytarish uchun parlament quyi palatasiga O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov taklif etildi.
Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida barcha sohalardagi kabi ta'lim yo‘nalishida ham chuqur islohotlar, yangilanishlarni amalga oshirishga qaratilgan qator ibratli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, ta'lim sifatini yaxshilash, maktab o‘quvchilariga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida tizimli chora-tadbirlar bajarildi. Xususan, darsliklarni takomillashtirishda innovatsion yondashuv asosida o‘quvchilarni mantiqiy fikrlashga yo‘naltirilgan ta'limiy o‘yinlar, mashqlar, masalalar, topshiriqlar darsliklar mazmuniga singdirildi. O‘quvchilarning fikrlash va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan xalqaro baholash dasturi PISA, TIMSS talablariga mos keladigan laboratoriya va amaliy topshiriqlar bilan boyitildi.
Shuningdek, xalq ta'limi tizimidagi umumta'lim maktablarining o‘quv va boshqaruv jarayonini avtomatlashtirish maqsadida “Maktab ta'lim jarayonini boshqarishning avtomatlashtirilgan dasturiy tizimi – xt.uzedu.uz” va OPENEMIS (emis.uzedu.uz) axborot tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Axborotda qayd etilganidek, bugungi kunda respublikadagi umumta'lim maktablarining jihozlanish darajasi 72 foizdan oshmaydi. Ular ham zamonaviy emas, bugungi kun talablariga to‘liq javob beradi, deb bo‘lmaydi. 50 foizi ma'nan va jismonan eskirgan. Shu jumladan, maktablarda jami 11 ming 468 ta komplekt kompyuter texnikalari mavjud bo‘lib, maktablarning bu boradagi ta'minlaganlik darajasi 72,1 foizga yetadi. 2018 yilda jami 1 716 ta umumta'lim maktabi zamonaviy kompyuter sinflari (interaktiv panel, proyektor, kompyuter, konditsioner) bilan ta'minlandi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda 2020-2024 yillarda sport inshootlarini qurish-ta'mirlash va jihozlash dasturi loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda 2 302 ta umumta'lim maktabida sport zallari barpo etish, 9 446 ta sport zalini jihozlash nazarda tutilgan.
Parlament a'zolarining qayd etishicha, viloyatlar markazlari, ayniqsa, Toshkent shahridagi aksariyat maktablarda bitta sinfdagi o‘quvchilar soni belgilangan normativdan yuqori – 40 nafardan ortiqni tashkil etmoqda. Bu sanitariya-gigiyena talablariga ham javob bermaydi. Qolaversa, o‘quvchilarning sifatli ta'lim olishida muayyan to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda.
Tadbirda deputatlar tomonidan ko‘tarilgan shu kabi ko‘plab masalalarni bartaraf etish yuzasidan Xalq ta'limi vazirligining aniq yondashuvi, istiqboldagi rejalari atroflicha bayon etildi.
“Hukumat soati”da Xalq ta'lim vazirligiga umumiy o‘rta ta'lim maktablari binolarini saqlash, sinfxonalari, darsliklar, laboratoriya jihozlari hamda o‘quv anjomlari bilan ta'minlash holatini yanada yaxshilash chora-tadbirlarini ko‘rish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi. Ayniqsa, tizimda olib borilayotgan ishlarni yanada jonlantirish, sohada o‘qitish metodikasini takomillashtirish, ta'lim-tarbiya jarayoniga ilg‘or uslublarni, xususan, individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich tatbiq etish masalalari yuzasidan bir qator tavsiyalar berildi.
Mavzuga oid
15:02 / 25.12.2024
Ayrim maktab xodimlariga ustamalar to‘lash takomillashtiriladi
12:08 / 21.12.2024
Zagrebdagi maktabda pichoqli hujum: bir bola halok bo‘ldi, yaralanganlar bor
19:39 / 19.12.2024
Namanganda maktab direktori xizmat xonasini qimorxonaga aylantirdi
15:21 / 19.12.2024