“Boshida kimyoga umuman qiziqmaganman” – o‘qituvchilik ortidan milliarderga aylangan Mohira Boltayeva
Mohira 23 yoshda. U uch yildan beri Toshkent shahrida Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda kimyodan dars beradi. Bu yil uning o‘quvchilaridan 3 nafari nufuzli xalqaro kimyo olimpiadasida oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Ësh pedagog o‘quvchilarining natijalari ortidan qisqa vaqt ichida qariyb 1 mlrd so‘m pul mukofotlarini jamg‘arishga erishdi. Kun.uz bilan suhbatda u xalqaro olimpiadalardagi ishtiroki, pedagog sifatida kimyodan olimpiadalarga o‘quvchilarni tayyorlash metodlari va muvaffaqiyat formulasi haqida gapirib berdi.
“Kimyoni o‘rganishim ota-onamning xohishi bo‘lgan”
Otam – fermer, onam laboratoriya xodimi, oddiy oila farzandiman. Shunga qaramasdan oilamizdagi uch farzandning barchasi o‘qimishli, oliy ma’lumotli. Ota-onam hamisha sifatli ta’lim olishimiz uchun katta sarmoya ajratgan.
Ikki akam – Behzod va Bobur Boltayev 2013–2015 yillarda Xalqaro kimyo olimpiadasi va Xalqaro Mendeleyev olimpiadalarida oltin, kumush, bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Ikkalovi birgalashib talabalik yillarida Toshkent pediatriya tibbiyot institutining akademik litseyida olimpiadalarga tayyorlovchi kichik markaz ochgan va o‘quvchilarni o‘qitgan. 9-sinfni bitirganimdan so‘ng meni ayni shu markazda o‘qishga taklif qilishgan. Boshida kimyoga umuman qiziqmaganman. Bu fandan olimpiadalarga qatnashishim ota-onamning xohishi bilan boshlangan. Akalarim kimyo olimpiadalarida ishtirok etib kelayotgani va bu oilaviy an’ana sifatida shakllangani bois, menga ham mazkur yo‘nalishda o‘zimni sinab ko‘rishimni aytishgan. Shu tariqa kimyo fanini o‘rganishga kirishganman.
“Tajribasizligim sabab olimpiadada past ball olganman”
Litseyda o‘qish vaqtida 1-kursdan olimpiadalarga tayyorlanishni boshladim, 2-kursda terma jamoa safiga qo‘shildim. Birinchi yil mendan kuchli bolalar ko‘p bo‘lgani uchun olimpiadada qatnasha olmadim. Ikkinchi yil esa o‘z ustimda kuchliroq ishlab, 4 kishidan iborat milliy terma jamoa safiga qabul qilindim. Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida ishtirok etib, bronza medalini qo‘lga kiritdim. Ammo bu men uchun katta muvaffaqiyatsizlik bo‘lgan, o‘zim kutgan natijadan ancha past ko‘rsatkichni qayd etganman. Ayniqsa, laboratoriya bo‘limidan tushgan topshiriqqa javoblarni juda qoniqarsiz yozganman. 75 balldan 22 ball olganman. Yaxshi natija ko‘rsata olmaganim tajribasizlik ortidan kelgan. Masalalarni yechishda vaqt taqsimotiga e’tibor qaratmaganman, dovdirab qolganman. O‘sha vaqtda O‘zbekiston terma jamoasi ichida eng quyi natija meniki bo‘lgan, yopilish marosimida parda ortida turib ko‘p yig‘laganman. Lekin ota-onam va akalarim qo‘llab-quvvatlab, katta kuch berishgan. Ushbu olimpiadadan so‘ng, 2019 yili Parijda o‘tkazilgan Xalqaro kimyo olimpiadasida qatnashdim. Unda aynan laboratoriya sinovlariga kuchliroq e’tibor qaratdim, xatolarim ustida ishlab, kumush medalni qo‘lga kiritdim.
“Dars o‘tish meni degradatsiyadan saqlab qoldi”
Maktabda 2021 yildan buyon o‘qituvchi sifatida ishlayman. Yosh bo‘lganim bolalarni yaxshiroq tushunib, ular bilan tez til topishib, yaqinroqdan ishlash imkonini berdi. Olimpiadaga tayyorlanayotgan bolalarning ko‘pi maqsadi bor, o‘zini anglagan bo‘ladi, shu sabab ular bilan ishlash qiyinchilik tug‘dirmaydi.
Odatda, olimpiada uchun maktabda bolalarni saralab olamiz va o‘qitamiz. Tayyorlash jarayonida ko‘rsatayotgan natijalariga qarab olimpiadada qatnashishga salohiyati yeta olmayotgan bolalarni institutga yo‘naltiramiz. Har kuni soat 15:00 dan 18:00 gacha dars o‘tamiz. Maktab darsliklariga aralashmaymiz. O‘zimiz tuzgan tizim hamda o‘quv dasturi bor, shunga binoan bolalarni olimpiadaga tayyorlaymiz.
O‘quvchilarni olimpiadaga tayyorlash menga juda yoqadi, meni degradatsiyadan saqlab qolgan narsa ham aynan dars o‘tishim deb bilaman. Bolalarga o‘rgatish uchun kitob, maqolalar o‘qiysiz, o‘z ustingizga ishlaysiz, to‘xtab qolmaysiz. Agar shu ishni qilmaganimda rivojlanayotgan tengdoshlarimdan ancha ortda qolib ketgan bo‘lardim.
Xalqaro olimpiadada tushadigan topshiriqlar universitet kimyosiga yaqin va murakkabroq. Ko‘p manbalarni o‘rganish talab etiladi. Bitta pedagogga o‘quvchilarni kimyodan olimpiadaga tayyorlash qiyinlik qiladi – vaqt kam, ish ko‘p. Men bu jarayonda jamoam bilan ishlayman: kimdir material tayyorlab beradi, kimdir laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazadi, yana kimdir masalalarni yechishni o‘rgatadi va boshqa kimdir nazariyani o‘tadi. Bitta o‘qituvchining o‘zi o‘quvchiga barchasini sifatli qilib yetkazib berishga jismoniy jihatdan ulgurmaydi. Hozirda olimpiadaga tayyorlanayotgan bolalar soni 20 nafardan ko‘p. Vazirlik tomonidan tashkil etilgan saralashdan o‘tgan 4 nafar bola xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish uchun terma jamoa safiga qabul qilinadi.
“Terma jamoa safida o‘quvchilarim yetakchilik qildi”
Kimyo fani bo‘yicha eng nufuzli olimpiada bu – Xalqaro kimyo olimpiadasi hisoblanadi. Unda 90 ta davlatdan ishtirokchilar qatnashadi. O‘ziga xos tomoni, ushbu ilm musobaqasida har bir davlat o‘zining saralangan, soha bo‘yicha eng yuqori bilimga ega o‘quvchilaridan iborat 4 kishilik terma jamoasini yuboradi. 2024 yilda milliy terma jamoa safiga 3 o‘quvchim qabul qilindi. 4 kishilik jamoa ichida 3 ta qatnashuvchi mening o‘quvchilarim bo‘lgani men uchun katta yutuq bo‘ldi. Ular 3 ta medal – oltin, kumush, bronzani qo‘lga kiritdi.
Bu olimpiadada yutuq sifatida diplom va medal beriladi, ammo pul mukofotlari yo‘q. Xalqaro kimyo olimpiadasi medalining o‘zi uni yutgan bola karerasida katta imkoniyat eshiklarini ochib beradi. Nufuzli universitetlar, yirik ish beruvchilar medal sohiblariga qiziqa boshlaydi, ular biladiki, medalni qo‘lga kiritgan bolada katta potensial bor, u o‘zining ustida ishlab, yanada yuqori natijalarni qayd eta oladi.
“Rag‘bat – o‘z ustimizda ishlashga katta ishtiyoq beradi”
O‘zbekistonda fan olimpiadalari g‘oliblarini rag‘batlantirish tizimi 2019 yilda ishga tushirilgan. Bu tizimning yo‘lga qo‘yilishi ilm sohasi vakillari uchun katta motivatsiya beryapti. 2019 yil 51-Xalqaro kimyo olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritganimda 66 mln 900 ming so‘m mukofot puli olganman. 18 yoshimda bilimim ortidan katta daromadga ega bo‘lishim o‘z ustimda tinimsiz, kerak bo‘lsa, uxlamay ishlashga turtki bergan.
Uch yildan buyon o‘qituvchi sifatida mukofot pullarini olyapman. Umumiy hisobda jamg‘arilgan mablag‘ miqdori salkam 1 mlrd so‘mga yaqinlashib qoldi. 2022 yilda bir nafar o‘quvchim Xalqaro kimyo olimpiadasida g‘olib bo‘lgan, uning uchun menga 118 million so‘m mukofot puli berilgan. 2023 yil olimpiadalarda o‘quvchilarim yuqori natijalarni ko‘rsatgani uchun 350 mln so‘m pul mukofoti berilgan. Bu yil esa fan olimpiadalari g‘oliblari va ularning ustozlarini taqdirlash marosimida umumiy hisobda 378 million so‘m mablag‘ taqdim etildi.
Albatta, bu katta ishtiyoq beradi. Shaxsiy kuzatuvlarimga ko‘ra, pul mukofotlarining berilishi hisobiga olimpiadalarda qatnashish va olimpiadalarga o‘quvchi tayyorlash istagi oshgan. O‘qituvchilar o‘quvchi tayyorlashga harakat qilyapti, uning uchun o‘z ustida ishlayapti, qo‘shimcha manbalarni o‘qiyapti. Bunda nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilar ham rivojlanyapti. Fikrimcha, rag‘batlantirish tizimining eng foydali jihatlaridan biri – pul bilan bo‘lsa ham insonlar orasida bilimga qiziqish ortishi. Mayli, bola medalni qo‘lga kirita olmasin, mayli, o‘qituvchi olimpiadaga bola chiqara olmasin, lekin aynan shu natijaga erishish uchun harakat qilib o‘qiydi, izlanadi, bilim darajasi ortadi.
Shu kungacha 100 nafardan ko‘p bolani o‘qitdim. Ularning hammasida ham yuqori natijalar qayd etilmagan. Qaysi birlaridir olimpiadaga chiqa olmagan, ba’zilari boshqa sohani tanlab ketgan. Qaysidir nuqtada o‘z vazifamni uddalagandirman, boshqa birida esa uddasidan chiqa olmagandirman. Eng muhimi, o‘quvchilarim hayotidagi ma’lum bir muddatni ilm olishga yo‘naltira olganim pedagog sifatidagi muvaffaqiyatimdir deb bilaman.
Bu kabi natijalarni qayd etishimga yordam bergan narsalar: mehnat, sabr, iroda. Qaysidir vaqtda to‘xtab qolmadik – ishladik oxirigacha, qaysidir vaqtda xafa bo‘lib tashlab ketmadik – izlandik oxirigacha, qaysidir vaqtda uxlamadik – o‘qidik oxirigacha. Mana shular hisobiga yaxshi natijalar ko‘rsatildi. Albatta, bugungi yutuqlar faqat bir o‘zimning mehnatim emas, ota-onam, akalarim, jamoadoshlarim, o‘quvchilarim va ular ota-onalarining birgalikdagi harakatlaridir.
“Xalqaro kimyo hamjamiyatining O‘zbekistonga ishonchi ortyapti”
Mamlakatimiz 2024 yilda Xalqaro kimyo olimpiadasida 90 ta davlat orasida 11-o‘rinni qayd etilib, milliy terma jamoa a’zolari 1 ta oltin, 2 kumush, 1 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. O‘tgan yili 90 ta davlat orasida 9-o‘rinda edik, 2 ta oltin, bitta kumush, bitta bronza medalini olgandik. 2022 yilda esa terma jamoa xalqaro olimpiadada umumiy hisobda oltin ham ololmagan, 4 ta kumush medal bilan qaytgan. Natijalar asta-sekin yaxshilanyapti, kelgusi yillarda kuchli 10 talikka kirishga umid qilamiz.
Ayni vaqtda O‘zbekistonning xalqaro olimpiada reytingida egallab turgan o‘rnini yaxshi ko‘rsatkich deb bemalol aytishimiz mumkin. Sababi ro‘yxatda yuqori o‘rinlarda qayd etilgan mamlakatlar uzoq yillardan beri ushbu statusni ushlab turgan davlatlardir, ularning darajasida yetib olish uchun bizga bir necha yil kerak bo‘ladi.
Xalqaro kimyo hamjamiyati O‘zbekiston yoshlarining bu fan bo‘yicha salohiyatini tan ola boshlayapti. Shuning uchun 2026 yilda xalqaro kimyo olimpiadasini o‘tkazish O‘zbekistonga topshirildi. Endi mazkur yirik tadbirni o‘zbekistonliklar tashkil qiladi, olimpiada doirasida beriladigan savollar, masalalarni O‘zbekistondagi mutaxassislar tuzadi. Albatta, bu katta ishonch. Ikki yildan keyin 90 dan ortiq davlatdan tashrif buyuruvchi kimyo sohasi bilimdonlarini kutib olamiz, hozirda xalqaro kimyo olimpiadasini mamlakatimizda o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik jarayonlari boshlangan.
“O‘zim kutgan bilimni ololmadim”
Olti yil mobaynida institutda o‘qib, tibbiyot sohasida faoliyatimni davom ettirmaslikka qaror qildim. Oliygohda birinchi kursda ta’lim olishni boshlaganimda hammasi boshqacha bo‘ladi, deb tasavvur qilgandim, besh yil avval reja va maqsadlarim o‘zgacha edi. Institutda o‘zim kutgan, o‘zim xohlagan bilimni to‘play olmadim. Bir narsani tushundim: sohani faqat professional pedagoglardan o‘rganish kerak, chalasavod bo‘lib qolishingizni hech qanday omil bilan oqlab bo‘lmaydi.
Endilikdagi rejam – biokimyo sohasini chuqur o‘zlashtirish, sohaning kuchli mutaxassislarini topib, ularning tajribasini o‘rganish va shu yo‘nalish bo‘yicha malakali pedagog sifatida dars berish. Asosiy maqsadlarimdan biri esa ilmiy muhitdan uzoqlashib ketmaslik, ilmiy jamiyatning ichida bo‘lish, zaruriy vaziyat tug‘ilsa, shunday jamiyatni tashkil qilishga yordam berishdan iborat.
Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operator: Ziyaddin Mamatjonov,
Montaj ustasi: Javohir G‘ayratov.
Mavzuga oid
16:06 / 11.12.2024
Forishda 64 yoshli erkak o‘qituvchi voyaga yetmagan o‘quvchi qizga shilqimlik qildi
16:40 / 25.11.2024
“42 km yugurish unga cho‘t emas” – 54 yoshida marafon chempioni bo‘lgan yangibozorlik o‘qituvchi
19:44 / 18.11.2024
Xorazmda o‘quvchining onasi maktabga borib, o‘qituvchi ayolga tashlandi
16:56 / 11.11.2024