O‘zbekiston | 17:59 / 20.05.2016
6137
3 daqiqa o‘qiladi

Koreya bosh vaziri: “Surg‘il koni O‘zbekiston – Koreya iqtisodiy hamkorligining yangi “chaqirimlarni ko‘rsatadigan ustuni”

Ilgari xabar berilganidek, ayni kunlarda Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xvan Gyo An rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi. 

Janubiy Koreya hukumati rahbari, o‘z tashrifi arafasida “Jahon” axborot agentligi muxbiri suhbatdoshi bo‘lgan.

Bosh vazir muxbirning “hozirgi paytda turli sohalardagi O‘zbekiston - Koreya qo‘shma loyihalari muvaffaqiyat bilan amalga oshirilmoqda. Surg'il konida barpo etilgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi ulardan biri hisoblanadi. Ushbu majmuaning noyobligi va ikki mamlakat uchun ahamiyati nimada deb o‘ylaysiz?”, degan savoliga quyidagicha javob qaytargan.

“Ushbu sanoat giganti qurilishining yakunlanishi marosimida ishtirok etish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. Uni Koreya-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorligining yangi “chaqirimlarni ko‘rsatadigan ustuni” deb atash mumkin. U o‘zining ko‘lamlari bilan haqiqatan ham mega-loyihadir: yotqizilgan sarmoya hajmi qariyb 4 milliard AQSh dollarini tashkil etadi. 

Bu loyiha hamkorlikning yangi modeli bo‘lgani tufayli ham alohida qimmatga egadir. U xom ashyo resurslari eksportidan qo‘shma ishlab chiqarishga o‘tishni va yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazib berishni ko‘zda tutadi.

Shuni alohida qayd etishni istardimki, 2014 yil aprelida shaxsan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Ustyurt gaz-kimyo majmuasiga keldilar. Biz bunday qiziqish va e'tiborni katta mamnuniyat bilan qabul qilamiz. Bu loyihaning amalga oshirilishiga jalb etilgan ishchilarga ham ko‘tarinki ruh bag‘ishlaydi. 

Obekt qurilishi yakunlanishiga bag‘ishlangan marosimda Janubiy Koreya va O‘zbekiston hukumatlari vakillarining ishtiroki bu loyihaga qaratilayotgan alohida e'tibordan dalolat beribgina qolmay, tomonlarning o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishga bo‘lgan qat'iy xohish-irodasi va intilishini ham ko‘rsatadi. Kelajakda ham bunday tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek, Qandim gazni qayta ishlash majmuasining barpo etilishida ishtirok etish rejalashtirilmoqda.