O‘zbekiston | 11:10 / 23.08.2017
33036
2 daqiqa o‘qiladi

Elektr energiyasining namunali iste'molchilari rag‘batlantiriladi

22 avgust kuni Milliy matbuot markazida "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati tomonidan OAV vakillari uchun anjuman o‘tkazildi. Tadbir davomida "O‘zbekenergo" AJ vakillari aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash borasida amalga oshirilgan ishlar, rejadagi chora-tadbirlar haqida ma'lumotlar berishdi.

KUN.UZ muxbiri xabar berishicha, respublika bo‘yicha har yili ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmi 60,0 mlrd. kVt soatdan ortiq bo‘lib, shundan GES orqali 6,5 mlrd. kVt soat yoki umumiy quvvatning 10 foizi, issiqlik elektr stansiyalari orqali umumiy quvvatning 90 foizi ishlab chiqariladi. 

So‘ngi vaqtlarda aholining iste'moli tobora ortib bormoqda. 2000 yilda bir xonadonga to‘g‘ri kelgan iste'mol 114 kVt soatni tashkil etgan bo‘lsa, 2016 yil hisobiga ko‘ra bu ko‘rsatkich 35 foizga ortgan va 160 kVt soatni tashkil etgan. Asosiy sabab esa kundalik turmushda maishiy texnikalar, elektr jihozlari, texnika vositalaridan keng foydalanishdir. 

1990 yilda aholining jami iste'moldagi ulushi 10,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2000 yilda - 13,9 foiz, 2016 yilga kelib esa 25,2 foizga yetgan. 

"Hozirgi kunda aholining elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorlik holati 1,5 trillion so‘mni tashkil etadi. Endilikda Majburiy byuro bilan hamkorlikda asosiy e'tibor to‘lov intizomini mustahkamlash, qarzlarni o‘z vaqtida undirib borish hamda O‘zbekistonning barcha hududlariga elektr tarmog‘ini uzluksiz yetkazib berishga qaratiladi. Elektr energiyasidan oqilona foydalanib kelayotgan va soliqlarni o‘z vaqtida to‘laydigan iste'molchilarni rag‘batlantirish maqsadida ham tanlovlar, imtiyozlar joriy qilinishi rejada belgilangan", deya ma'lum qildi "O‘zbekenergo" AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov.

Mavzuga oid