Fan-texnika | 11:17 / 27.04.2017
163409
6 daqiqa o‘qiladi

Yangi Chevrolet Malibu: tajovuzkor, qulay, zamonaviy va ishonchli avtomobil

GM-Uzbekistan Chevrolet Malibu sedanining to‘qqizinchi avlodini ishlab chiqarilishini e'lon qildi. Ayrimlar ishlab chiqariladigan ushbu yangi avtomobil Chevrolet Impala nomi ostida mashhur avtomobilning nomi o‘zgartirilgan varianti, degan xato fikrga ham borishdi. Yo‘q, Malibu seriyasidagi ushbu avtomobil to‘qqizinchi avlod vakili va mutlaqo yangi hisoblanadi.

Tashqi ko‘rinishi

Chevrolet Malibu’ning yangi avlodi ustida ish olib borgan dizaynerlar uning tashqi ko‘rinishi yanada tajovuzkorlik jo etishiga harakat qilishgan. Yangi avtomobil eski avlodlaridan mutlaqo boshqacha tashqi ko‘rinishga ega ekanligi bilan farqlanadi. Siniq va egri chiziqlar sedanga dinamiklik baxsh etadi va uni yanada chiroyli ko‘rinishga ega bo‘lishi uchun xizmat qiladi. Malibu’ning o‘ziga xos, tezda tanib olinuvchi qo‘sh radiator panjarasi yanada ingichka yorug‘lik diodli optika bilan jihozlangan.

Kuzovning yon tomonlaridagi relefli bo‘rtmalar garchi Impala sedaninikiga o‘xshash bo‘lsa-da, kuzovning juda ko‘p elementlari afsonaviy Camaro’dan o‘zlashtirilgan, biroq bu faqat bir qaraganda ilg‘ash mumkin bo‘lgan narsalar. Bu holatda, kuzovning alohida detallari qayta ishlanishi natijasida juda yuqori aerodinamik ko‘rsatkichlarga ega bo‘lingan. Avtomobil O‘zbekiston bozorida 4 rangda (marvaridrang oq, tutunsimon oq, to‘q kulrang va qora) ishlab chiqariladi.

Ichki ko‘rinishi

Interer dizaynida yuqori sifatli materiallardan foydalanilgan, uning hisobiga salon oldingi avlodlarnikidan ko‘ra ulug‘vor ko‘rinish kasb etgan. Markaziy konsoldagi tugmalarning minimal va qulay joylashuvi bilan bir qatorda sedan yangi asboblar paneli va rul chambaragiga ega bo‘lgan.

Markaziy konsol o‘rtasida MyLink ko‘ngilochar-axborot majmuasining diagonali 7.0 dyuym bo‘lgan Touch Screen displeyi o‘rnatilgan.

Haydovchi yonlari qulaylashtirilgan keng o‘rindiqqa o‘tiradi. Rul chambaragi ancha oldinga chiqarilgan, uning ortida esa analog datchikli bort kompyuteri joylashtirilgan. Orqa o‘rindiqda o‘tiradigan yo‘lovchilar 33 mm qo‘shimcha joyga ega bo‘lishgan va endi shovqindan himoya tizimidan to‘laqonli zavq olishlari mumkin.

Xavfsizlikni ta'minlash jihatidan Malibu xaridorlarning aslo xafsalasini pir qilmaydi. Mashina to‘plamidan 8 ta xavfsizlik yostiqchasi, teleskopik rul kolonkasi o‘rin olgan. Xavfsizlik tizimi, shuningdek, qiyalikdan tushishda avtomatik tormozlanish, tezlikning avtomatik nazorati, trekshn-kontrol — joyida charx urishni nazorat qilish va oldingi hamda orqadagi datchiklar yordamida mashinani yo‘l chetiga joylashtirish (parkovka) ni o‘z nazoratiga oladi.

Texnik tavsiflari va narxi

Avtomobil quyidagi qulayliklar va texnik tavsiflarga ega:

Iqlimni nazorat qilish, oldingi o‘rindiqlarning isitilishi, intererning (qora tusli) charm bilan qoplanganligi, ksenon chiroqlar, yorug‘lik diodli kunduzi o‘chmaydigan chiroqlar, oldingi chiroqlarni avtomatik sozlash tizimi, tumanga qarshi orqa chiroqlar, sensor displeyli multimedia tizimi, dvigatelni uzoqdan o‘t oldirish imkoniyati, sayohat davomida tezlikni avtomatik boshqarish tizimi (uzoq yo‘l bosganda asqotadi), havo namligini o‘lchab boruvchi datchik, isitiluvchi rul chambaragi, oldingi chiroqlarni avtomatik boshqarish tizimi (tunnellarni sezuvchi datchik), dvigatelni o‘t oldirish tugmasi, oldindagi va orqadagi yo‘l chetiga joylashtirish (parkovka) datchiklari, shovqinni nazorat qilish tizimi.

Avtomobil narxi milliy valyutamizda 210 mln. so‘m atrofida baholanmoqda. Xalqaro plastik kartochkaga AQSh dollariga xarid qilmoqchi bo‘lganlar davlat kursida 110 mln. 852 ming so‘m miqdorida teng dollar to‘lashadi.

Texnik ko‘rsatkichlari:

Dvigatel:

Tsilindrlar soni — 4, bir qator

Ishchi hajmi, kub sm — 2490

Maksimal quvvati kVt/ot kuchi — 186, daqiqasiga 5300 aylanishda

Aylantiruvchi moment, N*m — 249, daqiqasiga 4400 aylanishda

Transmissiya

Harakatlantiruvchi turi — oldingi

Transmissiya turi — 6 bosqichli avtomatik uzatmalar qutisi

Osmalar turi

Oldingi — Makferson

Orqadagi — To‘rt richagli osma

Tormozlanish tizimi

Oldingi/orqa tormozlar — diskli/diskli

O‘lchamlari

Uzunligi, mm — 4923

Kengligi, mm — 1854

Balandligi, mm — 1470

G‘ildiraklar bazasi, mm — 2829

Qayrilib olish uchun minimal radius, m — 5,4

Ichki o‘lchamlari

Yukxona bo‘lmasi hajmi, l — 447

Massasi

Yurishga shay massasi, kg — 1471

Maksimal ruxsat etilgan massa, kg — 2100

Dinamikasi

Maksimal tezligi, km/soat — 220

0–100 km/soatga erishish, soniya — 8,0

Yoqilg‘i sarfi

Shahar siklida, l — 11,1

Aralash siklda, l — 8,1

Yoqilg‘i turi va rusumi — AI-91

Yoqilg‘i baki sig‘imi, l — 60

Mavzuga oid