O‘zbekiston | 23:30 / 16.08.2017
67482
28 daqiqa o‘qiladi

«Birinchi zarbada tizzalarigacha, ikkinchi zarbada bellarigacha». Lotin va kirill atrofidagi gaplar

O‘zbekiston lotin alifbosida qolgani yaxshimi yoki kirill alifbosiga qaytish kerakmi? Tilshunos Eldor Asanov bu masalaga batafsil yondashib, kirill alifbosiga qaytish yoqlangan chiqishlarga aniq javoblar qaytardi.

25 yildirki, O‘zbekistonda “lotinga o‘tish” sagasi davom etmoqda. Bu boradagi bahs qay darajada keng miqyosli ekanini, mubohasa ba'zan haddan tashqari qizib ketishini, uning doirasida qaysi taraflar qanaqa argumentlar ilgari surayotganini batafsil ta'riflab o‘tirish, chamamda, ortiqcha bo‘lsa kerak. Lekin shu kunlarda munozara yangi bosqichga ko‘tarildi.

10 avgust kuni internetda adabiyotshunos, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Shuhrat Rizayevning prezidentga murojaati e'lon qilindi [6]. Maktub ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqardi. O‘nlab jurnalistlar, blogerlar va ijtimoiy tarmoqlarning faol foydalanuvchilari unga o‘z munosabatini bildirdi. Internet saytlarida maqolalar chop etildi. Kimdir muallifni davlat rahbariga ortiq darajada “paxta qo‘yish”da ayblagan bo‘lsa, aksariyat u bergan kirill alifbosiga qaytish taklifini keskin tanqid ostiga oldi. Facebook’da maxsus heshteglar tarqatildi, jarayonga afg‘onistonlik, tojikistonlik, qozog‘istonlik va qirg‘izistonlik o‘zbeklar qo‘shildi. Hali hech qachon alifbo atrofidagi bahslar bu qadar keng tus olmagan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda boshlangan kampaniyada chet ellik o‘zbeklarning ishtirok etgani ham katta yangilik bo‘ldi.

Ayni paytda, ushbu jarayon O‘zbekiston axborot maydonining nuqsonlarini fosh etib qo‘ydi. Birinchidan, bahs madaniyatidan yiroq, posthaqiqat falsafasi negizida his-tuyg‘uga urg‘u beradigan kishilar aniq yechimlar taklif eta olmasligi, aksincha, vaziyatni chigallashtirishi tushunib yetilmadi, shekilli, ijtimoiy tarmoqlarda bir-birining dalillariga emas, shaxsiyatiga musht ko‘tarayotganlar ko‘pchilikni tashkil etayotgandek, nazarimda. Ikkinchidan, oxirgi oylarda O‘zbekiston mediasida muayyan o‘zgarishlar bo‘lganiga qaramay, publitsistik matnlar saviyasi hamon pastligicha qolmoqda. Ayrim jurnalistlar va mualliflar chiroyli so‘zlarni ipga tizib chiqishning o‘zi ommaga ta'sir qilish uchun kifoya, degan qarashdan voz kecha olmaganki, shaklan ohuday nozik, mazmunan o‘lik toshbaqaning kosasiday puch matnlar dunyo yuzini ko‘rishda davom etmoqda.

Mana shu ikki kamchilik bartaraf etilsa, o‘ylaymanki, alifbo mubohasasi ayni kerakli o‘zanga tushib oladi. Butun millat taqdiriga daxldor bunday masalani hal etishda baqir-chaqir ko‘tarish, bir-birining “ovozini o‘chirish”, balandparvoz maqolalar yozish, boshqa g‘oya tarafdorlarini virtual sazoyi qilish to‘g‘ri emas. Barcha o‘z fikrini aytish va himoya qilish huquqiga ega degan universal g‘oyaga sodiq bo‘lsakkina bizni-da eshitishadi, bizni-da hurmat qilishadi. Ta'sir aks ta'sirni keltirib chiqaradi. Shunday ekan, bahs ishtirokchilarini bir-birini eshitishga, dalillariga e'tibor qaratishga, tirnoq ichidan kir qidirish o‘rniga birgalashib aniq yechimlar ustida o‘ylashga chaqirgan bo‘lar edim. Zero barcha — bir jamiyatning teng huquqli a'zolari, birga yashay olish uchun murosa qilishni o‘rganish kerak, o‘z fikrini zo‘rlab singdirish esa yaxshilikka olib kelmaydi. Mavzuga befarq bo‘lmagan jurnalistlardan ham hamma ayta oladigan qolipli gaplardan qochib, dalillar, faktlarga tayangan holda o‘quvchilarga tafakkur ozuqasi berishni tavsiya qilaman.

Fursatdan foydalanib, o‘zim ham mavzu bo‘yicha mulohazalarimni bildirishga, bahslarni kuzatish davomida qayd qilganim ba'zi muammoli o‘rinlarni tahlil g‘alviridan o‘tkazishga qaror qildim.

Fitna bormi?

Mavzu bo‘yicha faollik ko‘rsatayotgan blogerlardan biri — Sardor Salim diqqatga sazovor taxminni kun tartibiga qo‘ydi. Uning qarashicha, tashabbus rasmiy shaxslar tomonidan axborot maydoniga tashlangani, rasmiy va yarim rasmiy saytlarda kirill yozuviga qaytish tarafdorlarining maqolalari bot-bot e'lon qilinayotgani ma'lum buyurtma borligini ko‘rsatadi: kimlardir mana shunday “tashabbus”lar ortidan “xalq irodasi” illyuziyasini yaratmoqchi va kirillga qaytish masalasini “xalqning xohishi” qilib ko‘rsatmoqchi. Lekin ijtimoiy tarmoqlarda avj olgan aksilkirill kampaniyasi bu urinishlarni chippakka chiqardi, butun xalq bo‘lmasa-da, harqalay, yoshlar kirillga qaytishga mutlaqo qarshi ekanligini yaqqol ko‘rsatdi.

Bir muddat vaqtni maqsadli sarflash uchun uncha-muncha katta matnlarni chetlab o‘tayotganim bois Shuhrat Rizayevning murojaatiga jiddiy e'tibor qaratmagan edim. Lekin yuqorida ta'riflangan shov-shuvdan so‘ng, shuningdek, Sardor Salimning taxminini tekshirish maqsadida maktubni o‘qib chiqishga jazm etdim. Ochig‘ini aytganda, uzundan-uzoq qilib yozilgan murojaat bilan tanishib chiqqach, tanqidchilarning aksariyati uni to‘liq o‘qimadimikan, degan andisha uyg‘ondi, aks holda, fikri ojizimcha, u yerda boshqa, ancha o‘rinli takliflar va fikrlar aytilganini ko‘rishar edi. Aytaylik, O‘zbekiston teatri tarixi muzeyini tashkil etish, badiiy filmlar uchun maxsus pavilonlar yaratish, Navoiy, Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qodiriy singari adabiyot namoyandalari nomiga mukofotlar tashkil qilish tashabbuslari hech kimda salbiy munosabat uyg‘otmasligi tayin. Alifbo muammosiga esa murojaatda atigi ikki abzats bag‘ishlangan ekan. Shunga qaramay, aynan kirillni birinchi, lotinni ikkinchi qilib belgilash taklifi yoshlarning va intelligensiya vakillarining keskin qarshiligiga sabab bo‘ldi. Ammo bu masalaga maktubda juda kam diqqat qaratilganidan kelib chiqsak, buyurtma haqidagi farazlar o‘zini oqlamaydi. Aftidan, ham lotin, ham kirill tarafdorlari bundan noto‘g‘ri signallar tushungan.

Alifbo — tilshunoslik muammosimi?

Alifbo bahslarida tilshunoslar ko‘p esga olinadi, lekin ularning o‘zi negadir jimlik saqlaydi. Bu safar ham bir-ikki hurmatli hamkasblarim ijtimoiy tarmoqlarda ochiqlama qilganlariga guvoh bo‘ldim, lekin, umuman olganda, ular yetarli darajada faol emas.

Darhaqiqat, bir qarashda, yozuv — bevosita tilshunoslik va tilshunoslar bilan bog‘liq masala. Lekin bahsning asosiy ishtirokchilari — jurnalistlar, yozuvchilar, blogerlar, tilga qiziquvchi turfa soha vakillari. Tilshunoslar bu o‘rinda bahs tomonlarining tanqid obekti sifatida sahnaga chiqadi: ularni shuncha yil ichida yangi alifboni hayotga tatbiq eta olmaganlikda, talabga javob beradigan tuzuk yozuv tizimi yarata olmaganlikda, butun bir avlodni ovora qilganlikda ayblashadi.

O‘z ko‘z qarashlarini gazetalarda, televideniyeda ifodalaydigan filologlar va tilshunoslar ham yo‘q emas. Biroq, kuzatishlarimga qaraganda, ularning ko‘pchiligi alifbo, umuman xat-savod masalasiga tilshunos emas, jurnalist yoki shunchaki fuqaro sifatida baho beradi. Ekspert-mutaxassis munosabatini bildirish o‘rniga ular har qanday jurnalist ayta oladigan “xalqimiz savodsizlashib ketyapti”, “til qoidasini buzganlarni jazolash payt keldi” singari balandparvoz, ammo mantiqi va foydasi oz shiorbozlikdan nari o‘ta olmaydi.

Ayni damda, tilshunoslarga yog‘ilayotgan malomat toshlari ham har doim asosli bo‘lmayotganini ta'kidlab o‘tishga majburman.

Birinchidan, akademik doiralarda ko‘tarilgan masalada ichki, ilmiy bahs bor, biroq bu bahs natijalari odatda keng jamoatchilikka ma'lum bo‘lmaydi. Akademik nashrlar va tadbirlar ommaviy mediachalik keng qamrovga ega emas. Oxirgi paytlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida tashkil etilgan maxsus komissiya kengroq ko‘lamga chiqib, ijtimoiy tarmoqlar va ochiq majlislar orqali ushbu bahsga keng jamoatchilikni ham jalb qilishga urinmoqda. Qator tilshunos mutaxassislar gazetalarda, jurnallarda ilmiy va ommabop maqolalar berib bormoqda.

Ikkinchidan, unutmaylikki, qaysi alifbodan foydalanish ilmiy emas, siyosiy masaladir. Ilmiy jihatdan har qanaqa yozuvni har qanaqa tilga moslashtirish mumkin. Yozuvni paypoqday almashtirish yoki bitta alifboga sadoqat saqlash “to‘g‘ri” yoki “noto‘g‘ri” ekanligini isbotlaydigan hech qanday obektiv ilmiy omillar mavjud emas. Axir ilm-fanning asosiy quroli — xolislik, xolislik esa yagona va mutlaq haqiqatning o‘zi yo‘qligini taqozo etadi. Lotinga o‘tish jarayonida ham, undan ancha oldin, kirill yozuvi kirib kelganida ham tilshunoslar so‘qir ijrochilar edi, xolos.

Ishonchim komilki, ilmiy diskurs bilan jamoatchilik bahsining qo‘shilish nuqtasida savollarga javob topiladi. Olimlarning metodik yondashuvi, ular to‘plagan boy faktik material jurnalistlar va adabiyotchilarning kuyinchakligi bilan qo‘shilsa, munozaraga ma'no-mazmun, argument kuchi kiradi. Hozirgi tortishuvlar esa ko‘proq “Shum bola”dagi sarlavhaga chiqarilgan dalillash uslubini eslatadi.

Argumentatsiya

Mana shu ilmiylikning, tahlilning yetishmasligi sababidan ayrim mushohadalar kishida g‘alati taassurot uyg‘otadi. Hatto eng samimiy gurunglarda ham puxta o‘ylanmagan, nima bo‘lsa ham o‘z so‘zini o‘tkazish uchun aytilgan dalillar ko‘p yangraydi. Ushbularga teran nigoh bilan qarasangiz, dasht o‘rtasidagi chayla misol mantiq shamolidan sochilib ketadi va beixtiyor suhbatdoshingizning noxolisligidan hafsalangiz pir bo‘ladi. Aytaylik, “x” va “h” tovushlari farqlanmasligini, ularni birlashtirib yuborish tilga salbiy ta'sir etmasligini aytsangiz, konservativ qarash sohiblari “arab so‘zlarida bor, tarixan shunday, qolaversin” deb turvoladi. Lekin “unda unlilarni ham, tarixdan kelib chiqqan holda, old va orqa qatorga bo‘lib, tegishli harflar kiritaylik” deb ko‘ring, o‘sha kishilarning o‘zlari darhol to‘nini teskari kiyib, “xalq shunga o‘rganib bo‘ldi” deb og‘zingizga uradi.

Buni misollashda Mirzabek Japaqov ismli huquqshunos jurnalistning kuni kecha chop etilgan “Arosatda qolgan lotin yozuvimi yoki muammosiz kirill?” [4] maqolasi bizga “savalash yostiqchasi” (“grusha dlya bitya”) vazifasini bajarib beradi.

Aslida bu maqola publitsistik raddiyaning yomon namunasidir. Muallif xolislikni, bosiqlikni bir chekkaga yig‘ishtirib, opponentlarini haqorat qilishdan tap tortmaydi. Raqiblarini “lo‘ttiboz” deb so‘kish, ularni kirill imlosiga “xiyonat qilgan”likda ayblash na huquqshunos, na jurnalist maqomiga yarashmaydigan beodoblikdir. Jurnalist etikasi, ommaviy bahs va muloqot madaniyati haqida oldinroq yozib bo‘lganim uchun bu mavzuda chuqurlashmayman.

Muallif so‘zining boshida adabiyotshunos Shahnoza To‘raxo‘jayevaning “Huquq va burch” gazetasi sahifalaridan yer olgan “Lotin yoki kirill — qay biri ma'qul?” nomli maqolasini [7] ko‘kka ko‘tarib maqtaydi, ayniqsa u kirillga qaytishni ma'qul topganini urg‘ulaydi. To‘raxo‘jayeva xonimga raddiya yo‘llagan Hotamxon Luqmonovga esa [5] ro‘yxushlik bermaydi va “xalqimizda ‘chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin’, degan purma'no maqol bor” deya yozg‘iradi.

Avvalo, adabiyotshunos bilan tilshunos orasida sezilarli farq bor. Adabiyotshunos hali tilning “qassobi” degani emas (albatta, Shahnoza opaning maqolasi ancha saviyali, chiroyli yozilganini, u masalaga tahliliy yondashishga harakat qilganini e'tirof etish lozim). Ikkinchidan, bir-ikki abzatsdan so‘ng Japaqovning o‘zi ham qassob emasligini unutib qo‘yadi-yu, jigarni taloq bilan adashtirib yuboradi. U tarixiy faktlarni buzib ko‘rsatganini, agar qasddan qilmagan bo‘lsa, faqat shu bilan tushuntirish mumkin.

Iqtibos (imloviy xatolar tuzatilgan):

“Mustaqillikka erishgan ilk yillardanoq o‘sha paytdagi ayrim g‘arbparast deputatlar, parlament yetakchilari o‘zbek yozuvini lotin grafikasiga o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqanlar. Ularning iddaosi rus shovinistlari xalqimizga kirill alifbosini majburlab tiqishtirgani, shu sabab mustamlakachilar imlosidan voz kechish lozimligi bo‘lgan.

Aslida shundaymidi? Aslo! Aksincha, rus shovinistlarining asl maqsadi SSSR xalqlari, jumladan, arab imlosida yozuvchi xalqlarni to‘laligicha lotinlashtirish edi.

Shuning uchun ham 1920–1930 yillarda A.V. Lunacharskiy boshchiligida SSSR bo‘ylab lotinlashtirish kampaniyasi boshlangandi.  Bu borada 1929 yil 7 avgust kuni SSSR hukumati qarori ham chiqqan. Lotinlashtirish siyosati SSSR xududida olib borilgan o‘ziga xos kampaniya hisoblanib, dunyoning asosiy qismini (iyerogliflardan tashqari) lotin grafikasiga o‘tkazish rejasi bo‘lgan va buning ortida diniy, siyosiy va ijtimoiy ta'sirlar ham mavjud edi.

Aynan mana shu kampaniya ta'siri ostida o‘sha paytda Bokuda bo‘lib o‘tgan turk tilshunoslari qurultoyi turk ellari uchun lotin alifbosining arab alifbosidan yaxshiroq yaralganligi to‘g‘risida ilmiy qarorini bergandi.

Mana shu qarordan keyin O‘rta Osiyo xalqlari birin-ketin lotin imlosiga o‘ta boshlagan. Biroq, lotin yozuvi o‘zini oqlamaganligi sababli lotinlashtirish siyosati ham uzoqqa cho‘zilmagan. Bu siyosatning oqibatini vaqtida tushunib yetgan o‘zbek ziyolilarining sa'y-harakati bilan 1940 yili lotin alifbosidan voz kechilib, uning o‘rnini kirill alifbosi egalladi”.

Hurmatli muallif Boku konferensiyasi ishtirokchilari ham, o‘zbek lotin yozuvi inkishofchilari ham “panturkchi, millatchi” yorliqlari yopishtirilib qamalgani, surgun etilgani, otib tashlanganini bilarmikin? Qaydam. Keling, voqealar aslida qanday bo‘lganiga qiziqib ko‘ramiz.

O‘tgan asrning 30-yillariga qadar hali jadidlar — o‘zbek, qozoq va boshqa mahalliy xalqlar ziyolilari ozmi-ko‘pmi, kuch va nufuzga sazovor edi. SSSRga qadar arab xati barcha turkiy xalqlarning tilini birlashtiruvchi muhim omil sanalar edi. Negaki arabcha harflarda turli lahja va shevalarga xos matnlar deyarli bir xil shaklda yozilar, bu turk tilli xalqlar bir-birini tushunishini osonlashtirar edi. Birinchi modernistlar bo‘lmish jadidlar lotin xatining bundan-da afzalroq ekanini tushunishdi; birlamchi, lotin yozuvidagi turk tili dunyoga yaqinlashadi, ikkilamchi, barcha turk tillari va lahjalari uchun yagona alifbo yoki juda yaqin lotincha tizimlarning ishlab chiqilishi natijasida turk ellari bir-birini tushunishda davom etaveradi.

Ana shu g‘oyalarga yetishish ilinjida turk xalqlari birin-ketin lotin yozuvi asosidagi alifbolarini ishlab chiqa boshladi.

Shu o‘rinda Japaqov siyqasi chiqqan yana bir klisheni takrorlaydi. Uning fikricha, “lotin yozuvi o‘zini oqlamagan” ekan. Lotin xat tizimiga qarshi keltiriladigan bu argument negizida yetarli asos yo‘qligini payqash qiyin emas, shunga qaramay, konservativ mualliflar “yozuv o‘zini oqlamagan”idan lof urishdan charchamaydi.

Shuhrat Rizayev “lotin alifbosi, mutaxassislar fikricha, tilimiz tabiatiga unchalik muvofiq emas” deganda nimani nazarda tutgan? Qaysi mutaxassislar? Tilning “tabiati” nima o‘zi? Agar fonetikasi bo‘lsa, unda o‘zbek tili tabiatiga yuz foiz muvofiq bitta yozuv tizimi bo‘lgan — turk-run (ko‘kturk, O‘rxun-Yenisey) xati. Qolaversa, har qanday alifboni tilning tabiatiga moslashtirish — imkoni bor ish.

Mirzabek Japaqov “lotin yozuvi o‘zini oqlamagan” deganda biror narsaga asoslanyaptimi? Menimcha, jurnalist mavzuni qoniqarli o‘rganib o‘tirmasdan, sonlar va faktlar orasiga shaxsiy fikrimni tiqishtirib ketsam, u ham faktga aylanib qoladi deb o‘ylagan. Tegishli ilmiy adabiyotlar bilan tanish odam yaxshi biladiki, o‘zbek lotin yozuvi kirillcha muqobilidan ancha mukammal edi, bugungi lotinda uchrayotgan nuqsonlar unda bartaraf etilgandi. Jumladan:

- o‘zbek tilining to‘qqiz fonemali vokalizmini (unli tovush tarkibini), singarmonizm hodisasini to‘liq aks ettirar edi;

- 1929 yildagi Samarqand til va imlo konferensiyasining adabiy til haqidagi qarorida boshqa tillardan kirgan so‘zlarning hammasi “o‘zbek tilining temir qonuniga” bo‘ysungan holda yozilishi va o‘qilishi, ya'ni o‘zbekchalashtirilishi belgilangan edi;

- “sh”, “ch”, “ng” tovushlari digraflar (qo‘shharflar) bilan emas, diakritikali undosh harflar bilan ifodalanar edi;

- boshqa turkiy tillar bilan o‘zaro tushunish darajasi yuqori edi [2].

Turk va musulmon jamiyatlarining yoppasiga kirillga o‘tkazilishi ruslashtirish siyosatining bir qismi bo‘ldi. Turk xalqlarining tillari bir-biridan, ayniqsa Turkiyadan uzoqlashtirildi. Gurjilar va armanilar kirillga o‘tkazilmaganida ham ko‘p gap bor.

XX asrning 30-yillarida, kirill xatini joriy etish arafasida mazkur siyosiy buyurtmani bajarish doirasida ko‘pchilikka tanish tuyuladigan qiziq-qiziq jarayonlar ro‘y berdi: gazetalarda, radioda, ilmiy va ilmiy-ommabop kitoblarda, ommaviy tadbirlarda lotin alifbosi “o‘zini oqlamagani”, “mos kelmagani”, “real turmush talablariga javob bermagani” iddao etildi, modernistlar “fosh” etildi, millatchilikda ayblandi, kirillcha mahalliy tillarga yaxshiroq mos kelishi uqtirildi. Xullas, kirill imlosi joriy etilishi uchun zamin hozirlandi.

Yangi alifbo u qadar yomon emas edi, tabiiyki, biroq lotin xatini ishlab chiqishda qo‘lga kiritilgan yutuqlar unda yo‘qotildi: yozuv singarmonizmni aks ettirmay qo‘ydi, buning natijasida yuz yil ichida qanchadan-qancha shevalar bu ajoyib xislatini yo‘qotdi, “ng” digraf bilan ifodalanadigan bo‘ldi, arab tilining rudimentlari bo‘lmish “h”, “'” harflari saqlab qolindi, yotalashgan unlilarni ifodalaydigan ye, yo, yu, ya harflari jiddiy zaruratsiz qo‘shildi, o‘zlashma so‘zlar rus tili qoidalari bo‘yicha talaffuz qilinishi darslarda, radio va gazetalarda targ‘ib etildi [1], bu o‘zbek tili fonetikasi sinishiga olib keldi. Buning oqibatlarini hozir ham ko‘rishimiz mumkin: “direksiya”, “direktor”, “televideniye” va yana yuzlab boshqa baynalmilal so‘zlarni o‘zbek tili fonetikasiga moslab talaffuz qilganlar “savodsiz”ga chiqariladi, mavzuning mohiyatini tushunmagan “olg‘avatan”chilar “savodli” bo‘lish uchun bu kabi so‘zlarni ruscha talaffuz qilishni targ‘ib etadi, bir so‘z bilan aytganda, o‘zbek tili rus tilining bosimidan haligacha qutula olmay kelmoqda.

Maqolada lotin imlosiga qarshilar ritorikasiga xos yana bir qancha an'anaviy argumentlar keltiriladi. Ularni ham ko‘rib chiqamiz.

Muallif yana quduqni to‘nkarib, minora yasamoqchi bo‘ladi va quyidagi taqqosni keltiradi:

Endilikda esa bunday shaxslar yana o‘rtaga chiqib yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishda lotin alifbosining rolini ro‘kach qilishmoqda. Xo‘sh, texnologiyalarning yuksak cho‘qqisiga chiqqan yaponlarning lotin alifbosidan xabari bormikin? Janubiy Koreyani qo‘yaturaylik, milliardlagan aholisi bor Xitoyliklarningchi?  Ularga lotin alifbosini taklif qilib ko‘ring-chi!? Nima derkin?”.

Juda ko‘p aytiladigan bu e'tiroz aslida yanglish analogiyadir. Bu o‘rinda o‘zbek jurnalistikasining ta'riflab bo‘lingan qusuri — mavzuni chuqur o‘rganmay, faktlarni tekshirmay turib populizmga berilishini yana bir qayta esga olmay ilojim yo‘q.

Har bir xalqning yozuv madaniyati o‘ziga xos yo‘l bilan rivojlanadi, shuning uchun ularni o‘zaro qiyoslaganda ehtiyot bo‘lish kerak. Xitoy iyerogliflarini o‘zbek kirill alifbosiga qiyoslash qay darajada to‘g‘ri? Xitoyliklar o‘z xatini 4 ming yil, hindlar 2,5–3 ming yil, arablar, yaponlar, koreyslar, gurjilar, armanilar 1,5–2 ming yildan beri ishlatadi (hindlar va eronliklar, ayrim arab davlatlari bir vaqtning o‘zida lotincha transliteratsiyani ham qo‘llaydi). Bu yozuv tizimlari hozirgi xalqlarni o‘tmish bilan bog‘laydi, madaniy uzluksizlikni ta'minlaydi. O‘zbek kirill yozuvi shu qadar chuqur tarixga egami, shunday jiddiy vazifani bajaradimi? Agar analogiya ko‘kturk xati yoki hech bo‘lmasa arab grafikasi uchun keltirilsa, o‘rinliroq bo‘lardi.

Bundan tashqari, tilga olingan xalqlarning milliy yozuvlari yana qator muhim siyosiy va sotsiolingvistik vazifalarni bajaradi. XIX asr oxiri — XX asr boshida arab tilini ham, xitoy tilini ham lotin harflariga o‘tkazish loyihalari bo‘lgan. Bu loyihalar qabul qilinmay, akademik muassasalar javonlarida qolib ketgani texnika va texnologiya sohasida jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Mirzabek Japaqov xitoy iyerogliflarida kompyuterda matn terish qanday qiyinchiliklar keltirib chiqarishini tasavvur qila olmasa kerak. Ammo tarixiy yozuvni saqlab qolish qarori boshqa jihatdan cho‘t berdi.

“Yagona arab millati” konsepsiyaning ro‘yobi bevosita yozuv siyosatiga bog‘liq edi, zero bir-biridan tamomila uzoqlashib ketgan, amalda alohida tillarga aylanib ulgurgan o‘nlab arab lahjalarini yagona tilga birlashtirishda barcha uchun umumiy imlo talab etilardi. Bugungi kunda arab grafikasi Maltadan boshqa barcha arab tilli davlatlarni qamrab oldi. Shuning uchun ular hanuzgacha o‘zini yagona xalq deb biladi. Bundan tashqari, yagona yozuv arab tilini parchalanishdan asramoqda.

Xitoyda ham o‘nta atrofida alohida til ajralib chiqmasligi uchun ularni yagona tilga birlashtirishda, xitoy millatining birligini saqlab qolishda iyerogliflar hal qiluvchi ahamiyat qozonadi. Bir-birini eshitsa mutlaqo tushunmaydigan mana shu yozuvga qarab bir xil ma'noni tushunib oladi.

O‘zbek kirill xati-chi, mana shunday birlashtirish missiyasini bajaradimi? Aksincha, u arab xatidan foydalanadigan afg‘onistonlik, saudiyalik, pokistonlik o‘zbeklarni, lotin xatidan foydalanadigan turkiyalik o‘zbeklarni bizdan uzoqlashtiradi.

Quloqqa chalingan yana bir e'tiroz bildirish priyomi lotin imlosining kamchiliklarini sanash, gazetalar, kitoblar lotincha chiqmayotganini ro‘kach qilishdir. Tanlab olingan maqola ham bu masalani chetlab o‘tmagan:

“Bugungi kunda yoshlarimiz xat-savodini lotinda chiqarishayotganiga qaramasdan ular kirill imlosini afzal ko‘rmoqda. Yoshlar nafaqat o‘zbek adabiyoti, balki, Chingiz Aytmatov, Gyote, Teodor Drayzer, Jyek London singari ko‘plab jahon adabiyoti namoyandalarining mumtoz asarlarini aynan kirill imlosida sevib o‘qimoqdalar”.

Bu ham yanglish analogiyadir, chunki “gazetalar, kitoblar lotincha chiqmayapti” tezisidan “ayb lotin yozuvida ekan” degan xulosa yasab bo‘lmaydi. Rost, lotinda savod chiqargan millionlab yoshlar bu yozuvda yetarli miqdorda kitob, gazeta o‘qishdan mosuvo, bu yoshlarning savodsizlashuvi, marginallashuvida ma'lum rol o‘ynamoqda.

Lekin aytingchi, kim va nega lotin yozuvida gazeta va kitob chiqarmayapti? Yoki bo‘lmasa lotincha harflarning o‘zi qalam ostidan qochib ketyaptimi? Yoki 35 ta kirillcha harfni eslab qolishga aqli yetgan o‘zbeklar 29 ta lotin harfini eslab qola olmaydimi?

Bugungi texnologiyalar kompyuterning bitta tugmasini bosish bilan katta-katta matnlarni kirilldan lotinga o‘girish imkonini beradi. Shunday ekan, gap lotin yozuvining maqsurligida emas. Qolaversa, kirillcha joriy etilgan dastlabki pallalarda ham aholi “vaqtinchalik savodsiz” bo‘lib qolgan, gazetalar, kitoblar chiqarish, shahar epigrafikasini kirillga o‘tkazish yo‘li bilan bu hol bartaraf etilgan. Hozir shu ishni takrorlashga nima xalaqit beradi? Elita bir imzo bilan butun mamlakatda lotin yozuvini to‘liq tatbiq etishi mumkin, bunday qilinmayotgan ekan, aybni balogardon imlodan emas, rasmiy muassasalarning tor yo‘lkalaridan qidiring.

Yechim

Til, yozuv, imlo masalalari siyosat bilan bevosita bog‘liq bo‘lgani tufayli, ilgariroq ta'kidlanganidek, ularni hal etish uchun qandaydir obektiv kriteriylar keltirish mushkul. Eng maqbul yechim — o‘zaro hurmat bilan ommaviy, publitsistik va metodologik bahs olib borish hamda barchani qanoatlantiradigan murosa yo‘lini tanlash. Shaxsan o‘zim nafaqat yozuvni, imloni, balki umuman tilni jiddiy reviziya qilish tarafdoriman, bu qarashlarimni bir-ikki yil muqaddam alohida maqola shaklida bildirgan edim [3]. Lekin barchaning manfaati inobatga olinishi uchun murosaga tayyorman va boshqalarni ham shunga chaqirib qolaman.

So‘zim yakunida shaxsiy nuqtai nazarimni aytar ekanman, lotin yozuvi eng ratsional tanlov ekanligini yana bir bor qayd etib o‘tmoqchiman. Lotin grafikasi o‘zbek tilini jahon hamjamiyatiga yaqinlashtiradi, bu hatto eng mayda jihatlarda ham o‘z aksini topadi. Masalan, O‘zbekistonga tashrif buyurgan turistlar ko‘chalarda lotincha peshlavhalar va yozuvlar ko‘rsa, ancha oson mo‘ljal oladi, shaharni bemalol kezadi.

Lotin xatining boshqa ustunliklari haqida ko‘p yozilgan, takrorlab o‘tirmayman, faqat bir narsaga e'tibor qaratmoqchiman.

Amaldagi lotin yozuvida kamchiliklar borligini inkor qilib bo‘lmaydi. Lekin har qanday kamchilikni bartaraf etish mumkin. Juda uzoqqa bormay, o‘sha o‘tgan asr tajribasidan foydalansa bo‘ladi. Qolaversa, bu o‘zbek tili rus, fors, ingliz va boshqa tillar an'anasidan uzilib, o‘z rivojlanish yo‘lini topishi uchun bir imkoniyat bo‘ladi.

 

Adabiyotlar

1. Abdullayev F. Til qanday rivojlanadi. – Toshkent: “Fan”, 1972. B. 12.

2. Ibragimov S. Orfografiya uzbekskogo yazyka // Orfografii tyurkskix literaturnyx yazykov SSSR. – Moskva: «Nauka», 1973. S. 220.

* * *

3. Asanov E. Yangi o‘zbek tili loyihasiga chizgilar. http://www.taraqqiy.uz/2015/06/yangi-ozbekcha/

4. Japaqov M. Arosatda qolgan lotin yozuvimi yoki muammosiz kirill? http://sharh.uz/munosabat/item/19547-arosatda-olgan-lotin-jozuvimi-joki-muammosiz-kirill

5. Luqmonov H. O‘zbek olimasiga raddiya: Lotin alifbosi millatmiz uchun zarur. http://kun.uz/news/2017/07/30/uzbek-olimasiga-raddia-lotin-alifbosi-millatimiz-ucun-zarur

6. Rizayev Sh. Prezidentimizga maktub. http://kitobdunyosi.uz/publitsistika/460-prezidentimizga-maktub.html

7. To‘raxo‘jayeva Sh. Lotin yoki kirill — qay biri ma'qul? http://kun.uz/18754060?q=%2F18754060

Mavzuga oid