Rossiyaning yana bir hududida migrantlarga taksi va avtobusda ishlash taqiqlandi
Rossiyaning Tyumen oblastida 2022 yildan boshlab taksi va avtobuslarda muhojirlarni ishga qabul qilish taqiqlanadi. Bu haqda oblast gubernatori Aleksandr Moor chiqargan qarorda aytilgan.
Unga ko‘ra, transport xizmatini ko‘rsatuvchi kompaniyalar yangi yil boshidan patent asosida Rossiya hududida ishlayotgan mehnat muhojirlarini ishga olmaydi. Kelasi yildan Tyumenda quyidagi sohalarda migrantlar ishlashi taqiqlanadi:
- Shahar va shahar tashqarisiga yo‘lovchi tashuvchi transport yo‘nalishlari;
- Taksi xizmati;
- Avtomobilda yuk tashish, mahsulotlarni avtomobilda yetkazib berish xizmatlarida.
Yuqorida ko‘rsatilgan sohalarda ayni damda ishlayotgan migrantlar taqdiri nima bo‘lishi aytilmagan, ammo ular kelasi yil 1 martiga qadar ishdan bo‘shatilishi mumkin.
Tyumen Rossiyaning jamoat transportida migrantlar ishlashi taqiqlangan ikkinchi hududiga aylandi. Bungacha hududiy jihatdan aynan Tyumen oblasti tarkibiga kiruvchi Xanta-Mansiysk avtonom okrugida ham muhojirlarning jamoat transportida ishlashi taqiqlangan edi. Bu okrugda migrantlar kelasi yildan alkogol va tamaki mahsulotlari sotiluvchi do‘konlarda ham ishlay olmaydi.
Rossiyada muhojirlarning turli sohalarda sonini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xususan, mamlakat poytaxti Moskvada qurilish sohasida muhojirlar mehnatidan umuman foydalanmaslik bo‘yicha loyiha ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, mehnat muhojirlari uchun maxsus ID karta va ular qayerda ekanini ko‘rsatuvchi mobil ilova ishlab chiqish taklif qilingandi.
Ma’lumot uchun, Rossiyada 10 milliondan ortiq mehnat muhojirlari borligi aytiladi. Ular orasida eng ko‘pi o‘zbekistonliklar hisoblanadi. Birgina 2021 yil 3 milliondan ortiq o‘zbekistonlik Rossiyaga ishlagani borgan.
Mavzuga oid
23:32
OAV: 2024 yilda Ukrainadagi urushda 20 mingdan ziyod rossiyalik harbiy halok bo‘ldi
17:48
Rossiyadagi migrantlarning farzandlari uchun rus tili testi bepul bo‘ladi
12:35
Rossiyada YouTube «sekinlashishi» Putinning jonli muloqoti bilan bog‘landi
23:27 / 19.12.2024