17:00 / 18.12.2017
91138

«Poyabzallar ichidagi yirtiq paypoqlar». Ko‘zbo‘yamachilik, tadbirbozlik va maddohlik haqida

Bir yildirki mamlakatimizda jiddiy islohotlar boshlandi. Nomigagina, ko‘zbo‘yamachilik uchun emas, haqiqatda isloh qilish uchun, xalqning yukini yengil qilishga, majruhlangan iqtisodiyotni sog‘lomlashtirish, uni oyoqqa turg‘izishga qaratilgan islohotlar...

Bularni amalga oshirish uchun otning kallasidek yurak, tinimsiz shijoat va teran zakovat lozim. Shukrki, bularning barchasi islohotlar tashabbuskori bo‘lgan davlat rahbarida mujassam. Ammo qars ikki qo‘ldan chiqadi. Islohotlarni hayotga tatbiq etish uchun asosiy ijrochilardan, eng avvalo, bu islohotlarni jiddiy qabul qilish, ko‘p marta ta'kidlaydiganim, bir ishni amalga oshirishda «bolta bilan» emas, aksincha aql bilan ish ko‘rishga o‘rganish talab etiladi.

Avvalgi tahliliy maqolalarimda bugun prezident qo‘ygan maqsadlarga erishishda to‘g‘anoq bo‘layotgan omillarga to‘xtalgandim. Ushbu maqolada taraqqiyotdan og‘dirayotgan qusurlarimizning ba'zilariga to‘xtalishga ahd qildim. Maqolada o‘zim bevosita guvohi bo‘lgan holatlar tilga olinadi, ammo axloq nuqtai nazaridan va masala aslida shaxsiy muammolar emas, umummilliy iztirob ekanligi bois, hodisa ishtirokchilarining ismi sharifi va lavozimini tilga olmayman.

Nartsizm

Qadim yunon afsonalariga ko‘ra shahzoda Nartsiss chiroyda tengsiz, ammo ayollar qalbini ranjitadigan, tuyg‘usiz kimsa bo‘lgan ekan. Uning dilozorliklari sabab muhabbat ma'budasi uni duoibad qiladi. Natijada uning qalbida ishq nish uradi. Ammo u boshqa birovnimas, suvning bo‘yida yuzini chayayotib, o‘z chiroyiga oshiq bo‘lib qoladi. O‘zini sevadi. O‘zini madh qiladi. Alal-oqibat o‘zining hajrida kuyib o‘lib ketadi. Shundan buyon o‘ziga maftunlar borki, barchasiga: «Nartsiss kasalligi bilan kasallangan», degan tashxis qo‘yiladi.

Nadomatki, bugun atrofimizga, jamiyatga nazar solsak, telekanallarimizni kuzatsak, markaziy nashrlarimizni o‘qisak, biz haqiqatda nartsizm kasalligiga duchor bo‘lganimizni ko‘ramiz. Hanuz o‘zimizga mahliyo bo‘lish, o‘z tariximiz bilan faqatgina g‘ururlanish, o‘zimizni madh etish, soxta obro‘ orttirish bilan bandmiz.

Mahalliy ijro hokimiyatdagi yig‘ilishlarda ishtirok etishdan-ku ortiq azob yo‘q. Deyarli barchasi bir xil konsepsiyada o‘tadi. Prezident tanqid qilgan sohalar ayovsiz tanqidbozlik kampaniyasiga aylantiriladi, topshiriqlar bir xilda beriladi: «Qanday bo‘lmasin bajarilsin!»

Boshqa muammolar gapirilmaydi, kechagi siyosatda yo‘l qo‘yilgan ba'zi kamchiliklar vijdonsizcha, ko‘r-ko‘rona qoralanadi va o‘tmishning yelkasiga ortiladi.

To‘xtang, janoblar,  sizga nima bo‘layapti? Agar prezident o‘tgan davrda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tilga olgan bo‘lsa, aynan qayerda xato qilinganini, nima sababdan shunday bo‘lganini bilgani uchun, o‘z vaqtida shaxsan bularning oldini olishga harakat qilgani, ammo unga bu imkonni berishmagani uchun haqli ravishda tanqid qilayapti. Sizlar-chi?

Kecha ham aynan joylarda Siz hokim, Siz deputat, Siz asosiy ijrochi edingiz! Bevosita Siz joylarda bu muammolarni kelib chiqishiga sababchi edingiz. Eskicha o‘rganganingiz kabi to‘rachilikni davom ettirishga, faqat aytilganni qilishga, uni ham o‘zingiz istaganingizcha amalga oshirishda davom etishga imkon yo‘q bugun.

Davr o‘zgargani Sizga o‘zingizni Prezidentga yaxshi ko‘rsatish uchun o‘tmishga tosh otishga, maddohlikni kelgan joyidan davom ettirishga huquq bermaydi. Shu o‘rinda maddohlar xususida payg‘ambar alayhissalomning hadisi sharifini yodingizga solmoqchiman: «Tillari asaldan ham shirin, qalblari esa bo‘rilarniki kabidir». Bu so‘zlar aynan Siz haqingizda aytilgandir!

Tadbirbozlikdan qachon qutulamiz?

Negadir quyi mahalliy hokimiyat organlarining hisobot va faoliyatlariga nazar solsangiz, nuqul tadbirbozlikka duch kelasiz. Go‘yoki istalgan muammo bitta tadbir tashkil etilib o‘tkazilsa, o‘tib ketadigandek. Muammo hal bo‘ladigandek.

Janoblar, siz mas'ul hududda odamlar yod tanqisligi, oz foizda bo‘lsa-da, to‘yib ovqatlanmaslik, sil (tuberkulyoz)dan aziyat chekayotir. Homilador qizlarimiz, onalarimizdagi kamqonlik ko‘rsatkichi yildan-yilga oshib bormoqda. Xudo bergan qobiliyat bilan elga xizmat qilib kelgan jurnalist oyligiga kuni o‘tmaganidan Rossiya yoki Turkiyaga mardikorlikka ketayapti... Xo‘sh, bu muammolarga Siz zo‘r berib o‘tkazayotgan tadbirlarda yechim topilarmikin?!

Nafsilamrini aytganda, yoshlar orasidagi jinoyatchilik sonining oshishi, bitta bo‘lsa ham diniy-radikal g‘oyalar ta'siriga tushib qolishi, kollej qizlarining ko‘chada mushtlashishi, «sho‘xligi» ortidan istalmagan holatda homila bo‘lib qolib chiqindixonaga farzandini tashlab ketishlar, bularning hech biri Siz o‘tkazayotgan tadbirlar bilan hal bo‘lmaydi. Tadbirlarning soni bilan emas, uning natijasi bilan qiziqish kerakligini qachon tushunib yetamiz?! O‘tkazilayotgan tadbirning natijasini baholash tizimi yaratilmas ekan bu muammo hech qachon hal bo‘lmaydi. Soxta tadbirbozlik nartsizmdan o‘zga narsa emas!

Soxta obro‘ izidan quvish...

Yaqinda Toshkent viloyatida tashkil etilgan yangi ma'muriy hududlardan birida joylashgan «Muruvvat uyi»da savobtalab bir akamiz kimligini ma'lum qilmasdan o‘sha yerdagi qariyalarga osh berishga, muruvvat uyiga sovg‘a-salomlar ulashishga qaror qilganini aytib qoldi. Tadbir tartibli va ko‘ngildagidek o‘tishi uchun ikki nafar yordamchisini yubordi.

Ammo bu haqda xabar topgan mahalliy hokimiyat organi markaziy telekanaldan butun boshli ijodiy guruhni chaqirtirib, go‘yoki bu tadbirini yangi shaharchaning yangi hokimi tashkillashtirgani haqida lavha tayyorlattirdi. Odamlarni aldash mumkindir, ammo Xudoni aldab bo‘lmaydi.

Achinarlisi, tadbirning soxta tashkilotchisi — hokim to‘ra soat 12da boshlanishi kerak bo‘lgan tadbirga bir soatu yigirma daqiqa kechikib keladi. Bungacha esa aytilgan vaqtga tayyor bo‘lgan osh majburan suzdirilmaydi (suzilganida shovladan battar holda edi), nogiron va yordamga muhtoj qariyalarga bir soatu yigirma daqiqa oldiga qo‘yilgan ne'matlardan tanovul qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Mening nazarimda, bu coxta obro‘ orttirish ilinjida qilingan eng manfur harakatdir.

«Egasi faxrlanayotgan qanchadan-qancha bashang poyabzallar ichida yirtiq paypoqlar bor», — deganida Suqrot qanchalar haqligiga iymon keltirasan kishi. Mansabdorning soxtakorligi xalqdan oldin, eng avvalo, unga shu mansabni ishonib topshirgan Davlatning tuzini yeb tuzlig‘iga tupurishdan boshqa narsa emas!

Bugun yaxshi ko‘rinish davri o‘tdi. Yaxshi ishlash vaqti keldi. Muammolarni go‘yoki hal qilishga urinish emas, amalda hal qilish payti keldi.

Prezidentni tushunish shunchalar qiyinmi?

Nahotki Siz hanuz eyforiyada yashayapsiz? Bugungi kun, Prezident va xalq muammolar bilan mujodala etayotgan qizg‘in bir pallada nega ikkilanayapsizlar?! Davlat rahbari ishga munosabatni o‘zgartiring demoqda! Nega Siz buni kechagidan qattiqroq baqirish yoki yoningizdagi kadrlarni almashtirish deb o‘ylayapsizlar? Davlatning mas'ul vazifasida ishlab turib, olib borilayotgan siyosatning tub mohiyatini anglolmayotgan, yetarlicha anglay olmayotgan «kadr»larni ko‘rib, «Voh, Prezidentim-a», devorasan beixtiyor.

Prezident Sizdan o‘z tafakkur tarzingizni o‘zgartirishni talab qilayapti, Sizning masalalarni «bolta bilan» emas, aql bilan hal qilishingizni kutayapti. Muammo paydo bo‘lgandan keyin uni hal etishnigina emas, muammo paydo bo‘lishining oldini olishni talab etayapti. Prezidentga bugun asal tilli maddohlar emas, achchiq tilli ammo qalbi bo‘rilarniki kabi bo‘lmaganlar kerak! So‘zi o‘zgarganlar emas, qalbi o‘zgarganlar kerak. Nahotki buni tushunish shunchalar qiyin?!

Avval ham aytgan gapim: men millatimni boshqariluvchi emas boshqaruvchi, taroshlanuvchi emas taroshlovchi sifatida ko‘rgim keladi.

Said-Abdulaziz Yusupov,
sangtarosh Usta

Top