O‘zbekiston | 19:59 / 18.12.2024
16492
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek migranti: u vataniga oltin eksportidan ham ko‘proq foyda keltiryapti

Bugun taxminan 2,5 million o‘zbekistonlik xorijda mehnat qilyapti. Ular vatanga yuborayotgan pullar hajmi oltin eksporti tushumlaridan ham ko‘proq, YaIMning naq 14 foizidan oshadi. Kun.uz Xalqaro mehnat migrantlari kunida chet elda ishlayotgan vatandoshlarning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi o‘rniga e’tibor qaratdi.

BMT Bosh assambleyasining taklifiga binoan 2000 yildan buyon har yili 18 dekabr Xalqaro migrantlar kuni sifatida nishonlanadi. 1990 yilning xuddi shu kunida “Mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi xalqaro konvensiya qabul qilingandi.

Dunyoda qancha migrant bor?

BMTning Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi muhojirlar soni 281 milliondan oshadi. Bu esa so‘nggi 50 yil ichida migrantlar soni uch baravarga ko‘payganini anglatadi. Ularning asosiy qismi ishsizlik, maishiy muammolar va sifatli ta’lim izlab o‘z mamlakatini tark etishgan.

O‘z navbatida yildan yilga migrantlar tomonidan o‘z vataniga amalga oshirgan pul o‘tkazmalari miqdori ham oshib boryapti. Xususan, bu ko‘rsatkich 2000 yildan 2022 yilgacha bo‘lgan davrda 650 foizga yoki 128 mlrd dollardan 831 mlrd dollargacha ko‘paygan.

Oxirgi o‘n yillikdagi migrantlar uchun eng jozibador davlatlar sifatida AQSh, Germaniya va Kanadani keltirish mumkin. Ushbu mamlakatlardagi muhojirlar soni keskin oshib borayotgani ham buni tasdiqlaydi. Masalan, 1970 yilda Qo‘shma Shtatlarda 12 mln xalqaro muhojir yashagan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 50 mlndan oshgan. Germaniya aholisining ham 18 foizdan ortiq qismini muhojirlar tashkil qiladi. Shuningdek, Saudiya Arabistoni, BAA kabi boy arab mamlakatlari ham migrantlar uchun jozibador davlatlardir.

Muhojirlar tomonidan eng ko‘p pul o‘tkazmalari AQShdan amalga oshiriladi. Bu miqdor 2022 yilda 79 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarda Saudiya Arabistoni (39 mlrd dollar), Shveytsariya (31,9 mlrd dollar) va Germaniya (25,6 mlrd dollar) turadi.

O‘z navbatida eng ko‘p pul o‘tkazmalari Hindiston, Meksika, Xitoy, Filippin va Misrga amalga oshirilgan. Jumladan, 2022 yilda Hindistonga yuborilgan pul o‘tkazmalarining miqdori 111 mlrd dollardan ko‘p.

Migrantlarning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi o‘rni

O‘zbekiston chetga mehnat muhojirlarini yo‘llash bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining oxirgi rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdan xorijiy davlatlarga ishlash uchun chiqib ketgan migrantlar soni 2,3 mlndan ko‘proq.

Yillar davomida o‘zbek migrantlari eng ko‘p yo‘l oluvchi davlatlar to‘rtligi quyidagicha shakllanib kelgan: Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Janubiy Koreya. Ammo oxirgi yillarda vaziyat birmuncha o‘zgardi.

Xususan, Rossiyadagi iqtisodiy vaziyat yomonlashuvi va migrantlar uchun talablarni qattiqlashtirish haqidagi chaqiruvlar, armiyaga jalb qilish bo‘yicha tashviqotlarning kuchayishi ushbu mamlakatga boruvchilar sonini qisqartirdi. Shuningdek, Turkiyaga borib ishlash ham o‘z jozibadorligini yo‘qotib boryapti. Bunga ushbu mamlakat iqtisodiyotining yomonlashuvi, liraning dahshatli qadrsizlanishi va yuqori inflatsiya ta’sir ko‘rsatyapti.

O‘zbekistonliklar uchun Buyuk Britaniya, Germaniya, Polsha, Vengriya, Latviya, BAA, Saudiya Arabistoni va Yaponiya kabi yangi yo‘nalishlar paydo bo‘ldi.

Mehnat migrantlari yuborgan pullar uzoq yillardan beri O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim o‘rin tutib keladi va aholi turmush xarajatlarining sezilarli qismini qoplaydi. Xususan, 2023 yilda mamlakatga 11,4 mlrd dollarlik pul o‘tkazmalari kirib kelgan. Bu yalpi ichki mahsulotning 11,2 foizdan ko‘proq qismini tashkil etadi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yili O‘zbekiston eksport qilgan oltin qiymati 8,1 mlrd dollar bo‘lgan.

Joriy yilning 9 oyida O‘zbekistonga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari miqdori 11,3 mlrd dollar bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34,8 foizga oshgan. Bu miqdor shu davrdagi yalpi ichki mahsulotning 14,2 foiziga teng. Pul o‘tkazmalarining o‘sishi Buyuk Britaniyadan 67 foiz, Janubiy Koreyadan 76 foiz, Polshadan 97 foiz, BAAdan 66 foiz bo‘lgan.

Pul o‘tkazmalari ko‘pincha iste’mol xarajatlarini qoplash, ta’lim, sog‘liqni saqlash va uy-joy olish kabi sohalarga sarflanadi, bu esa ichki talabni oshiradi va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi. Bundan tashqari, mamlakat valuta ehtiyojining sezilarli qismi migrantlar jo‘natgan pul hisobidan qondiriladi.

Nimaga O‘zbekistonda mehnat muhojirlari ko‘p?

O‘zbekistondan mehnat migrantlarining ko‘pligi bir nechta omillar bilan bevosita bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Birinchidan, mustaqillikka erishilgach, SSSRning markazlashtirilgan, rejali iqtisodiyot tizimidan bozor munosabatlariga o‘tish boshlandi. Tabiiyki, bunda sovetlar hukumati tomonidan juda past ish haqi evaziga bo‘lsa-da aholining to‘la bandligini ta’minlash siyosatidan voz kechiladi. Natijada mustaqillikning dastlabki davridan boshlangan yuqori ishsizlik va migratsion jarayon keyinchalik ham davom etib kelyapti. Chunki mustamlaka davrning oxirgi 30 yilligida O‘zbekiston aholisi qariyb 2,5 barobarga ko‘payadi. Ushbu davrda tug‘ilganlarning mehnat bozoriga kirib kelishi aynan mustaqillikning dastlabki yillariga to‘g‘ri keladi. Bu davrda ko‘plab yirik-yirik korxonalarning yopilib ketishi yoki og‘ir holatga tushib qolishi kuzatiladi. O‘zbekiston iqtisodiyotining eksport tarkibida xomashyo resurslari ulushining yuqoriligi ham ish bilan ta’minlash muammosini murakkablashtiradi.

Ikkinchidan, uzoq yillar davomida O‘zbekiston aholisining katta qismi qishloq xo‘jaligi sektorida mehnat qilib kelgan. Ayni paytda ushbu tarmoqqa kerak bo‘ladigan ishchilar miqdori qisqarib boryapti. Bu qishloq xo‘jaligining texnik bazasi rivojlanib borayotgani bilan bog‘liq. Rivojlangan davlatlarda ushbu sektorda mehnat qiluvchilar umumiy ishchilarning 5 foizgacha bo‘lgan qismini tashkil qiladi. O‘zbekistonda ham bu miqdor yildan yilga pasayib boryapti va ishchilarning bir qismi o‘ziga boshqa daromad manbai topishga majbur bo‘lyapti.

Uchinchidan, O‘zbekiston aholisi tinimsiz o‘sib boryapti. Mehnat bozoriga har yili 600 mingdan ortiq yoshlar kirib kelyapti, 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 1 millionga yetishi mumkin. Bunday sharoitda rivojlanayotgan mamlakat uchun aholining bandligini ta’minlash juda ham qiyin.

To‘rtinchidan, daromadlarning kamligi. Numbeo’ning yangilangan ma’lumotlari bo‘yicha o‘rtacha oylik “toza” ish haqi bo‘yicha mamlakatlar reytingida O‘zbekiston 96 mamlakat ichida 73-o‘rinni egallagan.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzuga oid