O‘zbekiston | 16:05 / 27.02.2026
9229
2 daqiqa o‘qiladi

Asadbek Jumayev 10 sutkaga qamaldi

Uzbelas Performance avtoservisi xodimi Asadbek Jumayevga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudining unga jarima solish haqidagi qarori bekor qilindi. Toshkent shahar sudi qaroriga muvofiq Jumayev 10 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosiga tortildi. 

Foto: Oliy sud

YPXga bo‘ysunmagan ikkita BMW voqeasining ishtirokchisi bo‘lganidan «faxrlanishi» va bu holatni tarqatgani uchun «kichkina jarima» bilan qutulib ketganini aytgan Asadbek Jumayevga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov xabar berdi.

Asadbek Jumayevga nisbatan yanvarda chiqqan sud qarori ustidan Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan kassatsiya tartibida protest kiritilgan. Mazkur sud qarori bilan Asadbek Jumayev BHMning 20 baravari – 8 mln 420 ming so‘m jarimaga tortilgandi.

Bugun, 27 fevral kuni Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida Asadbek Jumayevga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudining jarima solish haqidagi qarori bekor qilingan.

Toshkent shahar sudi qaroriga muvofiq, Asadbek Jumayevga MJtKning 195-2-moddasi (huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto- va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish) bilan 10 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. 

Avvalroq YPXdan qochgan BMW'lar ishi bo‘yicha prokuratura sud qaroriga protest kiritgani xabar qilingandi.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid