Jamiyat | 20:22 / 24.05.2016
13730
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda issiqdan asfalt erishni boshladi

Hindistonda rekord darajadagi issiqdan yo‘llardagi asfalt erishni boshladi. Issiq havo hukm surayotgan mamlakatning g‘arbiy shtatlaridan olingan, ushbu holat aks etgan kadrlarni NDTV kanali namoyish qildi.

Guvohlarning aytishicha, yo‘llarda ko‘p joylarda asfaltga yopishib qolgan oyoq kiyimlarini ko‘rish mumkin, odamlar yo‘ldan bazo‘r o‘tmoqdalar.

Video olingan Gujarot shtatida harorat 36 gradusgacha ko‘tarilgan. Rajaston shtatining Pxalodi shahrida umumhind harorat rekordi – 51 graduslik havo harorati qayd qilindi. Meteorologlar haroratning yanada ko‘tarilishidan ogohlantirishmoqda, shoshilinch xizmatlar ventilyator va konditsionerlarning ishlashi uchun zarur bo‘lgan elektr energiyaning muntazam o‘chib qolishi bilan kurashmoqdalar.

Umumiy hisobda issiq havo 13 ta shtatda kuzatilmoqda, bu shtatlarda 330 mln kishi yashaydi. Issiq urishidan yuzlab odamlar halok bo‘lgani ma'lum qilinmoqda. Hosili nobud bo‘lgan o‘n minglab fermerlar ocharchilikdan o‘tib olish uchun shaharlarga ko‘chib o‘tmoqdalar. Ularning ko‘pi o‘z joniga qasd qilmoqda. Rajaston, Maxarashtra va Gudjarot shtatlaridagi daryo, ko‘l va suv omborlari qurib qolgan.

Qoida bo‘yicha, may va iyun oylari Hindistonda eng issiq oylar hisoblanadi, bu oylarda harorat 40 gradusgacha ko‘tariladi. So‘ngra uzoq davom etuvchi musson yomg‘irlari keladi. Jaziramani yengib o‘tishda yordam beradigan yomg‘irlar bu yili deyarli yog‘magan. Bunday g‘ayritabiiy hodisaga nima sabab bo‘lgani borasida aniq javob yo‘q: ba'zi meteorologlar bunda Afg‘oniston va Pokistonning issiq shamollarini ayblashsa, boshqalar global isish va urbanizatsiyani ayblamoqdalar.