Jamiyat | 15:34 / 06.02.2018
136788
3 daqiqa o‘qiladi

Tanasidan ignalar topilgan chaqaloq hayotga qaytmoqda

Foto: KUN.UZ

​Kun.uz saytida 11 oylik chaqaloq boshidan kechirgan og‘ir jarrohlik amaliyoti haqida maqola e'lon qilingandi. Murg‘ak qalb egasi joriy yilning yanvar oyida Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi shifokorlari tomonidan olib borilgan 9 soatli jarrohlik amaliyotdan so‘ng ahvoli o‘ta og‘ir darajada ekanligi aytilgan. Kun.uz muxbiri Azizbekning sog‘lig‘i haqida so‘nggi ma'lumotlarni to‘plash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmatiga murojaat qildi.
 

«Amaliyot o‘tkazilganidan 20 kun o‘tgan bo‘lsa, bolakayning ahvoli ijobiy tomonga o‘zgarmoqda, deb aytish mumkin. Dastlabki ko‘rik chog‘ida uning sog‘lig‘i o‘ta og‘ir darajada baholangandi. Bugunga kelib, Azizbek o‘ta og‘ir holatdan og‘ir holatga qaytgan. U ko‘zini ochdi, ismi bilan chaqirsak, qaramoqda. Kunora cho‘miltirib, parvarish qilinyapti», deydi bolaning jarrohlik amaliyotida ishtirok etgan shifokor Habibulla Akilov.

Markaz Bolalar jarrohlik bo‘limi mudiri, professor Habibulla Akilovning aytishicha, yaqin oylarda bolani uy parvarishiga qaytarish imkoniyati paydo bo‘ladi.

«Sun'iy nafas olish uchun qo‘llaniladigan uskuna deyarli ishlatilmayapti. Bolakayni jonlantirish uchun tashqi ta'sir kuchni ishlatishga hojat qolmagan. Me'yoriy uyquga qaytdi, ovqatlanish va peshob haydashda ijobiy o‘zgarishlar bor», deydi shifokor.

Mutaxassislarning fikricha, Azizbekning tanasida hayotga muayyan xavf yetkazmay turgan 3 dona igna qolgan. Uzoq kelajakda ignalarni olib tashlash yoki shunday qoldirish bolaning hayotiga xavf yetkazmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 11 oylik chaqaloqning tanasidan topilgan ignalar bo‘yicha huquqni muhofaza etuvchi organlar tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari boshlangan. Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan ichki ishlar xodimi surishtiruv jarayonida ilgari surilayotgan farazlarni ma'lum qilgan.​

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Mavzuga oid