O‘zbekiston | 19:15 / 20.02.2017
81008
3 daqiqa o‘qiladi

Uzoq kutilgan «Dushanbe - Toshkent» reysi amalga oshmadi. Sabab?

Bugun, 20 fevral kuni Tojikiston poytaxti Dushanbedan Toshkentga kelishi kutilgan yo‘lovchi samolyoti kelmadi. 

Somon Air aviakompaniyasi ma'lumotiga ko‘ra, reys bekor qilingan. Kompaniyada aytilishicha, 25 yil ichidagi birinchi muntazam reys bo‘lishi kutilayotgan bu reys orqali 26 nafar yo‘lovchi O‘zbekistonga kelishi kerak edi. Reys bekor qilingach, chiptalar uchun to‘langan mablag‘lar yo‘lovchilarga qaytarilgan, ba'zilari boshqa yo‘nalish uchun almashtirib berilgan.

«Kun» tahririyati «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKning matbuot xizmati rahbariga shu masala yuzasidan ma'lumot olish uchun murojaat qildi.

Uning aytishicha, Somon Air tomoni reys amalga oshirilishi uchun tegishli rasmiyatchilik ishlarini bajarmagan, zarur hujjatlar jo‘natilmagan.

U Toshkent aeroporti Dushanbedan reysni qabul qilishga tayyor emasligi haqidagi taxminlarni inkor qilgan. Ayrim nashrlarda shu mavzuda aytilganidek, O‘zbekiston tomoni bu reysni asossiz ravishda «taqiqlab» qo‘ymagan. Bundan avvalgi xabarlarda Tojikiston aviakompaniyasidagi manbaga asoslangan holda Toshkent aeroporti bu reysni qabul qilishdan bosh tortgani aytilgandi.

Xususan, Somon Air rahbariyati bunday so‘zlar tarqalgani uchun «O‘zbekiston havo yo‘llari»dan uzr so‘ragan.

Yaqin vaqt ichida «O‘zbekiston havo yo‘llari» matbuot xizmati bu borada rasmiy izoh beradi.

Eslatib o‘tamiz, 10 fevral kuni Dushanbedan Toshkentga sinov reysi amalga oshirilgandi. Bu reys orqali Toshkentga Tojikiston aviatsiya tizimi delegatsiyasi va jurnalistlar kelgandi. O‘shanda 20 fevraldan boshlab muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borilgan.

Ma'lumot uchun, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi aviaqatnovlar 1993 yilda, qo‘shni davlatda yuzaga kelgan notinch vaziyat tufayli to‘xtatilgan edi.

O‘tgan vaqt mobaynida 2 marta parvozlarni qayta yo‘lga qo‘yishga kelishilgan, ammo bu kelishuvlar amalga oshmagandi.

Mavzuga oid