O‘zbekiston | 12:11 / 10.02.2017
30074
2 daqiqa o‘qiladi

Somon Air samolyoti Toshkentda: O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida 25 yil oldin to‘xtagan aviaqatnov qayta tiklandi

Bugun, 10 fevral kuni Tojikiston poytaxti Dushanbedan uchgan samolyot Toshkentga kelib qo‘ndi. Bu 25 yil ichida Tojikistondan O‘zbekistonga kelgan birinchi samolyotdir. Bu haqda Somon Air aviakompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Aviakompaniyaning bugungi reysi sinov reysidir. Aviakompaniya 20 fevraldan boshlab muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan. 

Bugun Toshkentga kelgan samolyotda Tojikiston aviatsiya tizimi delegatsiyasi, jurnalistlar hamda 14 oddiy yo‘lovchilar bor edi. Dushanbedan Toshkentga reys uchun chiptalar narxi 140 dollar.

«Somon Air rahbariyati Toshkent aeroporti ma'muriyati hamda «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasidagi hamkasblari bilan reyslarning ochilishi masalasida muzokaralar o‘tkazadi», - deyilgan xabarda.

Qishki mavsum yakuniga qadar reyslar haftasiga bir marta — dushanba kunlarida amalga oshiriladi.

Yozgi parvozlar jadvalida haftalik reyslar soni bittaga ko‘payib, dushanbadan tashqari, payshanba kuni ham qatnov amalga oshiriladi. Dushanbedan Toshkentgacha parvoz vaqti 45 daqiqani tashkil etadi.

Somon Air laynerlari Tojikistondan Germaniya, BAA, Turkiya, Xitoy, Rossiya va Qozog‘istonga parvozlarni amalga oshiradi. Kompaniya ixtiyorida Boeing 737-300, Boeing -800 va Boeing -900 samolyotlari mavjud.

Ma'lumot uchun, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi aviaqatnovlar 1992 yilda, qo‘shni davlatda yuzaga kelgan notinch vaziyat tufayli to‘xtatilgan edi.

Davlatlar o‘rtasida viza rejimi saqlanib qolmoqda.

«Somon Eyr» Toshkentga birinchi reys qachon amalga oshirilishini ma'lum qildi

«Somon Eyr» Toshkentga aviareyslar uchun chipta narxlarini ma'lum qildi

Mavzuga oid