Jahon | 12:00 / 18.12.2024
61611
4 daqiqa o‘qiladi

Moskvada rossiyalik general o‘ldirilishida O‘zbekiston fuqarosi gumonlanmoqda

Rossiya FXX xabarida aytilishicha, terakt tashkilotchisi Ukraina maxsus xizmati bo‘lib, ular ijrochiga 100 ming dollar mukofot hamda Yevropa Ittifoqiga chiqarib qo‘yishni va’da qilgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi FXX va IIV hamkorligida O‘zbekistonning 29 yoshli fuqarosini terrorchilik hujumi sodir etishda gumon qilib, qo‘lga oldi. U 17 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari boshlig‘i Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpovning o‘ldirilishida gumonlanmoqda.

Mahalliy nashrlar yozishicha, u so‘roq paytida Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan yollangani, buning uchun 100 ming dollar miqdorida pul mukofoti va Yevropa davlatlaridan biriga yashash uchun chiqishi kafolatlanganini aytgan.

«U Ukraina maxsus xizmatlarining ko‘rsatmasi bilan Moskvaga kelgan va qo‘lda yasalgan portlovchi moslamani Igor Kirillov yashagan turar joy binosiga kiraverishida turgan elektr skuteriga qo‘ygan. Harbiy xizmatchining yashash joyini kuzatish maqsadida u avtomashina ijaraga olib, u yerda videokuzatuv kamerasini o‘rnatgan. Ushbu kameradan olingan kadrlar Dnepr shahridagi terakt tashkilotchilariga onlayn tarzda uzatib turilgan. Harbiy eshikdan chiqib ketayotgani haqida videosignal olinganidan keyin portlovchi qurilma masofadan turib ishga tushirilgan»,deyiladi Rossiya tergov qo‘mitasi bayonotida.

Shuningdek, ushbu jinoyatni uyushtirishga aloqador boshqa shaxslar aniqlanmoqda. «Kommersant», RBK, «Izvestiya» nashrlari hamda «112» telegram-kanali ikkinchi gumonlanuvchi ham qo‘lga olinganini yozmoqda.

Mahalliy telegram-kanallarda hibsga olingan shaxsni so‘roq qilish jarayoni aks etgan video tarqatildi.

«Men Ukraina maxsus xizmatlari topshirig‘i bilan Moskvaga keldim. Keyin samokat sotib oldim. Bir necha oydan keyin bomba uchun buyumlar keldi, ularni oldim. Keyin hamma narsani tayyorlab, general yashaydigan uy yoniga qo‘yishdi. Keyin u uydan chiqqach, tugmachani bosdim. Nega bunday qildim, nima uchun? Menga 100 ming dollar va Yevropa pasporti taklif qilishdi», — deydi gumondor.

Shot va Baza ma’lumotlariga ko‘ra, generalni o‘ldirishda gumon qilinayotgan shaxsning ismi — Ahmad Qurbonov. U Balashixda yashagan va Moskva yaqinidagi Chernoye qishlog‘ida qo‘lga olingan.

General-leytenant Igor Kirillov va uning yordamchisi 17 dekabr kuni tongda Moskva shahri Ryazansk prospektidagi uyi oldida ro‘y bergan portlash oqibatida halok bo‘lgandi. Tergov ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lbola portlovchi qurilma uy pod’yezdi yonida turgan elektr samokatga o‘rnatilgan. Portlash kuchi ekvivalentni taxminan bir kilogramm trotilga teng bo‘lgan. Tergov qo‘mitasi terakt, qotillik va noqonuniy qurol saqlash moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgandi.

 

Mavzuga oid